Mustaqillik bayrami arafasida chegaralar yopiladimi, poytaxtga kirish cheklanadimi?

11:13 16 Avgust 2019 Jamiyat
130 0

Bayramlar arafasida xavfsizlikni taʼminlash uchun chegaralarni yopish, ayniqsa, poytaxtga keluvchilarga nisbatan cheklov oʻrnatish kabi choralar qoʻllanib kelingan. Bu qanchalik toʻgʻri va bu amaliyot hozir ham mavjudmi?

Bu savolga javob topish hamda xalqimizning eng ulugʻ bayrami Mustaqillik ayyomida osoyishtalikni taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar haqida OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Muhiddin JOʻRAYEV bilan suhbatlashdi.

– Haqiqatan ham nafaqat bayramlarda, boshqa paytlarda ham ehtiyot choralarini haddan ziyod kuchaytirib kelingan. Bu bir qarashda qobiqqa oʻralish, boshqacha aytganda, kosa tagiga bekinib olishga ham oʻxshagan. Afsuski, bu amaliyot toʻgʻri boʻlmaganinierkinlashtirish siyosati yaqqol koʻrsatdi. Yaqin qoʻshnilar bilan hamkorlik aloqalarining kuchaytirilgani, yopib tashlangan chegara postlarining ochilib, fuqarolar, tadbirkorlarning bemalol oʻtib-qaytishi yoʻlga qoʻyilgani nafaqat turizmning, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim rol oʻynamoqda.

Birgina qoʻshni davlatlar bilan bemalol bordi-keldi qilayotganimiz natijasida yurtimizga kirib keluvchilar soni kuniga ikki mingga yaqinni tashkil etmoqda. Ularning asosiy qismi turistlar boʻlib, ular tomonidan qoʻpol qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyish keyingi bir yilda umuman qayd etilmadi. Xususan, qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan ana shunday emin-erkin bordi-keldi yoʻlga qoʻyilganda koʻpchilik xavf paydo boʻlishidan qoʻrqqani sir emas. Ammo chetdan kirib kelayotgan shaxslar ichida Oʻzbekistonga buzgʻunchilik niyatida kelgan yoki terroristik xavf tugʻdiruvchi birorta ham shaxs qayd etilmadi.

Bayram arafasida poytaxtga kirib keluvchilarga cheklov oʻrnatish amaliyoti ham mavjud edi haqiqtan. Ammo bu yurtdoshlarimizga juda koʻp noqulayliklar tugʻdirib kelgan. Chunki mamlakatimizning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy markazi boʻlgan Toshkent shahri bilan hududlardagi aholini bogʻlab turgan aloqalar juda keng qirrali, albatta. Shularni hisobga olib hozirgi kunda bunday amaliyotga ham butunlay chek qoʻyilgan. Bu yil Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida ham, bayram kunlari ham poytaxtga keluvchilarga nisbatan hech qanday cheklov boʻlmaydi.

Faqat bizning maqsadimiz bayram kunlari hushyorlik va sergaklikni har doimgidan koʻra oshirish. Zero, xalqimizning sevimli bayrami tinch va osoyishta oʻtishi uchun masʼul ekanmiz, bu yoʻlda tunni tongga ulab xizmatda boʻlamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?