Muqobil energiya manbaida ishlovchi sement zavodlar soni yana bittaga koʻpaydi

18:03 13 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
223 0

Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha qurilish mahsulotlari qatorida sementga boʻlgan talab ham yanada oshmoqda. Mavjud talabni qondirish, mahalliy bozorni arzon, sifatli sement mahsuloti bilan taʼminlash boʻyicha bugungi kunda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, bosqichma-bosqich yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda. Bu haqda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilning 12-yanvar kuni “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida yangi sement zavodining birinchi bosqich loyihasi ishga tushirildi. Tantanali marosimda viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev, mutasaddi tashkilot vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

“Fargʻona Yasin qurilish mollari” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 200 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Uskunalar zamonaviy, energiya tejamkor boʻlib, Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan. Eʼtiborlisi, mazkur korxonada muqobil yoqilgʻi turi koʻmirdan foydalaniladi. Bu yerda bir kunda 2 ming 500 tonna sifatli sement ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Loyihaning birinchi bosqichida 113 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 300 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi. Ishga tushirilgan yirik sement zavodi nafaqat viloyat, balki, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutishishi shubhasiz.

Ushbu investitsion loyihani amalga oshirish uchun aynan mazkur hudud tanlangani bejizga emas. Chunki, bu yerda ulkan xom ashyo zaxirasiga ega sement, ohaktosh va tuproq (glina) konlari mavjud. Korxonada yiliga 2 million tonna sifatli sement ishlab chiqariladi. Loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushgach, 700 nafar mahalliy aholi doimiy ish taʼminlanadi.

Korxonaning umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 2 mln. tonnani tashkil etadi. Zavodni qurish ishlari 1 yil davomida olib borildi.

Korxonada ishlab chiqariladigan yuqori sifatli sement mahsulotlari nafaqat ichki bozorda sotiladi, balki, uning maʼlum qismi eksport qilinishi koʻzda tutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?