Muqaddas qadamjolar obodonlashtirilmoqda

12:10 12 Mart 2018 Madaniyat
490 0

Xorazm viloyatida muqaddas qadamjolarning obodonlashtirilishiga alohida e’tibor berilmoqda.
— Davlatimiz rahbari o’tgan yil boshida Xorazm viloyatiga tashrifi chog’ida Xivadagi Pahlavon Mahmud ziyoratgohini obod qilish bo’yicha topshiriqlar bergan edi,— deydi O’zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg’armasining Xorazm viloyati bo’limi “Pahlavon Mahmud” ziyoratgohi rahbari Alijon Matyoqubov. — Ayni kunda bu erda keng ko’lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
XIX asr boshlarida Xiva xoni Muhammad Rahimxon davrida qurilishi boshlanib, 1825 yilda Olloqulixon tomonidan   bitkazilgan ushbu obida qayta ta’mirlash ishlaridan keyin yangicha qiyofa kasb etib, sayyohlar e’tiborini tortadigan fusunkor me’moriy inshootlardan biriga aylanadi.
Ziyorat turizmini rivojlantirish tadbirlari doirasida Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy ziyoratgohida loyiha qiymati 4,5 milliard so’m bo’lgan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Shu kunlarda viloyatda O’zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg’armasi hamda homiylar hisobidan  2018-2019 yillar davomida rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash ishlari bajariladigan eski masjidlar ro’yxati ham shakllantirilmoqda.
Odilbek ODAMBOEV,
«Xalq so’zi» muxbiri.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?