Mustahkamlanayotgan hamkorlik

21:10 09 May 2018 Siyosat
436 0

Pekindan maxsus muxbirimiz Omonulla FAYZIYeV xabar qiladi.
Xitoy — nafaqat Sharqiy Osiyo, balki dunyodagi eng rivojlangan va qudratli mamlakatlardan sanaladi. Buni quyidagi ma’lumotlar ham yaqqol tasdiqlaydi: ayni paytda bu yerda salkam bir yarim milliard kishi yashaydi. Hududi bo‘yicha u Rossiya hamda Kanadadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiy jihatdan jahonda ikkinchi o‘rinda qayd etildi.

Xalqaro hamjamiyatda mazkur davlatning nufuzini belgilaydigan yana bir jihat bor. Ya’ni Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosidir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yildan-yilga rivojlanib, yangi mazmun-mohiyat kasb etayotgani ushbu davlat O‘zbekistonni o‘zining eng yaqin hamkori, ishonchli do‘sti va strategik sherigi, deb bilishidan dalolat. Aslida munosabatlarimiz mustahkamligining yana bir sababi bor: Buyuk Ipak yo‘li tarixida xalqlarimiz muhim o‘rin tutgan. O‘sha paytlardanoq milliy qadriyat hamda an’analarimiz jahon madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan.

O‘zbekiston ham Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘radi. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan mamlakatlardan biri bo‘lib, yurtimizda uning kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya hamda korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. 

2017 yil yakunlari bo‘yicha davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard AQSh dollariga yetdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi muloqot muntazamlik kasb etgan. Yurtboshimizning 2017 yil 11 — 13 may kunlari mazkur mamlakatga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Bugun O‘zbekiston hamda Xitoy turli loyihalar, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni hayotga tatbiq qilish borasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston XXR rahbariyati tomonidan ilgari surilgan Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi O‘zbekiston — Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parkini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Ushbu mamlakatning bir qator kompaniyalari respublikamiz hududida uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol qatnashmoqda. Mamlakatimiz O‘zbekiston — Xitoy gaz quvuri hamda Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanayapti. Idoralararo aloqalar doirasida talaba va amaliyotchilar almashinuvi keng yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent hamda Samarqand xitoy tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Konfutsiy institutlari faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda Xitoy “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida ko‘plab xayrli sa’y-harakatlarni olib borayapti. Mazkur loyiha ikki va ko‘p tomonlama aloqalar mexanizmlarini yanada mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik hamda taraqqiyotning yangi modellarini shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi. “Bir makon, bir yo‘l”da O‘zbekistonning ishtiroki muhim sanaladi. Chunki Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz davlatlararo savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta salohiyatga ega.

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) rivojida davlatlarimiz muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, joriy yilda ShHTga Xitoy Xalq Respublikasi raislik qilmoqda. Shu bois uning navbatdagi sammiti Sindao shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda ShHT sammitiga qizg‘in hozirlik ko‘rilayapti. Bular bilan yaqindan tanishish uchun ShHTga a’zo mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari xodimlari XXRga tashrif buyurdi. Xususan, O‘zbekistondan “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati, Rossiya Federatsiyasining “Mir” telekanali, Qozog‘istonning “Qazaqstan” telekanali hamda “Liter” gazetasi, Tojikistonning markaziy “Tochikiston” telekanali va “Avesta” axborot agentligi, Qirg‘izistonning “KTRK” korporatsiyasi vakillari bir hafta davomida Chin yurtida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishadilar. Dasturda ShHT kotibiyatining bosh qarorgohiga tashrif va mutasaddilar bilan uchrashuv, turli departament vakillari bilan muloqotlar, Sindao hamda Iu shaharlariga borish va boshqa tadbirlar belgilangan.

Safarimizning ilk kuni 6 may, yakshanbaga to‘g‘ri kelgani uchun dasturimiz ochiq bo‘ldi. Bundan unumli foydalanib, ommaviy axborot vositalari vakillari bir-birlari bilan yaqindan tanishdilar. Bizning O‘zbekistondan ekanligimizni bilgan hamkasblarimizning barchasi, u xoh ijodkor, xoh texnik xodim bo‘lsin, yurtimiz haqida, mamlakatimizda keyingi ikki yil davomida olib borilayotgan yangilanishlar xususida iliq fikrlar bildirishdi. Ezgu sa’y-harakatlardan hayratu havasda ekanliklarini yashirishmadi.

Xitoy deganda ko‘pchilikning xayoliga shu mamlakatning o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylanib qolgan buyuk devor keladi. Dunyo bo‘yicha sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan majmualardan biri ham aynan shu! Rasmiy uchrashuvlarimiz boshlanmasidan oldin barchamiz mazkur ulkan majmuaga safar qildik. Pekindan yengil avtomobilda borilsa, o‘rtacha bir yarim soatlik yo‘l ekan. Devor, haqiqatan ham, nomiga munosibki, oxiri ko‘rinmaydi... Ma’lumotlarga qaraganda, u miloddan avvalgi III asrda qurila boshlangan. Tarixi haqida internetda yetarlicha materiallar mavjud. Ammo bir jihat diqqatimizni tortdi: zinalar bo‘ylab ko‘tarilib borarkanmiz, ularning bir-biriga o‘xshamasligi, biri baland, biri past ekanligi juda qiziq.

Ba’zi joylarda qaltis burilishlar, tikka tepaliklar ham bor. Xitoyliklarning aytishicha, o‘sha paytlarda otliq suvoriylarning devor zinalari bo‘ylab chiqa olmasligi uchun shunday yo‘l tutilgan. Bu ham tashqi dushmandan, xavf-xatardan saqlanishda qo‘l kelgan. Majmuaga qadam qo‘yganingizda, Mao Szedunning “Buyuk Xitoy devoriga chiqmagan shaxs xitoylik emas”, degan fikrlari yozilgan katta toshga ko‘zingiz tushadi. Chinliklarning so‘zlariga qaraganda, bu iqtibosda mardlik, matonat, sabru bardosh kabi tushunchalar mujassam.
Taassurotlarimiz haqida navbatdagi materiallarimizda kengroq to‘xtalamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?