Mustaqillik maydonida bir daraxt bor

15:21 10 May 2018 Jamiyat
1372 0
Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

Maktabni bitirib, hujjatlarimni institutga topshirish uchun Toshkentga kelishimda tuman markaziga ham chiqmagan onam menga hamroh bo‘ldilar. To‘g‘ri shahar markaziga – hozirgi Mustaqillik maydoniga kelib, onamni yuklarim bilan bir daraxt ostidagi o‘rindiqqa joylashtirdim-da, o‘zim hujjat topshirish uchun institutni izlab ketdim.
Kun bo‘yi navbatda turib, hujjatlarimni topshirgach, izimga qaytdim. Vaqt allaqachon kech bo‘lib qolgan edi. Onajonim yo‘limga ko‘z tikib, xavotirlanib o‘tirgan ekanlar. 

— Ishing bitdimi, qizim? — deb so‘radilar yuz-ko‘zlarida horiganlik alomatlari sezilib turgan bo‘lsa-da, o‘zlarini tetik tutishga urinib.
Hujjatlarimni topshirganimni eshitib, men o‘qishga kirgandek suyunib ketdilar. O‘sha yili omadim kelib, o‘qishga qabul qilindim, talaba bo‘ldim — bunga o‘shanda daraxt ostida meni kutib o‘tirgan onajonimning qayta-qayta qilgan duolari sabab bo‘lgan edi, deb o‘ylayman.

Onajonim Halima aya ismlari jismlariga mos — muloyim, munis, mushfiq, kamtar va mehrda benazir inson edi. O‘zbek ayolining haqiqiy timsoli edi, desam hech qachon yolg‘on bo‘lmaydi.

Yo‘lim tushib, har gal Mustaqillik maydoniga borganimda, onamni birinchi marta Toshkentga olib kelib, soatlab kutishga majbur qilgan joy — o‘sha daraxt tomon qarayverar edim. Xuddi onajonim meni hamon kutib turganlaridek tuyulaverardi, yurak-bag‘rim ezilaverardi. 

1999 yili bu yerda Xotira maydoni va Motamsaro ona haykali bunyod etildi. Majmuaning ochilish marosimiga borib, hayratlanib qoldim. Majmua xuddi o‘sha daraxt turgan joyda barpo etilgandi. Ona haykalini ko‘rganimda, vujudimni yana qattiq hayajon qoplab oldi — qarshimda onajonim turardi...
Doim musofirchilikda yuradigan qizining, o‘g‘illarining yo‘llariga ko‘z tikib o‘tiradigan duogo‘y onajonim...
Hayajonga tushgan bir men emasdim. 
“Xuddi onamga o‘xshar ekan”...
“Xuddi momomga o‘xshar ekan”... 
Bunday so‘zlarni aytib, ko‘z yoshlarini tiyolmaganlar ko‘p edi. Shunda bir narsaga amin bo‘ldim — hamma onalar bir-biriga o‘xshar ekan. Mehribonligi, beminnat mehri bilan. Doim farzandining yo‘liga ko‘z tikishi, doim kutishi bilan... 

Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ming-minglab yurtdoshlarimizning, bedarak ketgan, mayib-majruh bo‘lib qaytgan o‘zbekistonlik o‘g‘lonlarning ham, umuman, hammamizning onalarimiz bir-biriga juda o‘xshaydi — Xotira maydonida buni yanayam teranroq his etish mumkin. 

O‘sha mash’um urushning birinchi kunlaridanoq ko‘ngilli bo‘lib ketgan yurtdoshlarimiz orasida bobom – Akrom Salohiddinov ham bo‘lgan. Hali chimildig‘i yig‘ilmay, 22 kunlik kelinchagini tashlab ketgan bobom uch yil otliq askarlar komandiri bo‘lib jang qilgan. Ammo mash’um urushning uchinchi yili Kursk ostonasida bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan. Esimda, Akrom bobomning akasi – Hotamboy bobom ukasining o‘zga ellarda qolib ketganidan, biror joyda qabri yo‘qligidan o‘kinardi.

Xotira maydoni tashkil etilgach, u yerdagi “Xotira kitobi”da ukasining nomi borligini eshitib, saksondan oshgan bobom ukasi bilan hoziroq diydorlashadigandek Toshkentga oshiqdi. Nomlari abadiylashtirilgan yurtdoshlarimiz qatorida ukasining nomini ko‘rib, jigarini hozirgina yo‘qotib qo‘ygandek yig‘lagandi. Bunday xayrli, savobli ishga bosh qo‘shganlarni chin dildan duo qildi. Bugun ukasining qabri – Xotira maydoniga kelib ko‘z yosh to‘kkan bobom ham, mana shu maydondagi bir daraxt tagida, nafaqat daraxt tagida, balki har doim yo‘llarimga ko‘z tikkan onajonim, Ikkinchi jahon urushida qon kechib jang qilgan minglab o‘zbek o‘g‘lonlarining xotiralari biz uchun muqaddas, hech qachon unutilmaydi. 
Mustaqillik maydonida bir daraxt bor, bu — Xotira, Ezgulik, Mangulik daraxtidir!
Hulkar HOTAMBOYЕVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?