Murod Xontoʻrayevni pichoqlagan shaxslarga sud hukmi eʼlon qilindi

16:58 13 Avgust 2019 Jamiyat
100 0

2018-yilning 26-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Toshkent savdo markazi” (sobiq Turkuaz) hududida yakkakurash sport turining aralash turi boʻyicha jahon chempioni Murod Xontoʻrayev pichoqlab ketilgandi.

Keyinchalik, internetda MMA jangchisi Murod Xontoʻrayevning ofisiga uyushtirilgan hujumga oid videolar tarqaldi.

Xontoʻrayevning pichoqlanishi bilan bogʻliq holatda qator shaxslar tergovga tortilgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud matbuot xizmati vakili Aziz Obidovning Kun.uzʻga xabar berishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchilar S. Akbarov (1990-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), I. Abdulahatov (1991-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), S. Fatxullayev (1991-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan), O. Sadikov (1985-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan), J. Saynazarov (1988-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan), S. Vadenov (1992-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan) va T. Azizov (1992-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Akmal Ergashev raisligida hamda xalq maslahatchilari B. Muslimov va M. Mirhamidovdan iborat sud tarkibida koʻrib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va toʻliq oʻrganib, sudlanuvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “ye”, “k” bandlarida koʻzda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

Sudlanuvchilar yuqorida qayd etilgan jinoyatni 2018-yil 26-noyabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Toshkent savdo markazi” majmuasi binosining birinchi qavatidagi “PABLO” kafesi yonidagi ofisning ichida fuqarolar M. Xontoʻrayev, S. Zunnunov va I. Saidovga nisbatan sodir etishgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi S. Akbarovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, I. Abdulahatovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, S. Fatxullayevga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, O. Sadыkovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, T. Azizovga 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, J. Saynazarovga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi va S. Vadenovga 6 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudiga sudlanuvchilar tomonidan chiqarilgan hukmga nisbatan berilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan va hukm oʻzgarishsiz qoldirildi.

2019-yil 22-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchilar A. Nazarov (1992-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan), D. Qayumov (1991-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan) va S. Ortiqov (1992-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.

Ushbu sudlanuvchilarga yuqorida koʻrsatilgan sudlanganlar bilan bir guruhda boʻlganliklari haqida ayb eʼlon qilingan.

A. Nazarov, D. Qayumov va S. Ortiqov qidiruvda boʻlganliklari va endi ushlanganliklari sababli ularga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi alohida koʻrib chiqiladi.

Mazkur jinoiy ishni koʻrib chiqish boʻyicha sudda jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Abdulla Abdulxayev raislik qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?