Muslim Women in Travel 2019: Oʻzbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar oʻntaligidan joy oldi

09:56 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
155 0

“Mastercard” moliya tashkiloti va “CrescentRating” agentligi tomonidan eʼlon qilingan hisobotga koʻra, Oʻzbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar qatoridan oʻrin oldi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Ekspertlarga koʻra, xavfsizlik va diniy ibodatlar, jumladan, islomiy liboslarga boʻlgan bagʻrikenglik musulmon ayol sayyohlar uchun eng muhim ahamiyatga ega ikki oʻlchov hisoblanadi. 2019-yilning 17-oktyabr kuni Singapurda oʻtkazilgan “Halal in Travel Asia” sammiti doirasida eʼlon qilingan hisobotga muvofiq, Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga aʼzo mamlakatlar orasida xavfsizlik va diniy bagʻrikenglik boʻyicha yuqori oʻrinni egallagan mamlakatlar oʻntaligidan joy olgan.

Qatar, Ummon, Bruney, Turkiya, BAA, Kuvayt va Maldiv davlatlari navbat bilan roʻyxatning yuqori oʻrinlarini zabt etgan. Oʻzbekiston ushbu roʻyxatning sakkizinchi oʻrnidan joy olgan boʻlsa, Indoneziya va Malayziya undan keyingi oʻrinlarda kelgan. “Muslim Women in Travel 2019” hisoboti musulmon ayollar sayohatiga oid jahon miqyosidagi ilk tadqiqot boʻlib, unda asosan Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan 3300 nafar musulmon ayol ishtirok etgan.

Hisobotga koʻra, musulmon ayollar sayohati jahon turizm bozorida eng tezkor rivojlanayotgan segmentlardan hisoblanadi. Musulmon oʻlkalardagi ayollarning daromadlari oshib borayotgani va ularning taʼlim darajasi yuqorilayotganligi ularni sayohatga chiqishga undamoqda, deyiladi hisobotda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?