Mutasaddilar e’tiboridan chetda qolgan masalalar hal etilmoqda

09:30 23 May 2018 Jamiyat
351 0

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolari hududlarda bo‘lib, odamlarning og‘irini yengil qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashmoqda. Aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlarda fuqarolarning murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqilayapti, Prezidentimizning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid Farmon hamda qarorlari ijrosiga alohida e’tibor qaratilayotir.

Chunonchi, Oliy Majlis palatalariga Andijon viloyatidan saylangan deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhi Buloqboshi tumanida bo‘lib, hududda iqtisodiy infratuzilmani hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni ta’minlash, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ichki turizmni shakllantirish masalalarini o‘rganmoqdalar.

— Dastlabki ikki kunning o‘zida 300 dan ortiq xonadonlarda bo‘lib, ming nafardan ziyod fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazdik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid To‘xtaboyev. — Natijada aholini qiynab kelayotgan 200 ga yaqin muammolar qayd etildi. Ularning aksariyati tuman miqyosida hal qilinishi mumkin bo‘lganligini inobatga olsak, joylarda mahalliy aholi bilan muloqotni yanada shakllantirish, hududlarni kompleks rivojlantirish harakatlarini jadallashtirish dolzarb vazifa ekani yanada oydinlashadi. 11 ishchi guruhi tarkibidagi deputat hamda senatorlar aholining 30 dan ziyod murojaatlarini joyida hal etgan bo‘lsalar, qolganlari yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joizki, o‘rganishlar chog‘ida murojaatlarning aksariyati avvalgilari kabi shaxsiy masalalarda bo‘lmay, balki mahalla tashvishi bilan bog‘liq ekanligi ayonlashdi. Bu esa, parlament a’zolarining fikricha, fuqarolarda bugun jamiyatdagi qizg‘in jarayonlarda faol qatnashish mas’uliyati tobora ortayotganini ko‘rsatadi.

Deputat va senatorlar, shuningdek, mahalliy davlat organlari, ijtimoiy soha ob’ektlarida ham bo‘ldilar, ular tomonidan 30 dan ortiq muammoli holatlar aniqlandi. Misol uchun, “Rivoj” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 21-umumta’lim maktabiga qarashli binoni olaylik. U bir paytlar maktabning qo‘shimcha o‘quv binosi bo‘lgan. Ayni paytda esa qarovsiz holda. Undan foydalanish imkoni mavjud ekanligiga qaramay, afsuski, bu mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmoqda. Xalq vakillari sa’y-harakati bilan tez kunlarda mazkur inshootda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida bir necha yillardan buyon hal qilinmayotgan masalalar ham o‘z yechimini topmoqda. Murojaat etuvchilardan biri — Qobiljon Egamberdiyev “Qumguzar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Mahalladagi xonadonlarda elektr energiyasidagi uzilishlarga tegishli idoralar orqali yechim topa olmagach, shaxsiy mablag‘i evaziga yuqori kuchlanishli transformator sotib oldi. Ko‘pchilik manfaati uchun qilingan bu ish, afsuski, tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Natijada mahalladagi holat muammoligicha qolib ketdi.

— Deputat hamda senatorlar aralashuvi bilan mahallamizga yangi transformator o‘rnatiladigan bo‘ldi, — deydi Q. Egamberdiyev. — Bundan aholi juda xursand. Endilikda xonadonlarimiz elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanadi.

Aytish joizki, parlament a’zolarining aholi bilan uchrashuvlari shu oyning oxiriga qadar davom etadi. Bu vaqt mobaynida ular tumanning 37 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 137 ming 76 nafar fuqaro bilan muloqotda bo‘ladilar.

Xalq vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani aholisi bilan uchrashuvlari ham qizg‘in o‘tmoqda. Asosiy e’tibor hududning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga qaratilayapti.

— Temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, o‘n besh kishining bandligi ta’minlangan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yganimizga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, — deydi tumandagi “Temir-beton Xiva” xususiy korxonasi rahbari Hurmat Polvonov. — Deputatlar bilan uchrashgach, hal bo‘lmayotgan muammo o‘z yechimini topdi. Ya’ni korxonamizda mahsulot ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va yangi texnika xarid qilish uchun 1 milliard so‘mlik kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. E’tiborlisi, qo‘shimcha o‘nta ish o‘rni yaratiladi. Bu esa, albatta, ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Muassasamizning jihozlari eskirgan, yangilashga muhtoj edik, — deydi tumandagi “Qutlug‘ makon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 1-maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Elmira Orazbayeva. — Deputatlar e’tibor qaratgach, masala hal bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida deputatlar yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, tumanning iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablar, kasb-hunar kollejlari, tuman tibbiyot birlashmasi hamda unga qarashli oilaviy poliklinikalar faoliyatiga ham jiddiy ahamiyat qaratishayapti, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish bo‘yicha o‘z maslahatlarini berayotir.

Parlament a’zolarining hududlarda aholi bilan muloqotlari davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV,
Hidoyat AHMEDOV,
«Xalq so‘zi» muxbirlari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?