Mustaqillik farzandlari yangicha dunyoqarashi, chuqur bilim va zakovati bilan yurtimiz ravnaqida muhim burilish yasaydi

10:06 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
76 0

Taraqqiyotga erishishning oʻzi boʻlmaydi. Buning bir qator shartlari mavjud. Eng avvalo, jamiyatdagi turli illatlar — befarqlik, korrupsiya va adolatsizliklarga barham bermay turib koʻzlangan ulugʻvor maqsadlarga erishishning imkoni yoʻq.

Yana bir muhim masala borki,u nafaqat mamlakat, balki millatning ertangi taqdiri bilan bogʻliq. Prezidentimiz bot-bot takrorlayotganidek, taʼlim biz uchun yo hayot, yo mamot masalasidir. Joriy yilning 23-avgust kuni umumtaʼlim maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, oʻqituvchilar obroʻsini koʻtarish, mamlakatimizda taʼlim tizimi va uning salohiyatini yanada oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham davlatimiz rahbari bu haqiqatni yana bir bor taʼkidladi.

Qolaversa, bugun mamlakatimiz aholisining salkam 50 foizini 18 yoshgacha, 60 foizdan koʻprogʻini esa 30 yoshgacha boʻlgan navqiron avlod ­vakillari tashkil etadi. Shu bois ham Prezidentimiz yoshlar masalasiga ­bejiz katta eʼtibor qaratmayaptilar. Bugungi kunda shaxsan davlatimiz ­rahbarining tashabbuslari asosida taʼlimning tamal toshi — maktabgacha taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, 11 yillik taʼlim ­tizimiga oʻtilgani, oʻqituvchilarning jamiyatimizdagi obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirishga qaratilgan tarixiy islohotlar yuqoridagi fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Keling, bu haqda atroflicha toʻx­talsak. Bola asosiy koʻnikmani juda yoshligidan oladi. Shuning uchun maktabgacha taʼlim bugungi kun talablariga javob beradigan tizim sifatida ­shakllantirilib, alohida vazirlik tashkil etildi.

Eʼtirof etish kerakki, bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida soʻnggi uch yil davomida maktabgacha taʼlim muassasalari (MTM) soni ikki barobar ortdi. Agar 2017-yilda 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 2 million 541 ming ­nafarni tashkil etgan boʻlsa, ulardan 678 ming nafari (27 foizi) MTMga qamrab olingan. 2019-yil 1-iyul holatiga koʻra,bu koʻrsatkich 1 million 66 ming nafarga (40,5 foiz) yetdi.

Mazkur sohaga malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-maydagi “Maktabgacha taʼlim uchun kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizning 97 ta pedagogika kolleji Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi.

Eng asosiysi, maktabgacha taʼlim muassasalarining nafaqat tashqi qiyofasi, balki bu yerdagi taʼlim jarayonining mazmun-mohiyati ham tubdan oʻzgartirilmoqda. Maqsad — bola maktabgacha taʼlim muassasasida chuqur bilim olib, tayyor holda maktabga borsa, oʻzlashtirishi oson kechadi. Maktabda yaxshi oʻqigan bola esa, oliy oʻquv yurtida ham chuqur ilm oladi. Malakali mutaxassis boʻlib shakllanadi. Qarabsizki, mamlakatimiz xalq xoʻjaligi uchun yuqori koʻnikmaga ega kadrlar boʻlib yetishadi.

Ayni shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Maktabgacha taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi maromiga yetkazilib, Senatga yuborilish arafasida turibdi. Mazkur qonun ham sohani tartibga solishda katta ahamiyatga ega boʻladi.

Respublikamizda yoshlarimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda, xalq taʼlimi tizimida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Mavjud maktablarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda. Qurilish-taʼmirlash, rekon­s­truksiya qilish ishlari keng quloch yozdi. Yangidan-yangi zamonaviy maktablar barpo etilyapti. Darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash holati yaxshilanayotir. Hozirgi kunda tizimda darslik, oʻquv-metodik qoʻllanmalarni nashrga tayyorlashda asosiy eʼtibor mazmun, sifat jihatidan xalqaro talablarga javob berishiga qaratilmoqda. Oʻqituvchi omiliga boʻlgan eʼtibor kuchaytirildi. Oʻqituvchi va maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining oylik maoshi sezilarli darajada oshirildi. Bu esa taʼlim sifatining yaxshilanishida muhim omil boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-dekabrdagi qarori bilan 2019-yilda respublikamiz boʻyicha 88 ming 246 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 507 ta (shundan 34 ta yangi qurilish, 299 ta rekonstruksiya qilish, 174 ta mukammal taʼmirlash) umumtaʼlim maktabida jami 898,5 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan boʻlib, ayni paytda bu yumushlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda 9710 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 215 ta “Barkamol avlod” bolalar badiiy ijodiyot markazi, 22 ta Mehribonlik uyi faoliyat koʻrsatmoqda. Mazkur taʼlim muassasalarida 6 mil­lion 172 mingdan koʻproq farzandlarimiz taʼlim-tarbiya olyapti. Ularga 440 mingdan ziyod oʻqituvchi va murabbiylar ustozlik qilayotir.

Yaratib berilayotgan ana shunday shart-sharoitlar tufayli bugungi kunga kelib, maktabda oʻqiyotgan farzandlarimiz turli xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilayotgan fan olimpiadalarida, xalqaro tanlov, sport musobaqalari va sanʼat festivallarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida mamlakatimizda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida Taʼlimning ­xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus, professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tashkil qilinadi. Yaʼni yoshlarimiz oʻz xohish-istaklari asosida xalq xoʻjaligining turli yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassis-kadrlar boʻlib yetishishlari uchun yana bir katta imkoniyat ­berilmoqda.

Oliy taʼlim tizimida jarayonni sifat va mazmunan boyitish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiyani joriy etish, darslik va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash, oliy oʻquv yurt­larining moddiy-texnika bazasini ­mustahkamlash, ularga koʻproq mustaqillik berish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy oʻquv yurtlaridagi tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi salbiy illatlarga chek qoʻyish, ularning oldini olish ular ­faoliyatida ustuvorlik kasb etmoqda.

Oliy oʻquv yurtlarida ishlayotgan professor-oʻqituvchilarning oylik ­maoshi bir necha barobar oshirildi. Ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, moddiy-maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish masalalariga eʼtibor kuchaytirildi. Oliy taʼlim muassasalari eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanmoqda. Moliya masalalarida ham ularga muayyan erkinliklar berildi. Eng asosiysi, bogʻcha tarbiyachisidan tortib, maktab va oliy taʼlimda faoliyat yuritayotgan barcha oʻqituvchilarni turli jamoat tadbirlari, xususan, qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb etish qatʼiy taqiqlab qoʻyildi.

Shu oʻrinda kishini quvontiradigan yana bir dalilga toʻxtalsak. Oʻtgan davr mobaynida oliy oʻquv yurtlari, ularning filiallari soni va oliy taʼlimga qabul koʻrsatkichlari keskin ­ortdi. Agar mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizda 40 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ­bugungi kunga kelib, ularning soni 111 taga yetdi. Jumladan, 2 ta aka­demiya, 24 ta universitet,33 ta ins­titut, 1 konservatoriya, 1 milliy raqs maktabi hamda oliy taʼlim ­muassasalarining 30 ta filiali, xorijiy mamlakatlarning 20 ta oliy oʻquv yurti filiali faoliyat koʻrsatyapti.

Ayni kunlarda mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida 380 mingga yaqin yoshlarimiz bakalavriat va magistratura yoʻnalishida tahsil olayotgan boʻlsa, ularga 27 mingga yaqin professor-oʻqituvchilar saboq beryapti.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bugungi kunda mamlakatimizda 1 milliondan ortiq farzandlarimiz maktabgacha ­taʼlim muassasalariga borsa, 
6,5 milliondan koʻproq yoshlar umumtaʼlim maktablarida, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqda. Ularga esa yarim millionga yaqin ustoz-murabbiylar taʼlim-tarbiya berayotir.

Bu salmoqli raqam, albatta. Demak, tez orada sizu bizning safimizga mus­taqillik farzandlari — kuchli bilim va tafakkur, yangicha dunyoqarash egalari kelib qoʻshiladi. Yangi avlod,yangi kuch maydonga chiqadi. Bugungi yutuqlar va muvaffaqiyatlarimiz bir necha karra ziyoda boʻlishida navqiron avlodning hissasi katta boʻlajak. Zero, ularga davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi katta ishonch bildirib, qoʻllab-quvvatlab turibdi. Ajdodlariga munosib avlod esa xalqimizning, ­Prezidentimizning ishonchini, albatta, oqlaydi.

Abdugʻaffor QIRGʻIZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fan, taʼlim, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi raisi,

tarix fanlaridoktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?