Mustaqillikka 29 yil: Yuksak maqsadlar bilan boshlangan ishlar, albatta, ijobat boʻladi

17:10 27 Avgust 2020 Siyosat
393 0

Dunyoning hech bir mamlakati oʻz sanoatini rivojlantirmasdan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlariga ega boʻla olmaydi. Mamlakatda sanoatning taraqqiy etmagani uning arzon xomashyo yetkazib beruvchi, barcha turdagi sanoat va tayyor mahsulotlarni boshqa mamlakatlardan import qiluvchi va ularga qaram boʻlgan iqtisodiyoti zaif mamlakatga aylantiradi.

Shukrki, Mustaqillik tufayli koʻp sohalar qatori mamlakatimiz sanoat sohasida ham katta yutuqlarga erishildi. Milliy iqtisodiyotimiz nafaqat hajm jihatidan, balki sifat jihatdan ham tubdan oʻzgardi. Agar mustaqillik yillarining boshlarida YAIM hajmi 13,6 mlrd. AQSH dollari va uning tarkibida sanoat ulushi 17,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda YAIM hajmi 60,4 mlrd. AQSH dollari va unda sanoatning ulushi 30,9 foizga yetdi. Ayniqsa, oxirgi 3 yil davomida geologiya, energetika, neft-gaz, farmatsevtika, qurilish va qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, tekstil, avtomobil sanoatlarida yangi quvvatlarni ishga tushirish va modernizatsiyalash, sohaga investitsiyalarni jalb etish natijasida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga aylandi.

2020-yilning birinchi yarim yilligida 70,3 trln. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoat tarkibida togʻ-kon sanoatining ulushi 10,3 foizni, ishlab chiqaradigan sanoat ulushi 81,2 foizni, elektr, gaz, bugʻ bilan taʼminlash va havoni konditsiyalash sanoatining ulushi 7,9 foiz va boshqa yoʻnalishlar ulushi 0,6 foizni tashkil etdi. Faqatgina 2020-yilning birinchi yarim yilligining oʻzida yangi sanoat obyektlari va mavjud korxonalarning quvvatini oshirish boʻyicha 4,6 mlrd. AQSH dollarilik 145 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, buning natijasida 9772 ta yangi ishchi oʻrinlari tashkil etildi.

Hozirgi murakkab pandemiya sharoitida ham Oʻzbekistonda iqtisodiyotning pasayishini jilovlashga erishishi ham aynan mamlakatimizda oʻz vaqtida sanoat sohasiga kiritilgan investitsiyalarning samarasini bera boshlaganligida, deb hisoblash mumkin. Har bir korxona faoliyati toʻxtashiga ham favqulodda holat, deb qaralishi, soliq organlarining tadbirkorlarga koʻmakchi, tadbirkor islohotchi singari yondashuvlar asosida ish tashkil etilishi korxonalarning kelgusi muvaffaqiyatlari uchun xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 21-avgust kuni Prezidentimiz poytaxtning Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurishi ham mamlakatimizda sanoatni yana-da ham rivojalantirish uchun zamin yaratib berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Davlat rahbarining sanoatni ilm bilan uygʻunlashtirish, sanoatning yuragi boʻlgan salohiyatli konstruktor, muhandislarni tayyorlash, tarmoqlar va hududlararo koopersiyani rivojlantirish uchun yagona elektron platforma joriy etish, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ustuvorlik berish orqali ularni ragʻbatlantirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar va asbob uskunalar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratish muhimligi boʻyicha bergan topshiriq va tavsiyalari sanoatimiz rivojlanishini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun asos boʻldi, deb hisoblayman.

Albatta, har sohada boʻlganidek sanoat sohasida ham marralar yuqori olingan. Koʻzlangan maqsadga erishish uchun Hukumatimiz tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlash, sanoat korxonalari uchun zarur boʻlgan infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritish, tadbirkorlar va investorlar faoliyatiga davlat aralashuvini qisqartirish boʻyicha ishlarni yana ham kuchaytirish zarur boʻladi. Tarmoq, hudud rahbarlari hamda tadbirkorlarimizdan esa aql, ilm bilan, shijoat koʻrsatib, yagona maqsad yoʻlida mushtarak boʻlib, eng asosiysi, halol va vatanparvar boʻlish talab etiladi. Zero, pok niyatlar bilan boshlangan ishlar, albatta, ijobat boʻladi.

Nodirbek TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Sanoat, qurilish va savdo masalalari

qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?