“Murojaatnoma”dan keyingi mulohazalar: Taʼlimdagi islohotlar — hayotiy zarurat

15:47 05 Fevral 2020 Jamiyat
680 0

2020-yil 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasi taqdim qilindi. Ushbu Murojaatnoma yangi Oʻzbekistonni yaqin yillarda kompleks rivojlantirishning ustuvor jihatlarini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Avvalo, shuni taʼkidlashimiz kerakki, Murojaatnomada jamiyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha sohalari qamrab olingan. Jumladan, unda muhtaram Prezidentimiz fan, taʼlim va maorif tizimiga taalluqli bir qator strategik yoʻnalishlarni belgilab berdilarki, undan kelib chiqadigan vazifalar tizimda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yangilanayotgan jamiyatimizning taʼlim siyosati mazmun-mohiyatini yana-da chuqurroq anglashni taqozo qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori – Gʻofurjon Muhamedov bilan olib borilgan suhbatda Murojaatnomaning mazmunini tushunish, taʼlim sohasida Murojaatnomadan kelib chiqadigan islohotlarning mohiyatini anglash, tizimning oldida turgan muhim vazifalar bilan bogʻliq savollarga javob topasiz.

– Ustoz, suhbatimizni globallashuv sharoitida taʼlimning oʻrni bilan bogʻliq mulohazalaringiz bilan boshlasak.

– Dunyo tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Globallashuv, taʼbir joiz boʻlsa, bugungi kunda mamlakatlarni rivojlantirishning mohiyati va mazmuniga, strategiyasi va tamoyillariga, yondashuv va uslublariga birday taʼsirini oʻtkazayotgan kuch sifatida namoyon boʻlmoqda. Bugungi kunga kelib jamiyat rivojlanishining kompleks harakterda sodir boʻlishi taraqqiyotning ijobiy jihatlari bilan birga uning salbiy oqibatlarini ham yuzaga chiqarmoqdaki, bu insoniyat oldiga kutilmagan yangi muammolarni koʻndalang qoʻymoqda. Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini chuqur oʻrganish unga moslashish, yoʻnalishlarini kerakli tarzda oʻzgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan koʻrinib turibdiki, globallashuv jarayonidan ijobiy va ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexanizmlarini ilmiy asosda ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Albatta, bunday sharoitda taʼlim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol oʻynaydi.

– Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish bilan qarshi oldi. Unda barcha sohalar kabi taʼlim sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Eng muhimi, taʼlimning barcha bosqichlari bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Maktabgacha taʼlim tizimi taʼlimning dastlabki boʻgʻini sifatida oʻziga xos jihatlarga ega. Tan olishimiz kerak, yaqin yillarga qadar bu soha bir oz eʼtibordan chetda qolib keldi. Keyingi yillarda esa bu sohaga muhtaram yurtboshimiz rahnamoligida jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Umuman, maktabgacha taʼlimning jamiyat hayotida tutgan oʻrni borasidagi fikr-mulohazalaringizni bayon qilsangiz.

– Milliy taʼlim tizimining keyingi chorak asrdagi faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz. Ayni paytda, koʻplab muammolarning ham yigʻilib qolishi olib borilayotgan islohotlarda muayyan kamchiliklar ham boʻlganligini koʻrsatmoqda.

Tizimdagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida keyingi ikki yildan oshiqroq vaqt mobaynida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalariga oid bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan ushbu hujjatlarda maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy taʼlimdan keyingi taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichlar, shuningdek, akademik ilm-fan ham qamrab olingan.

Taʼlim tizimida maktabgacha taʼlim bosqichi eng muhim boʻgʻinlardan biri hisoblanadi. Afsuski, bizda yillar davomida ushbu taʼlim bosqichini isloh qilish, maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovni oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish masalasiga kam eʼtibor qaratildi. 2017-yil 30-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” Prezident Qaroridan keyin taʼlim tizimining quyi boʻgʻiniga eʼtibor kuchaydi. Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida birgina 2019-yilning oʻzida 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bogʻchalari tashkil etildi. Buning natijasida farzandlarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga koʻtarildi. Shu oʻrinda yaponiyalik tadqiqotchi, bola ruhiyatining bilimdoni Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” kitobini eslashni joiz deb bilaman. Uning fikriga koʻra, katta yoshdagilar qiyinchilik bilan oʻrganadigan narsalarni, bolalar oʻynab ilgʻab olishadi. Ushbu jarayonning asosi aynan taʼlimni oʻz vaqtida bera boshlashdadir. Darhaqiqat, soʻnggi tadqiqotlarda inson miyasining imkoniyatlari nihoyatda kengligi, taʼlim va tarbiya bolaga qanchalik erta berilsa, u shunchalik oʻzining ijobiy samarasini berishi isbotlanmoqda. Murojaatnomada keltirilgan yuqoridagi raqamlar bola ruhiyati va imkoniyatlari bilan bogʻliq yuqoridagi tadqiqotlar samarasiga bizni yaqinlashtiradi, bu yoʻnalishdagi islohotlarimiz toʻgʻri ekanligini tasdiqlaydi. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi. Bu ishlarning zamirida maktabgacha boʻlgan yoshdagi farzandlarimizga taʼlim va tarbiya berish tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq umidbaxsh maqsadlar mavjudligini koʻramiz.

Shu oʻrinda maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida katta jamoaning tizimli ravishda amalga oshirayotgan mashaqqatli mehnatini eʼtirof etish shu xalqning vakili sifatida hammamizning burchimizdir.

– Ustoz, taʼlim muassasalarida alohida qobiliyatli oʻquvchilar bilan ishlash masalasi oʻziga xos eʼtiborni talab qiladi. Ammo bu borada taʼlim muassasalarida yetarli ishlar qilinyapti, deb ayta olmaymiz. Umuman, qobiliyatli oʻquvchilar bilan qobiliyati oʻrta yoki past darajadagi oʻquvchilarning bitta sinfda tahsil olishiga qanday qaraysiz? Taʼlim islohotlarida, sizning fikringizcha, masalaning ushbu jihatlariga eʼtibor qaratilganmi?

– Pedagogikaga tegishli adabiyotlarda qobiliyat insonning shaxsiy salohiyati, imkoniyatlari ekanligi aytiladi. Darhaqiqat, qobiliyat bilimdan keskin farqlanadi: bilim mutolaa natijasi hisoblanadi, qobiliyat esa shaxsning psixologik va fiziologik tuzilishining xususiyati sanaladi. Qobiliyat inson tomonidan koʻnikma va malakalarning egallanishi jarayonida takomillashib boradi. Har qanday qobiliyat turi shaxsga tegishli murakkab psixologik tushunchadan tashkil topgan boʻlib, u faoliyatning talablariga mutanosib xususiyatlar tizimini oʻz ichiga oladi. Shu bois qobiliyat deganda birorta xususiyatning oʻzini emas, balki shaxs faoliyatining talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlashga imkoniyat beradigan xususiyatlar sintezini tushunmoq lozim.

Taʼlim muassasalarida qobiliyatli oʻquvchilar bilan ishlash alohida koʻrsatkich sifatida qaraladi. Ammo bu boradagi ishlarni ichdan kirib kuzatsangiz, shunchaki hisobot uchun qilinayotganini, qobiliyatli oʻquvchilarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish va yoʻnaltirish borasida amalda deyarli hech qanday ish qilinmayotganini koʻrasiz. Aslida bu boradagi ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan taqdirda ham qobiliyatli oʻquvchilarning ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish qiyin. Shu maʼnoda qaraydigan boʻlsak, mamlakatimizda 2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabining ish boshlagani taʼlim tizimimizdagi ijobiy “portlash”lardan biridir. Bizning farzandlarimizda Beruniy, Forobiy, Al Xorazmiy, Ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimizning qoni bor. Tizimda qobiliyatli oʻquvchilar bilan ishlash boʻyicha olib borilayotgan bunday katta koʻlamdagi ishlar Sharqda ikki bor kuzatilgan Renessans davrini qaytishiga ishoradek koʻrinadi menga.

– Mamlakatimiz rahbari Murojaatnomada purmaʼno bir gapni aytdilar: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Darhaqiqat, ilm-maʼrifatsiz taraqqiyot boʻlmaydi. Ammo davlatimiz rahbari haqli ravishda eʼtirof etganidek, bugungi kunda taʼlim tizimida kamchiliklar va muammolar koʻp. Taʼlimdagi muammolarni bartaraf qilish choralarini belgilashda ularni tizimga solgan holda tasavvur qilish, tasniflash va tavsiflash talab qilinadi. Shu maʼnoda, Sizningcha, taʼlim tizimidagi muammolarni qanday tizimlashtirish va tasniflash mumkin?

– Murojaatnomadagi oʻsha hikmatli soʻzni toʻgʻri esladingiz. Jamiyatimiz taraqqiyotining ayni bosqichi uchun juda topib aytilgan hikmat bu. Unda ilmga berilgan baho, tarbiyaga berilgan ijobiy sifat va bilimsizlikka nisbatan munosabat mavjud. Biz ayni paytda ilm-maʼrifatni rivojlantirmasdan rivojlanishning keyingi bosqichlariga chiqa olmaymiz. Buning uchun esa tizimdagi muammolarni bartaraf qilishimiz, taʼlim-fan-ishlab chiqarish uchligi oʻrtasidagi integratsiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimiz lozim.

Taʼlim tizimida uzoq yillardan beri yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etish oson kechmaydi. Buning uchun, avvalo, taʼlimga yondashuv bilan bogʻliq muammolarni aniqlab olishimiz lozim. Mening nazarimda, tizimiga yondashuv bilan bogʻliq muammolar quyidagilarda koʻrinadi:

  • Kadrlar tayyorlashda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligi va talabining inobatga olinmasligi;
  • Mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur oʻrganilmasligi;
  • Taʼlim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasining toʻla taʼminlanmagani;
  • Fan yutuqlarini tijoratlashtirishga nisbatan eʼtibor berilmasligi.

Taʼlimdagi muammolar oʻz vaqtida bartaraf qilinmasa, urchish, koʻpayish xarakteriga ega. Yaʼni muammo oʻz vaqtida hal qilinmasa, ikkinchi muammoning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Yuqorida aytilgan taʼlimga notoʻgʻri yondashuv oʻz navbatida quyidagi muammolarni keltirib chiqardi:

  • Oliy taʼlim bilan qamrov darajasining pastligi;
  • Amaldagi oʻquv reja va dasturlarda nomutaxassislik fanlari ulushining yuqoriligi;
  • Oʻquv adabiyotlarining yetishmasligi;
  • Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmining kuchsizligi;
  • Kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi;
  • Sohada korrupsiyaning avj olishi.

Bu muammolarni yana uzoq davom ettirish mumkin.

– Keyingi yillarda taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida oliy taʼlim muassasalari oldiga yangi vazifalar qoʻyilmoqda. Islohotlar koʻlami juda keng boʻlib, taʼlim tizimi xodimlarida ularning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli anglash, oʻz faoliyatini islohotlarga mos holda oʻzgartirish bir oz qiyinchilik tugʻdirmoqda. Oliy taʼlimda uzoq yillik tajribaga ega rahbar sifatida bugungi taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan vazifalar borasidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Keyingi uch yilda oliy taʼlim muassasalari soni 37 taga oshdi. Bu katta koʻrsatkich. Ulardan 14 tasi xorijiy OTMlaridir. Yurtimizda xorijiy OTMlarning koʻpayishi sohada sogʻlom raqobatni paydo qiladi, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish imkoniyatini beradi, deb oʻylayman.

Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi jiddiy islohotlar natijasida muhtaram Prezidentimiz taʼlim tizimi rahbarlari oldiga quyidagi vazifalarni qoʻymoqda:

  • Oliy taʼlim bilan qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish;
  • Sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish;
  • Oʻquv yuklamalarini optimallashtirish;
  • Taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • OTMlarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash;
  • Taʼlimda nodavlat va xususiy sektorning rolini oshirish;
  • Taʼlimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish;
  • Nufuzli chet el oliy oʻquv yurtlari bilan yaqindan hamkorlikni kuchaytirish.

Umuman, oldimizdagi vazifalar juda koʻp. Eng asosiysi, taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar zamonaviy taʼlimga qoʻyiladigan talablarga javob berishidir. Murojaatnomada pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga yuqori maosh toʻlash tizimi joriy etilishi aytib oʻtildi. Shuningdek, maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildiki, bu ishlarni amalga oshirish, avvalo, tizimdagi rahbarlardan zamonaviy fikrlashni va xorij amaliyotini yaxshi bilishni talab qiladi. Mamlakatimiz rahbarining joriy yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-oʻqituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish haqidagi koʻrsatmasining zamirida ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish bilan bogʻliq ezgu maqsad mavjud.

Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanmoqda. Bu oliy taʼlim tizimida oʻquv yuklamalarini optimallashtirish bilan bogʻliq jiddiy qadam boʻldi. Xuddi shu nuqtayi nazardan boshqa sohalarni ham taftish qilish lozim, deb oʻylayman.

– Taʼlimga oid islohotlar, albatta, davr talabi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida taʼlim xizmatlarining oʻz qiymati boʻlishi ham tabiiy. Tizimga nodavlat va xususiy sektorning keng jalb qilinishi natijasida taʼlim xizmatlari bozorida raqobat kuchayadi. Ayni paytda taʼlim olishning qiymati, narxi boʻyicha xalqimizda hali ham uni qabul qila olmaslik bilan bogʻliq tushunchalar mavjud. Xalqimizning hozirgi farovonlik darajasida shunday tushunmovchilikning boʻlishi ham tabiiy, albatta. Shuni inobatga olgan holda bugungi taʼlim islohotlarida xalqimizni ijtimoiy himoyalash bilan bogʻliq qanday choralar koʻrilmoqda?

– Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda taʼlim – bu biznes. Taʼlim biznesga aylangandagina raqobatbardoshlik kasb etadi. Bizda ham keyingi yillarda taʼlim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning kirib kelayotganini men ijobiy baholayman. Endi davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasidagi raqobat tizimning rivojlanishini taʼminlaydi. Taʼlimda ham endi bozor qonunlari ishlay boshlaydi. Bozor qonunlari esa, bilasiz, juda shafqatsiz. Unda natija muhim hisoblanadi. Natija esa qachonki raqobatbardosh mahsulot yaratilsagina ijobiy boʻladi. Taʼlim xizmatlari bozorida raqobatbardosh mahsulot malakali kadrlar tayyorlash bilan amalga oshadi. Demak, taʼlim xizmatlari bozorining mahsuloti inson kapitali hisoblanadi. Inson kapitali esa zamonaviy iqtisodiyotda tobora qimmati oshayotgan resursdir. Shuning uchun ham aytish mumkinki, taʼlim biznesi bu mavsumiy xarakter kasb etadigan biznes emas, balki borgan sari rivojlanadigan biznes turi hisoblanadi.

Ammo bugungi Oʻzbekiston sharoitida, Murojaatnomada aytilganidek, aholimizning 12-15 foizi kambagʻal sharoitda kun kechirayotgan hozirgi kunda taʼlim islohotlarida ijtimoiy himoya masalasining nazarda tutilishi kerak, albatta. Va bugungi islohotlarda bu narsa mavjud. U nimalarda koʻzga tashlanadi? Avvalo, yangicha mazmun va shaklda ochilayotgan Prezident va Ijod maktablari davlat byudjetidan moliyalashtiriladi va u yerda oʻqish tekin. Qobiliyatli oʻquvchilarni saralab olishning shaffof mexanizmlari asosida oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar turli ijtimoiy qatlam vakillarining farzandlaridir. Qolaversa, Murojaatnomada taʼlimda ijtimoiy himoya masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Oliy maʼlumot olaman, oʻz ustimda ishlab, ilmli boʻlaman, degan, yuragida oʻti bor, joʻshqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy taʼlim qamrovini oshirish toʻlov kontraktiga bogʻliq boʻlib qolmasligi zarur. Shuni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytiramiz...

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi...”

Prezidentimizning ushbu gaplari taʼlim islohotlarida ijtimoiy himoya masalasining aks etishiga yorqin misol boʻla oladi, albatta. Umuman, taʼlimda ijtimoiy himoya bizda davlat tomonidan kafolatlangan ekanini ham taʼkidlab oʻtishimiz kerak, nazarimda.

– Siz rahbarlik qilayotgan Chirchiq davlat pedagogika institutida taʼlim tizimidagi islohotlar sharoitida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Murojaatnomadan kelib chiqqan holda institutda yana qanday yangiliklarni joriy qilishni rejalashtirmoqdasiz?

– Muhtaram yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev 2019-yilning 23-avgust sanasida xalq taʼlimi tizimini rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida: “Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi... Maktab ishi bu umummilliy harakatga aylanishi kerak”, degan edilar. Darhaqiqat, maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Xuddi shu yigʻilishda yurtboshimiz pedagogik OTMlarning faoliyatiga tanqidiy baho berib, ularning maktablardagi oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirishdagi roli sezilmayotganini afsus bilan qayd etgan edilar.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu fikrlaridan kelib chiqib Chirchiq davlat pedagogika instituti sohaga innovatsiyalarni joriy qilish, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonlarining samaradorligini oshirish maqsadida pedagogik taʼlim innovatsion klasterini oʻzining asosiy strategik ilmiy tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgiladi. Bugungi kunda institutning katta ilmiy jamoasi pedagogik taʼlim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish, uni amaliyotga tatbiq etishning oqilona mexanizmlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdalar. Olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarining dastlabki natijalari olindi. Natijalar ijobiy. Hatto biz kutgandan ham yaxshiroq, deyish mumkin. Demak, pedagogik taʼlim innovatsion klasterining istiqboli bor. Toshkent viloyati tajribasi sifatida uni ommalashtirish, shubhasiz, pedagogik taʼlimda oʻzining ijobiy samarasini beradi.

Ayni paytda oldimizda qiladigan ishlarimiz ham koʻp. Pedagogik taʼlim innovatsion klasterini amaliyotga tatbiq etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishimiz, institutni kredit-modul tizimiga oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni tizimli amalga oshirishimiz kerak.

— Soʻngsoʻz oʻrnida nimalar degan boʻlardingiz?

– Men oʻz mulohazalarimni muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomada keltirilgan quyidagi fikrlari bilan yakunlamoqchiman: Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.

Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.

Bu yoʻlda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar boʻlmasin, barchasini mardona yengib oʻtishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning oʻzi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor boʻladi, deb ishonaman”.

Suhbatdosh Umid Xoʻjamqulov,

filologiya fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?