Musiqa doʻstlikni mustahkamlaydi

18:57 20 Fevral 2019 Jamiyat
303 0

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda “Oʻzbekiston — Latviya” hamda “Oʻzbekiston — Litva” doʻstlik jamiyatlari tomonidan mashhur latish bastakori Emilis Melngaylis ijodiga bagʻishlangan “Musiqa — doʻstlikni mustahkamlaydi” madaniy anjumani oʻtkazildi.

— Emilis Melngaylis ijodida Oʻzbekiston juda katta oʻrin tutadi, — deydi Latviya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mixail Popkovs. — U 1914 — 1920 yillarda Toshkentda yashab, ijod qilgan. Oʻzbek xalq qoʻshiqlarini oʻrgangan, ularga ishlov bergan. Shuning uchun uning ijodida Oʻzbekiston mavzusi alohida ahamiyatga ega.

Tadbirda konservatoriya qoshidagi “Xor kapellasi” tomonidan E. Melngaylis ijodidan namunalar ijro etildi.

— Bastakor oʻzbek xalq kuylarini juda yaxshi koʻrgan, — deydi Oʻzbekiston bastakorlar uyushmasi raisi, professor Rustam Abdullayev. — Nafaqat oʻzbek, balki koʻplab dunyo xalqlarining milliy kuylariga qiziqqan va oʻn mingga yaqin xalq kuylarini jamlab, kitob chop etgan.

Bu kabi madaniy anjumanlar nafaqat insonni sanʼatga chorlaydi, balki yoshlarni ulugʻ ijodkorlarga hurmat-ehtirom koʻrsatishga, ularning yorqin xotiralarini avaylab, kelajak avlodga yetkazishga undaydi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy mamlakatlar elchixonalari hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlari vakillari, sanʼatkorlar va ustoz bastakorlar hamda talaba yoshlar qatnashdi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?