Murojaatlar mutasaddilar eʼtiboridan chetda qolmoqda. Nega?

11:18 20 Dekabr 2018 Jamiyat
581 0

Arxiv foto

Namangan shahridagi Bunyodkor va Guliston mahallalari haligacha markaziy gaz tarmogʻiga ulanmagan. Ustiga-ustak, bu singari mahallalarga suyultirilgan gaz yetkazib berish masalasi ham risoladagidek tashkil etilayotgani yoʻq. Koʻp qavatli uylardagi ahvol, ayniqsa, ularni isitish mavsumiga tayyorlash borasidagi kamchiliklar qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Misol uchun, Umid mahallasida joylashgan 6-turarjoy binosi 1961 yilda qurilgan. Hozirgi kunda avariya holatiga tushib qolgan joyda istiqomat qilayotgan 44 ta xonadon egalarining hasratidan chang chiqadi.Yuqori Rovuston mahallasidagi ikki qavatli uyning tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik tizimidan uzib qoʻyilganligi ham qishning qorli-qirovli kunlari boʻlsa-da, mutasaddilarni tashvishga solmayapti.

Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyati natijalarini xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining sessiyasiga taqdim etdi.

Viloyat markazi ahlini tashvishga solayotgan masalalar esa yuqorida qayd etilganidek, oz emas. Xususan, hududdagi ijtimoiy obyektlar faoliyati, shuningdek, 102ta mahallada istiqomat qilayotgan oilalar turmush sharoiti bilan tanishish jarayonida 13 mingdan ziyod muammolar yuzaga chiqdi.

Odamlarni koʻproq nimalar qiynayapti? Tabiiy gaz taʼminoti sohasida 4 ming 664 ta, turarjoy bilan bogʻliq 2 ming 735 ta, yoʻllar taʼmiri boʻyicha 756 ta, qisqasi, kundalik turmushda uchraydigan boshqa yoʻnalishlarda ham koʻplab muammolar aniqlangani haqiqiy ahvolni oydinlashtiradi.

Eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan kamchiliklar sogʻliqni saqlash, taʼlim, elektr energiya¬si taʼminoti sohalarida ham uchraydi va bu shahar ahlining eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Odamlar bu xususda mahalliy hokimiyat hamda tegishli idoralarga murojaat qilishyapti. Biroq muammolar hamisha ham yechimini topayotgani yoʻq. Ayrim rahbarlar faoliyatida rasmiyatchilik, deputatlar faoliyatida xoʻjakoʻrsinlik kuzatiladi. Aholi oʻz yechimini topmagan soʻrovlari yuzasidan respublika idoralariga takror va takror murojaat qilishga majbur boʻlyapti.

Oʻrganishlar jarayonida ishchi guruh va sektor rahbarlari nogironligi bor 40 nafar shaxsga maxsus aravachalarni topshirdi. 244 nafar fuqaro imtiyozli yoʻllanma bilan shifoxonalarga yotqizildi. Ichki yoʻllar taʼmiri, koʻchalarni obodonlashtirish boʻyicha anchagina ish qilindi. Barcha oʻrganilgan xonadon va obyektlarda aniqlangan muammoli masalalar “hudud.gov.uz” dasturiga kiritildi, maʼlumotlar bazasi, foto va videomateriallar tayyorlanib, sektor rahbarlariga taqdim etildi.

Sessiyada oʻrganish yakunlari, unda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?