Murojaatchining muammosi nechogʻli jiddiyligini uning salomidanoq bilish mumkin

10:58 08 Aprel 2019 Jamiyat
203 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Keyingi paytda aholining huquqshunoslarga murojaatlari koʻpayib bormoqda, - deydi psixolog, Guliston davlat universiteti oʻqituvchisi Kamola Xamroqulova. - Fuqarolar qonunlarni bilish,bu boradagi yangiliklardan xabardor boʻlish, shaxsiy hayotida duch kelayotgan muammolarni yechishda huquqshunoslar koʻmagidan keng foydalanishmoqda. Ularning huzuriga har kuni turli feʼl-atvordagi fuqarolar tashrif buyurishadi. Shu bois kasb etikasi har qanday holatda ham ulardan xushmuomala boʻlishni, murojaat qilayotgan fuqaroning holatini tushunib, muammosini hal etishda yordam berishni talab etadi. Bu borada qabulga tashrif buyurgan fuqaroning tashqi koʻrinishi, oʻzini tutishi, ostonadan kirib kelishi yoki salom berishidanoq muammosi nechogʻli jiddiy yoki jiddiy emasligini aniqlash mumkin. Shu bilan birgalikda qabul qiluvchi gapirgandan koʻra tinglab koʻproq maʼlumot olish, yaʼni baʼzi kishilar faqat oʻzlarini eshitishlarini xohlashi va oddiy suhbatdosh sifatida ularni tinglab, soʻngra muammosini hal qilib berish usullari ham yaxshi samara beradi. Faqat eʼtiborli boʻlinsa, bas”.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Muloqot madaniyati” deb nomlangan ikki kunlik mashgʻulotlarda Guliston davlat universiteti psixolog-oʻqituvchilari Kamola Xamroqulova va Shoira Fayziyeva tizim xodimlariga aholi bilan muloqotning ana shunday oʻziga xos jihatlari haqida tushunchalar berishdi, turli psixologik testlar oʻtkazildi.

– Davlat organlari va tashkilotlari rahbar-xodimlari va aholi oʻrtasidagi muloqotlar tobora ochiqlik, shaffoflik kasb etyapti, - deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Zebo Haydarova. – Eng muhimi bu yaqinlik aholini qiynab kelayotgan turli muammolarga yechim topishda mustahkam asos boʻlmoqda. Ayni chogʻda qabullar samaradorligini oshirishda kasb mahorati bilan birga muomala madaniyati ham katta ahamiyatga ega ekanligi amaliyotda oʻz aksini topmoqda. Shuning uchun ham “Muloqot madaniyati” tadbirlari har bir mehnat jamoalarida oʻtkazilishi maqsadga muvofiq deb oʻylayman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?