Musiqa va sanʼat maktablaridagi taʼlim jarayonlari anchagina izdan chiqqan, taʼlim sifati pasayib ketgan — vazir

17:04 03 Sentyabr 2020 Madaniyat
310 0

Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vazirligi tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarini kuzatib bormoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir bugun Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida boʻlib, abituriyentlarning ijodiy imtihonlardagi ishtirokini bevosita kuzatdi. Kuzatuv chogʻida koʻplab yosh iqtidorlarning mahorati va isteʼdodini eʼtirof etdi, boʻlajak madaniyat sohasi vakillarini mahoratini olqishladi.

Shu bilan bir qatorda ayrim abituriyentlarning tayyorgarlik darajasi oʻta sust ekanligi, baʼzilarida esa yetarlicha salohiyat sezilmayotgani, ularning ishtirokidan koʻngli toʻlmayotganini ham yashirmadi.

Buning asosiy sababini boshlangʻich taʼlimda musiqa va sanʼat sohasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganligi,bu yoʻnalishda professional kadrlar yetishmayotganligi natijasida musiqiy taʼlimning oqsayotgani bilan izohladi.

“Musiqa va sanʼat maktablaridagi taʼlim jarayonlari anchagina izdan chiqqan, taʼlim sifati pasayib ketgan, buni mazkur muassasalar koʻplab bitiruvchilarining imtihonlardagi bugungi ishtiroki misolida yana bir bor guvohi boʻldik. Bu degani Madaniyat vazirligi oldida boshlangʻich taʼlim tizimida ham kechiktirib boʻlmaydigan koʻplab chora-tadbirlar borligini bildiradi”, - deya taʼkidladi O.Nazarbekov. 

Vazir shu oʻrinda imtihon komissiyasi aʼzolaridan oliy taʼlim muassasasiga “tasodifiy talabalar” kirib qolmasligi uchun bor imkoniyatni ishga solib, faqatgina haqiqiy iqtidorlarni talabalikka qabul qilish lozimligiga alohida urgʻu berdi.

Eslatib oʻtamiz joriy yilda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga 16 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha (undan 2 ta taʼlim yoʻnalishi Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti uchun istisno tariqasida qabul qilingan) jami 1852 nafar abiturentlar hujjat topshirgan boʻlib, ular soni oʻtgan yilgiga nisbatan 30 % ga koʻpaygani yoshlarimizning musiqa va sanʼatga boʻlgan qiziqishlari ortib borayotganidan darak beradi.

Mazkur taʼlim muassasasida ijodiy imtihonlar 16-sentyabrga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?