Mutasaddilarning aybi bilan tibbiyot sohasidagi kamchiliklar barham topmayapti

14:17 31 Yanvar 2019 Jamiyat
739 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Soʻnggi ikki yil mobaynida sogʻliqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha 70 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Natijada birgina Andijon viloyatida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligi 10 barobar ortdi. Biroq tizimda kamchiliklar ham yoʻq emas.

Masalan, 2018-yilda viloyat boʻyicha tugʻuruqlar soni 65 ming 823 ta boʻlib, ularning 758 nafarini oʻlik holatda tugʻilgan goʻdaklar tashkil qildi. Afsuski, bu koʻrsatkich 2017-yildagiga nisbatan 24 nafar ortgan. 1 ming 986 nafar chaqaloqda 4 turdagi kasallik aniqlanib, ular doimiy nazoratga olindi. 10 nafar ona esa tugʻuruq bilan bogʻliq jarayonda vafot etdi. Bu holat Asaka tumanida 4 marta, Baliqchi, Jalaquduq, Ulugʻnor, Marhamat tumanlari va Andijon, Xonobod shaharlarida 1 martadan qayd etilganining oʻziyoq mazkur hududlarda fertil yoshidagi onalar salomatligiga eʼtibor qay darajada ekanini koʻrsatadi. Bu kabi muammolarning yuzaga kelishi tibbiyotning quyi tizimida hamon oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashuv, loqaydlik va befarqliklar borligidan dalolat.

Ushbu masalalar xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida atroflicha muhokama qilindi. Unda soʻz olgan viloyat hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Shuhratbek Abdurahmonov yuqoridagi salbiy fikrlarga oʻz munosabatini bildirdi:

— Mutasaddilar hatto masalani toʻgʻri qoʻyishni ham bilishmaydi. Sohani rivojlantirish uchun nima kerakligini ochiq-oydin aytish lozim. Ana shunda birinchi galda nimani bajarishimiz zarurligi oydinlashadi. Aks holda, ijobiy natijalar salbiy holatlar soyasida qolib ketaveradi.

Sessiyada, shuningdek, bajarilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Aytilishicha, viloyatda 2018-yilning oʻzida investitsiya dasturi doirasida 29 ta obyektda 77,5 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida 11 birlamchi tibbiyot muassasasi, 3 ta shifoxona va bitta tez tibbiy yordam boʻlimida qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Kadrlar taʼminotini yaxshilash maqsadida esa respublikamiz poytaxti va xorijiy davlatlardan mutaxassislar jalb etildi. Natijada kadrlar taʼminoti 95,2 foizga yetdi. 116 ta yangi xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi tufayli ularning soni 460 taga yetdi.

Tan olish kerak, viloyatda tibbiyot hamda farmatsevtika sohasini rivojlantirish boʻyicha katta ishlarga qoʻl urilyapti. Mazkur xayrli ishlarda quyi tizim vakillari, ayniqsa, mahalliy Kengashga saylangan deputatlar ham faollik koʻrsatsalar, maqsadga muvofiq boʻlardi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?