Mustaqillik «Davlat — mashina, odam — uning bitta vintchasi» degan teskari mantiqqa qurilgan qoidani bekor qildi — deputat

10:49 25 Avgust 2020 Siyosat
317 0

Odam koʻz oʻngida kechayotgan oʻzgarishlarga tez oʻrganadi, tez koʻnikadi, shuning uchun ularni birdaniga payqayvermaydi, deyishadi. Ehtimol, toʻgʻridir. Ammo, bu oʻzgarishlar istiqlol odimlari bilan bogʻliq boʻlsa, ularni sezmaslik mumkin emas.

Mustaqil Oʻzbekiston yigirma toʻqqiz qadam yurib qoʻydi. Quvonarlisi, har qadam tashlanganida bir yuksalish, oʻzgarishga yuz tutdi. Yashash tarzimiz, turish-turmushimiz farovonlasha bordi. Shuncha yil oʻtib, axiyri zamona zayli bilan har sohada innovatsion yangilanish qilishga, hatto innovatsion fikrlashga ham oʻrgandik. Demak, bularning bari yaxshilikka.

Har bir onimiz biroz avvalgisiga oʻxshamay boryapti. Har keyingi yil, ortidagisidan ancha-muncha farq qilyapti. Bularning barchasi qadam-baqadam borayotganimizdan dalolatdir. Muhimi, bu zalvorli qadamlarning negizida inson va uning manfaatlariga xizmat qilish yotibdi. Bu nima degani? Bu inson qadr-qimmati ortyapti, degani.

Odam qachon baxtsiz boʻladi? Agarda el nazaridan qolsa yoki qadr-qimmati yerga urilsa, poymol qilinsa. Shoʻro davrida xalqimiz ocharchiliklarni ham koʻrdi. Zogʻora non, kunjara yedi. Oʻlmadi, sinmadi. Lekin beqadrlikdan yuragi ezilib yashadi. “Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman” deydigan boʻldi. Mustaqillik oʻsha egilgan qadni koʻtardi. Aslida biz nimaiki yutuqqa erishmaylik, bizga kuch-qudrat berayotgan, qoʻllab-quvvatlayotgan ham ana shu mustaqillik, hurlik, erkin yashamoq saodatidir. U bugun har bir zamondoshimizning hayotiga daxldor oʻzgarishlar qilmoqda. Mustaqillik «Davlat — mashina, odam — uning bitta vintchasi» degan teskari mantiqqa qurilgan qoidani bekor qildi. Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Chunki xalq — davlatning asosiy manbai. Bu — adolatning birinchi tantanasi edi.

Ana shu adolatdan kelib chiqib, “Islohotlar inson manfaatiga xizmat qilishi kerak” degan daʼvat yangradi. Bugun millionlab odamlarning hayoti, farovon roʻzgʻori, zamonaviy avtomobillari, korxonalari shundan soʻzlamoqda.

Birgina tadbirkorlik yoʻnalishida qilingan ishlar, berilgan imtiyozlarni olaylik. Soliq imtiyozimi, nol xarid qiymatida yer olishmi, oddiy dehqonning yetishtirgan mahsulotini chetga eksport qilish deysizmi, kredit masalasimi bari-bari xalqning hayotida tub oʻzgarish qilishga qaratilgan. Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi degan tamoyilga asoslangan. Bugun davlat ishida ishlagan odam ham tadbirkorlik qilishga, hech yoʻqsa, uyidagi kaftdek tomorqasidan uch marta hosil olib, qoʻshimcha daromad qilishi kerakligiga undalmoqda. Boqimandalikka emas, mehnatga oʻrgangan kishigina farovon, boy yashashi mumkinligiga oʻrgatilmoqda. Tan olish kerak, uzoq yillardan beri tomorqasi boʻsh yotgan xonadonlar bilan ishimiz boʻlmadi. Ammo, davlat rahbarining topshirigʻi bilan endi bunga jiddiy qaraladigan boʻldi.

Islohotlarning yana bir odimi soʻngi yillarda davlat va jamiyatni innovatsion rivojlanish yoʻliga toʻla oʻtkazish va bu yoʻldagi asosiy ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi. Yurtboshimiz qayd etganidek, bu boradagi davlat, boshqaruv organlari faoliyat yoʻnalishining beshta ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Xususan, bugungi kundagi asosiy vazifalardan biri sifatida ijro hokimiyati organlari faoliyatida yangi davrni boshlash fursati yetganligini koʻpchilik tushunib yetdi. Vaholanki, ijro hokimiyati organlari faoliyatidagi muammolar bir necha yillar mobaynida toʻplanib, ildiz otgan, oxir-oqibatda davlat, jamiyat, xalq turmushida bir qator muammolarni keltirib chiqargan edi. Endi bu muammolarni hal etish, illatlardan qutulish uchun ijro hokimiyati organlari faoliyatining asosiy mezon va tartiblari ishlab chiqilib, qatʼiy yoʻlga qoʻyish boshlandi.

Qabul qilinayotgan har bir huquqiy hujjat shunchaki qogʻozlarda, soʻzlarda qolib ketmasligiga, ular hayotimizda amaliy nishona berishi lozimligiga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi.

Maʼmuriy buyruqbozlikdan voz kechish, har qanday maʼmuriy taʼsirni qisqartirish va uning oʻrniga bozor iqtisodiyoti mexanizmlaridan, bu yoʻlda xalqaro maydonda toʻplangan tajribalardan keng foydalanish, eng muhimi, davlatning ayrim funksiyalari xususiy sektorga oʻtkazila boshlandi. Zero, davlat idoralarining iqtisodiyot tarmoqlariga maʼmuriy taʼsiri kuchayib, ildiz otib ketganligidan koʻz yuma olmasdik. Ayniqsa, quyi boʻgʻin idoralarining imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, mahalliy hokimiyatlar vakolatlarini yana-da chuqurlashtirish orqali davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishishning asosiy dushmani boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga bel bogʻlandi. Yoki birgina davlat xizmatlarining yoʻlga qoʻyilishi byurokratizmning oyogʻiga bolta urdi. Xalqning sarsongarchiligiga chek qoʻydi.

Oʻzgarishlarning natijasini Qurolli Kuchlar tizimida ham kuzatishimiz mumkin. Ilgari xalq uchun mutlaqo yopiq boʻlgan mudofaa siyosati endi ochiqlandi. Armiya xalq bilan birga ekanligini odamlar his qila boshlashdi. Ayniqsa, 2018—2021-yillarda qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ bilan taʼminlash va harbiy texnikalarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish boʻyicha kompleks dastur doirasida oʻtgan yillarda bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Armiyani ilgʻor texnika, qurol-aslaha bilan taʼminlash, mavjud texnikani modernizatsiya qilish, jangovar shaylikni oshirish borasida katta qadam tashlandi. Tizimda xizmat qilayotgan oʻgʻlonlarimiz davlatlararo oʻtkazilgan musobaqalarda gʻolib boʻlib qaytishganda buning mevasini koʻrdik.

Vaqt yugurik. Hozir 29 koʻrinishida nurlangan raqam bilan yonma-yon turibmiz. Hali 30, 31, boringki, 50,60 yillik istiqlol keladi yurtimizga. Uning balandligi, uning boyligini tasavvur etishning oʻzi odamni nechogʻlik ulkanlashtirib yuboradi.

Faxriddin SAMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?