Musulmonlar idorasi karantin vaqtida masjidlarda namoz o‘qish bo‘yicha bayonot berdi

11:44 05 Iyun 2020 Jamiyat
765 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining karantin davrida masjidlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan bayonoti eʼlon qilindi.

"Hurmatli yurtdoshlar!

Allohga shukrki, mamlakatimizda koronavirus kasalligi bilan bogʻliq vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarib borishi barobarida hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifaga ajratilgan holda karantin mezonlari yumshatib borilmoqda.

Xalqimiz pandemiya sharoitida mehnat qilish va yashash sharoitiga asta-sekin oʻrganmoqda. Respublika maxsus komissiyasi xabarida karantin talablariga amal qilish asosida ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi. Jumladan, masjidlar 2020-yil 8-iyundan boshlab faqat “yashil” hududlarda faoliyatini boshlashi, ushbu maskanlarda 5–8-iyun kunlari sanitar choralar koʻrilishi eʼlon qilindi.

Haqiqatan, barcha moʻmin-musulmonlarimiz masjidlarda namoz oʻqishni juda sogʻinishdi, buni ilhaqlik bilan kutayotgandilar. Alhamdulillah, masjidlar eshiklari moʻmin-musulmonlarimizga yana ochildi, karantin mezonlariga amal qilgan holda “yashil” hududlarda fayzli ibodatlarni boshlaymiz. Qolgan “sariq” va “qizil” hududlarda yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, u yerlarda ham masjidlar faoliyatiga ruxsat etiladi, insha Alloh.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar faoliyatini karantin davrida tashkil etish, masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va ibodatlarni ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash borasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tuman-shahar kesimida “yashil” hudud sifatida toifaga ajratilgan mintaqalardagi masjidlarda 2020-yil 8-iyun, dushanba kuni bomdod namozidan boshlab, kunlik besh vaqt farz namozlarini ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda (1,5-2 metr) ado etish.

Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish boʻyicha quyidagi talablar belgilandi:

- masjidning kirish joyini dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari bilan taʼminlash;

- har bir namozxon tibbiy niqobda boʻlishi, masjidga kirishda qoʻllarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;

- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish, tana harorati 37ºS va undan yuqori boʻlgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;

- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovinlar bilan taʼminlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanish saqlangan hollarda foydalanish;

- masjidda qoʻl berib yoki quchoqlashib salomlashish taqiqlanishi;

- masjid binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;

- masjid hududida har qanday koʻrinishdagi savdo-sotiqni tashkil etmaslik, hadya va sovgʻalar tarqatmaslik;

- rasman ruxsat berilgunga qadar juma namozlari tashkil etilmaydi;

- masjid xodimlari va koʻngilli namozxonlardan yordamchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan masjid hududida karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

- masjidlar faoliyati joylardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talablariga muvofiq tashkil etilishini taʼminlash kabi tavsiyalar joriy etiladi.

Respublika hududlarini “yashil”, “sariq” va “qizil” toifaga ajratilishidagi oʻzgarishlar rasmiy matbuotda va Oʻzbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz saytida eʼlon qilib boriladi.

Masjidlar faoliyati hududlar toifalari oʻzgarishiga qarab, muvofiqlashtirilib boriladi. Xususan, hududga “qizil” yoki “sariq” toifa berilishiga koʻra undagi masjidlar faoliyati vaqtinchalik toʻxtatiladi.

Qoraqalpogʻiston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari ushbu tavsiyalarni amalga oshirilishini taʼminlaydi va belgilangan vazifalarning bajarilishiga masjid imom-xatibi masʼul hisoblanadi.

Maʼlumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq mushkul vaziyatni boshimizdan oʻtkazmoqdamiz. Hali xotirjamlikka oʻrin yoʻqligini taʼkidlagan holda “qizil” va “sariq” hududlarda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish shartligini yana bir bor taʼkidlaymiz.

Oʻz navbatida, yana bir haqiqatni eslatib oʻtishni zarur, deb bilamiz. Alloh taolo Qurʼoni karimda insonlarni sinovli kunlarida sabr-qanoatli boʻlishga daʼvat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qilgan.

Chindan ham, har qanday tashvish ortida yengillik va yorugʻlik bor. Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida koronavirus kasalligining oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli Haq taoloning yordami ila bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti.

Shu maʼnoda, bugungi qiyinchiliklar albatta oʻtib ketadi, hali masjidlarni toʻldirib jamoatlar boʻladi, xatmi Qurʼonlar oʻqiladi va ulugʻ ayyomlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, insha Alloh.

Zero, Alloh taoloning uyida qilingan ibodatlar va duoyu tazarrular boisidan yurtga fayzu baraka kiradi va baloyu ofatlar uzoq boʻladi.

Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuhu", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?