Murojaatlar prokuratura nazoratiga olindi

13:58 19 Aprel 2019 Jamiyat
271 0

Xalqimiz hayotini yanada farovonlashtirish, yurtimizning har bir hududini obod maskanlarga aylantirish, shuningdek, davlat hokimiyati organlari hamda mutasaddi rahbarlarning aholi bilan bevosita muloqotini yoʻlga qoʻyish orqali mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida fuqarolar bilan uchrashuvlar davom etilmoqda.

Shunday ochiq muloqotlardan biri Doʻstlik tumanidagi Musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari, adliya katta maslahatchisi A.Mavlonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi M.Ishbekov va Jizzax viloyatidagi boshqa mutasaddilar tomonidan oʻtkazildi.

Ommaviy qabul jarayonida Jizzax, Toshkent shaharlari, Doʻstlik, Mirzachoʻl, Arnasoy, Paxtakor, Zafarobod hamda Forish tumanlaridan fuqarolar 80 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qilishdi.

Uchrashuvda tadbirkorlik va kredit olish, sud-huquq, uy-joy, ish bilan taʼminlash, ish haqini undirish bilan bogʻliq savollar aholi tomonidan koʻproq berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari A.Mavlonov murojaatlarni oʻz oʻrnida ijobiy hal etishga ahamiyat qaratdi. Muammolar joyida hal etildi.

Shular orasida arnasoylik Goʻzal Hamidovaning murojaati ham bor. U ehtiyojmand oilalardan boʻlganligi sababli farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qildi. Arnasoy tumani mutasaddilari esa G.Hamidovaning farzandlarini “Nilufar” nomli 3-sonli maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishdi.

Arnasoy tumanida yashovchi Qizlargul Murodova oʻz mablagʻlari hisobidan uy bogʻchasini tashkil etgan. Bogʻcha uchun zarur boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish uning uchun ogʻir kechayotgan edi. Boʻlib oʻtgan muloqotdan keyin tuman hokimligi tomonidan uy bogʻchasiga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi taʼminlandi va muammo oʻz oʻrnida yechildi.

Taʼkidlash kerakki, sayyor qabulda aholi tomonidan tilga olingan muammolarning yechimi qoʻshimcha oʻrganish, muddat va mablagʻ talab etiladigan 69 ta murojaatlar yuzasidan viloyat va tuman tashkilotlari hamda idoralariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?