Mushtarak maʼnaviy qadriyatlar va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan dadil qadam

16:10 20 Sentyabr 2019 Siyosat
249 0

Markaziy Osiyo va unga yaqin hududlardagi qardosh xalqlarimizni asrlar davomida doʻstlik, mushtarak maʼnaviy qadriyatlar bir-biriga bogʻlab kelgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat oʻzgardi. Mintaqa davlatlari oʻrtasida doʻstona aloqalar mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbarining Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon Prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlanmoqda. Mamlakatimizning Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro savdo koʻrsatkichlari oshib boryapti.

Joriy yilning 14-sentyabrida Yurtboshimiz tomonidan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunning imzolanishi keng jamoatchiligimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Quyida ulardan ayrimlarining munosabati eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Ahmadjon MELIBOYEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri:

— Bugungi dunyoning maʼnaviy-ruhiy holati shundayki, inson hayoti, Yer yuzida tinchlik-totuvlikni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish uchun har kim oʻz holicha emas, birgalikda, bamaslahat ish koʻrmogʻi zarur. Hozir dunyo miqyosida yuz berayotgan ijobiy hamda salbiy oʻzgarishlar, boʻlingan dunyoni qayta boʻlib olish, yer osti va yer usti boyliklariga egalik qilish harakatlari kucha­yib borayotgan ekan, har bir mamlakatning ichki va tashqi siyosatida umumiy maqsadlarga erishish yoʻlida jipslashish, muammolarni tomonlarning manfaatlariga mos ravishda hal qilish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Tarix shohidki, olis va yaqin oʻtmishda tili va dini, maʼnaviy ildizlari bir xalqlar oʻzaro ­tinchlik-totuvlik ittifoqi tuzib, bir-birlariga samimiy qoʻl berib, ne-ne balo-qazolarni bartaraf etishgan. Turkiy dunyoda bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Bugun ana shunday xolis niyatli birlikka yana jiddiy ehtiyoj paydo boʻldi.

Buning boisi shuki, ­inson hayoti bilan bogʻliq murakkab muammolar bir mamlakatda, bir mintaqada emas, butun dunyoda umumlashib bormoqda. Iqtisodiy, moliyaviy ­tanglik, axborot oqimining globallashuvi, savdo-sotiq siyosatidagi kelishmovchiliklar, kapital oqimining tezlashishi, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishi bilan bogʻliq ziddiyatlarni hal qilish uchun ichki va tashqi imkoniyatlardan unumli foydalanishdan boshqa chora yoʻq. “Maslahatli toʻy tarqamas” deganlaridek, har kim oʻz holicha, faqat oʻzining tor manfaatlarini oʻylab ish tutadigan, qoʻshni davlatlarda, yaqin-yiroq mamlakatlarda sodir boʻlayotgan ijtimoiy boʻhronlardan bexabar holda yashash endilikda mumkin emas. Faqat birlashgangina oʻzadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qoʻshnichilik, manfaatli hamkorlik borasidagi oqilona siyosati zamirida ellarni ellarga yaqinlashtirish, dillarni dillarga bogʻlash, tarixning ushbu sinovli pallasida imon-eʼtiqoddan kechmaslik, ham bugunni, ham ertani, kelajakni oʻylab ish tutishdek buyuk maqsad yotadi.

Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari bu siyosat natijalarini hozirning oʻzida koʻzlari bilan koʻrib, shunday kunlarga yetkazganiga shukronalar aytmoqda. Qadim-qadimdan suvi, bozori va mozori, tili va dini bir xalqlar oʻrtasiga qoʻyilgan sunʼiy gʻovlar, toʻsiqlar olib tashlandi. Bir-biridan ajratib qoʻyilgan oilalar birlashdi. Bundan hech kim ziyon qilgani yoʻq. Mana endi mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlishi bilan bunday soxta cheklovlarning qolgan-qutganlari ham manfaatli hamkorlik yoʻllaridan olib tashlanadi. Investitsiyalarning aʼzo mamlakatlar boʻylab erkin va ishonchli aylanishi taʼminlanadi.

Faqat shu emas, ushbu hamkorlik Kengashi faoliyatining yuksak darajada yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekistonning dunyo kengliklari sari intilayotgan qadamlariga yangicha ruh baxsh etadi, madaniyat, til, ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalariga oid ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytiradi.

Qolaversa, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi shafeligida oʻtkaziladigan iqtisodiy va gumanitar yoʻnalishdagi boʻlajak tadbirlar donishmand dunyoning bu qutlugʻ mintaqasida yashayotgan xalqlar hayotiga, turmush tarziga gʻoyat ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xalqlarimiz oʻrtasida turizmni rivojlantirish, oʻzaro bordi-keldilarni koʻpaytirish imkonini beradi. Oʻylab koʻrsak, birgalikda chuqur mulohaza yuritadigan, yagona toʻgʻri yechimlarini topishimiz zarur boʻlgan muammolar yoʻq emas. Hayotning bugungi tezkor shiddati mamlakatlarni, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor-ziyolilar, xotin-qizlar, yoshlar vakillarini qoʻlni qoʻlga berib, mushtarak maqsad yoʻlida birlashib, harakat qilishni taqozo etmoqda. Tarixning bu imkoniyatidan samarali foydalanish barchamizning burchimizdir.

Muzaffar AHMAD,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq shoiri:

— Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlishini, gʻurur bilan ­aytish kerakki, mamlakatimiz tarixidagi katta voqealardan biri boʻldi. Sobiq ittifoq davrida qardoshlaring haqida yozish u yoqda tursin, doʻstu birodarlaringga gapirish ham muammo tugʻdirardi. Siyosiy ayb qoʻyilardi va biz mustaqillik yillarida ham ana oʻsha qobiqdan chiqishimiz qiyin kechdi. Turkiy xalq ekanligimizni baralla aytishdan, gapning rosti, choʻchib, xavotir bilan yashadik.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlishimiz qardosh xalqlarga mansub millatning bir vakili sifatida barchamizda gʻurur uygʻotdi. Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, bu Qonunda koʻtarilgan masalalar yechimini ­xalqimiz qariyb yuz yil kutdi. Gap shundaki, bugun xuddi uzoq qardoshday boʻlib qolgan turkiy xalqlar tarixan bir-biridan va ildizidan butkul uzilib ketmagan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi va oʻz millatiga boʻlgan beqiyos muhabbati orqaligina jamiyatimizda shunday muhim qadam ­tashlandi. Tili, dini, madaniyati, yashash tarzi, qadriyat va qarashlari bir ­xalqlarning bir tashkilot ostida birlashishi turli sohalarda hamkorlikning mustahkamlanishiga, xususan, turkiy xalqlar ada­biyoti rivojiga ham xizmat qilishi, shubhasiz.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?