Mustaqillik huquq demakdir

12:10 24 Avgust 2020 Siyosat
296 0

Mustaqillik – insonning erkin va ozod ravishda, oʻz ixtiyori bilan boshqalarga boʻysunmasdan ish yurita olishi, millat, davlat va jamiyat hayoti, ularning taraqqiyotini, ustuvor maqsad va vazifalarini mustaqil tarzda amalga oshirilishini anglatadigan tushuncha.

Mustaqillik barcha jabhalardagi har qanday kamsitish, tobelikni inkor etadi, oʻzaro hurmat, bir-birini qadrlash va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish koʻrish, keng dunyoqarash va erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, oʻz hayotini emin-erkin oʻzi tashkil etish imkoniyati va amaliyotini bildiradi.

Biz uchun mustaqillik, eng avvalo, oʻz taqdirimizni qoʻlimizga olish, boshqara olish, oʻzligimizni anglash, milliy qadriyatlarni, urf-odatlarimizni tiklash, har bir xonadonda tinchlik, osoyishtalik, barkamollikni saqlashdir.

Asosiysi, bundan 29 yil avval berilgan imkoniyat amaliyoti – bizga berilgan huquqdir. Bu – yurtimizning tabiiy boyliklariga egalik qilish huquqi, xalqimiz qudrati, salohiyati, aqli zakovatiga tayanish huquqi, Oʻzbekistonda yashayotgan har bir inson, har bir oila uchun munosib hayot kechirish huquqi, kelajak avlodlar uchun har tomonlama yuksalayotgan, rivojlanayotgan Vatan qoldirish huquqi, jahon hamjamiyatida oʻz ovoziga ega boʻlish teng huquqi.

Mustaqillik tufayli aynan ana shu huquqlar amaliyoti asnosida Oʻzbekistonni dunyoning 170 dan ortiq mamlakati tan oldi, 125 dan ortiq mamlakatlar bilan rasmiy diplomatik munosabatlar oʻrnatdik.

Shu bilan birga, mustaqillik yillarida davlatimizning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi huquqiy tamoyillari ishlab chiqildi.

Salkam oʻttiz yillik mehnatimiz, saʼy-harakatlarimiz, intilishlarimiz, maqsadlarimiz sari ishonchli odimlarimiz, eng asosiysi, huquqiy mukammal jamiyat barpo qilish maqsadida jadal olib borilayotgan islohotlar natijasida millatimiz, mamlakatimizning jahonda obroʻ-eʼtibori, shon-shavkatini koʻtaradigan avlod yetishdi, har jihatdan barkamol va fidoyi oʻgʻil-qizlar tarbiyalanmoqda, voyaga yetmoqda va oʻz baxtini oʻzi yaratmoqda.

Hozirgi pandemiya sharoitida zamon oʻzgarayotgani, insoniyat oʻzgarayotganining guvohi boʻlmoqdamiz. Hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga oʻrganmoqdamiz. Zero, barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda va shu yoʻlni toʻgʻri deb bilmoqda.

Darhaqiqat, davrning, hayotning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun barchamiz har kuni oʻqib-oʻrganishimiz, oʻz ustimizda ishlashimiz, bilim va saviyamizni doimo oshirib borishimiz, oʻz huquqimizni bilib, boshqalarga uni hurmat qilishga oʻrgatib, ishontirib, inontirishimiz kerak.

Xoʻsh, bu istiqloliy muvaffaqiyatlarga nimalar evaziga erishdik?

Avvalo, oqilona olib borilgan siyosat tufayli Oʻzbekistonimiz sanoati tez surʼatlar bilan oʻsib, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan davlatga aylandi.

Qisqa fursat mobaynida mamlakatimizda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida fuqarolarning koʻplab murojaat va muammolari qonuniy hal etila boshladi.

Jamiyatda tadbirkorlik muhiti jonlantirib yuborildi. Ishbilarmonlarga davlat tomonidan qulay imkoniyatlar yaratib berilyapti. Har bir oilada tadbirkorlikka, oʻzini oʻzi boqishga, real daromadga ega boʻlishga moyillik hissi shakllantirilmoqda, tashabbuslar ragʻbatlantirilmoqda. Bularning bari mamlakatda ishlab chiqarish va xizmatlarning misli koʻrilmagan turlari, koʻplab yangi ish joylari yuzaga kelishiga asos boʻlyapti. Xalq ong-tafakkuri, dunyoqarashining oʻzgargani – mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimiz.

Bashariyat tarixi shundan guvohlik beradiki, hech bir mamlakat oʻzi yolgʻiz holda taraqqiy etgan emas. Chunki murakkab dunyoning koʻpdan-koʻp muammolari aynan hamkorlikda, doʻstona tarzda hal etiladi. Shu jihatdan qaraganda, Oʻzbekistonimizda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish orqali davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, qoʻshnilarimiz bilan raqobat qilish emas, balki hamkorlik qilish, mintaqamizdagi muammolarni birgalikda hal etish tamoyiliga qatʼiy amal qilinadi.

Davlatning xalqqa bunday qayishishi natijasida odamlarning ruhiyatida katta oʻzgarish yuz berdi. Fuqarolarning ijtimoiy faolligi ortdi, siyosiy xabardorlik darajasi koʻtarildi.

Siyosiy maydonda xalqchil va hayotiy gʻoyalari bilan oʻz oʻrni va obroʻsiga ega boʻlgan Oʻzbekiston “Adolat” SDP ham oʻzining 25 yillik faoliyati davomida Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida huquqiy demokratik, ijtimoiy davlat va barcha uchun farovonlik taʼminlangan adolatli fuqarolik jamiyatini qurish borasida bir qator amaliy tashabbuslarni hayotga tatbiq etib kelmoqda. Partiyaning kelgusi faoliyatida ham inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligi mezonlari asosida taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qoladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, bugun biz oʻta tahlikali va qaltis zamonda yashayapmiz. Yon-atrofimizda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik-osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek saqlashimiz zarur. Millatlar va fuqarolar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yana-da mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh boʻlib, tinchlik uchun kurashib yashash bugun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Buni har birimiz chuqur his etishimiz darkor. Shuni ham unutmasligimiz kerakki, bugungi tinchlik-osoyishtalik oʻz-oʻzicha taʼminlanayotgani yoʻq. Mustaqillikni mustahkamlash, uni himoya qilish hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Zero, Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?