Murabbiylikdan prokurorlikkacha. Yoxud afsonaviy futbolchining silliq kechmagan hayoti haqida

15:05 15 Sentyabr 2020 Sport
306 0

Yoshi ulugʻ futbol muxlislariga David Kipiani degan nom yaxshi tanish. Ammo Tbilisining “Dinamo” klubi hamda SSSR terma jamoasi aʼzosi sanalgan bu afsonaviy futbolchining faoliyati, hayoti silliq kechmaganini hamma ham bilavermaydi. Keling, barchasini boshdan hikoya qila qolaylik.

David 1951-yilda shifokorlar oilasida tugʻilgan. Tbilisidagi 35- futbol maktabida tahsil olgan.1968-yilda Gruziya oʻsmirlar terma jamoasi tarkibida Sochida oʻtkazilgan “Umid Kubogi” turnirida gʻolib chiqqach, Tbilisining “Dinamo” klubi oʻrinbosarlar tarkibiga qabul qilingan. Shu bilan bir vaqtda Tbilisi politexnika institutiga oʻqishga kirgan. Ammo ximik boʻlishga ishtiyoqi yoʻqligini anglab, TDUning yuridik fakultetida oʻqishni davom ettirgan. Ikki yil Gruziya poytaxtining boshqa bir jamoasi — “Lokomotiv”da oʻynagach, “Dinamo”ga qaytgan. 1971-yilda shu jamoa safida ilk oʻyinini oʻtkazgan. Tez orada SSSR terma jamoasiga taklif qilingan. Biroq yigʻinlar chogʻida tizzasidan jarohat olgani uning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Toʻgʻri, keyinroq ham mamlakat terma jamoasi murabbiylari eʼtiborida boʻldi. Ammo oʻsha kezlarda sobiq ittifoq terma komandasini Valeriy Lobanovskiy,Konstantin Beskov kabi taniqli murabbiylar boshqarishgan. Ularning biri Kiyevning “Dinamo”si, ikkinchisi esa Moskvaning «Spartak» klubi oʻyin uslubini terma jamoaga singdirishga urinar, taktikamizga mos tushmaydi, degan vaj bilan David Kipianini koʻpincha zaxira oʻrindigʻida qoldirishardi. Shu boisdan qahramonimiz terma jamoa safida juda kam — atigi 19-marta maydonga tushdi. Shunga qaramay 7 ta gol kiritdi. Shuningdek, olimpiya terma jamoasidagi 2 ta uchrashuvda 2 ta gol muallifi boʻldi. Shu ikki dalilning oʻziyoq David Kipianining oʻta mahoratli oʻyinchi boʻlganidan darak beradi.

Kipiani oʻyinni tashkil etish fazilatiga ega dispetcher futbolchi edi. Maydonni juda yaxshi koʻrardi. Safdoshlarini qoyilmaqom tarzda toʻp bilan taʼminlash ustasi sanalardi. Texnikasi yuqori, zarbasi kuchli edi.Uning maydondagi harakatlarini koʻrish uchun stadionga atayin keladigan muxlislar son-sanoqsiz edi. Darvoqe, sobiq ittifoq chempionati doirasidagi uchrashuvlarda u Tbilisining “Dinamo”si tarkibida Toshkentga ham bir necha bor tashrif buyurgan, “Paxtakor”ga qarshi toʻp surgan. Toʻpni oʻz izmiga boʻysundira bilgan bu futbolchining imkoniyatlaridan sobiq ittifoq terma jamoasida oqilona foydalanilmaganini uning oʻyinini muntazam kuzatib borgan kishilar hali-hanuz afsus bilan eslashadi. Bunga bir jihatdan jarohat ham xalal berdi. Masalan, 1981-yilda oyogʻi lat yedi. Oqibatda 1982-yilgi jahon chempionatiga bora olmadi. U katta futboldagi faoliyatini tugatganida xalqaro toifadagi sport ustasi, SSSRda xizmat koʻrsatgan ustasi unvonlariga ega edi.

Shundan soʻng Kipiani murabbiylikda oʻzini sinab koʻrdi. 1983-yilning oxirida afsonaviy Nodar Axalkatsi oʻrniga “Dinamo” (Tbilisi) jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Jamoa asta-sekinlik bilan chempionatdagi mavqeini tiklay bordi. Ammo 1986-yilda uni murabbiylikdan chetlashtirishdi. Ajablanarlisi, bunga jamoa qayd etayotgan natijalar emas, balki Kipianining turmush oʻrtogʻidan ajrashgani sabab boʻldi. Oʻsha paytdagi tuzum taomiliga, aniqrogʻi mafkurasiga koʻra, shunday yoʻl tutildi. Vaholonki, bu paytda jamoa chempionatda boshqa bir komanda bilan 3-4- oʻrinlarni boʻlishib turgandi.

Oqibatda Kipiani ishsiz qoldi. Ammo sandiqda sargʻayib yotgan diplomi joniga ora kirdi, doʻstlarining koʻmagi asqatdi. Tez orada u SSSR Bosh prokuraturasiga ishga qabul qilindi. Bu nufuzli tashkilotda Kipiani umumiy nazorat boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari vazifasida ham ishladi. Lekin hayotining eng qaynoq damlarini futbolga bagʻishlagan kishi “millionlar oʻyini”dan qanday qilib uzoqlashsin? Xullas, 1988-yilda prokuraturadan boʻshadi va Tbilisining “Dinamo”siga bosh murabbiylik qilishga kirishdi. Keyinchalik esa Kiprning «Olimpiakos» klubini boshqardi. Biroz muddat oʻtgach, vataniga qaytib, yana “Dinamo”ga, soʻngra Gruziya terma jamoasiga bosh murabbiylik qildi.

2001-yilning 17-sentyabri gruzin futboliga ogʻir yoʻqotishni olib keldi. Kipiani avtohalokatga uchradi. Shifoxonaga yetmay turib vafot etdi. Ayrim gap-soʻzlarga qaraganda, mashinasida katta tezlikda ketayotgan Kipiani qoʻl telefonida gaplashayotib, avtoulovni boshqara olmay qolgan. Avtohalokat sodir boʻlishidan bir necha soniya avval unda infarkt roʻy bergan, degan taxminlar ham bor.

Maqolamiz yakunida bu isteʼdod egasining yutuqlarini yodga olmoqchimiz. U qadrdon "Dinamo”si bilan 1978-yilda sobiq SSSR chempioni boʻlgandi. Shu chempionatning kumush va bronza medallari sohibi edi. Ikki bor mamlakat kubogini boshi uzra koʻtargandi.1981-yilda “Dinamo” tarkibida Yevropa Kubok egalari Kubogi sohibiga aylangandi. 1976-yilgi Olimpiadada bronza medalini qoʻlga kiritgandi. Xuddi shu yili mamlakat terma jamoasi bilan yoshlar oʻrtasidagi Yevropa chempionati gʻolibi boʻlgandi. U 1977-yilda mamlakatning eng kuchli futbolchisi, deb topilgan. Mavsumning eng kuchli 33 futbolchisi roʻyxatidan 6-marta oʻrin olgan. 115 ta gol kiritgan holda Grigoriy Fedotov klubi aʼzolari safiga qoʻshilgan.

Kipiani ikki bor uylangan. Uch oʻgʻli bor.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?