Qabristonlar ziyoratidan saqlanishni soʻraymiz — Musulmonlar idorasi Qurbon hayitini nishonlash boʻyicha tavsiyalar berdi

22:51 30 Iyul 2020 Jamiyat
296 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash boʻyicha quyidagi tavsiyalarini eʼlon qiladi:

  1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020-yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti – Iydul adha namozini oʻqish moʻmin-musulmonlarning zimmasidan soqit boʻlishini maʼlum qiladi.
  2. Qurbon hayiti kuni moʻmin-musulmonlarga oʻz xonadonlarida quyosh terak boʻyi koʻtarilgandan keyin toʻrt rakatli nafl namozi oʻqishlari tavsiya etiladi.
  3. Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini oʻqib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik goʻshti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambagʻal va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada koʻpchilik boʻlsa, uyda qoldirsa ham boʻladi.
  4. Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab boʻladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, maʼraka-marosimlarni oʻtkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanishni soʻraymiz. Xonadonda, oila-aʼzolari bilan birga Qurʼoni karim oyatlaridan tilovat qilib, oʻtganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.
  5. Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatimizni yana-da ziyoda boʻlishiga sabab ekani toʻgʻrisidagi targʻibot ishlari amalga oshirilsin.

Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yogʻilib turgan ushbu kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan Oʻzi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?