Musa Yerniyazov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisligiga qayta tasdiqlandi

19:29 13 Yanvar 2020 Siyosat
235 0

Bugun Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda vazirliklar, tashkilot va korxonalar, huquqni muhofaza qilish uyushmalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ye.Djumanazarovning axboroti tinglandi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilning 22-dekabri va 2020-yilning 5-yanvarida oʻtkazilgan saylovlar mamlakatimizda demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati qurish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. “Yangi Oʻzbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtgan saylovlarga puxta tayyorgarlik koʻrildi. Undagi barcha jarayonlarni chet ellardan, xalqaro tashkilotlardan nazoratchilar, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari kuzatib bordi.

Kun tartibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masala koʻrilib, deputatlar bu boʻyicha tegishli qaror qabul qilishdi.

Shundan soʻng, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisini saylash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oqsoqollar kengashi tuzildi. Ushbu kengash tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimiga 63-sonli “Qorakoʻl” saylov okrugidan deputat Yerniyazov Musa Tajetdinovichning nomzodi tavsiya etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan sessiyada 63-sonli “Qorakoʻl” saylov okrugidan deputat Yerniyazov Musa Tajetdinovich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi etib saylandi.

Deputatlar bu boʻyicha tegishli qaror qabul qildi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoyberganov ishtirok etdi.

Hidoyat AHMEDOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?