Mun Chje In: Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi erasiga qadam qoʻymoqda

14:15 19 Aprel 2019 Siyosat
311 0

Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tor va keng doirada muzokara oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, bu uzoq kutilgan va muhim tashrif ekanini taʼkidladi.

– Janubiy Koreya Oʻzbekistonning ishonchli va ustuvor sherigi. Men 2017 yilgi uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman. Muzokaralarimiz samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan, salmoqli hujjatlar imzolangan edi. Bu keyingi yillardagi hamkorlik rivojiga asos boʻldi. Sizning ushbu tashrifingiz davlatlararo munosabatlarimizga yangi impuls beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koreya Respublikasi Prezidenti Oʻzbekistonga taklif uchun minnatdorlik bildirdi.

– Oʻzbekiston qadimiy va boy tarixga ega, Buyuk ipak yoʻlining markazi boʻlgan oʻlka. Bugungi kunda mamlakatingiz oʻz taraqqiyotining yangi erasiga qadam qoʻymoqda. Oʻzbekistonni Janubiy Koreyaning savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan “Yangi shimoliy siyosat”ida muhim oʻrin tutuvchi sherik deb bilamiz. Sizning Seulga tashrifingiz chogʻida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga erishgandik. Bu safar uni alohida strategik darajasiga koʻtarish niyatidamiz, – dedi Mun Chje In.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni topish, “soatlarni solishtirib olish” maqsadida siyosiy muloqot va maslahatlashuvlarni faol davom ettirish boʻyicha yakdil fikr bildirildi.

Ikki mamlakat hamkorligi, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini kengaytirish maqsadida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalardagi oʻsish surʼatlari ijobiy baholanib, uni yanada oshirish uchun imkoniyatlar koʻpligi qayd etildi. Shu maqsadda huquqiy va institutsional infratuzilmani takomillashtirish, turli darajadagi tashriflar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi uchrashuvlarni koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Muloqot chogʻida tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Janubiy Koreya Oʻzbekistonning mintaqada yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarini kamaytirish, Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga koʻmaklashishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Oʻzbekiston Koreya Respublikasining Koreya yarim orolida hamjihatlikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tinchliksevar siyosatini maʼqullaydi.

Keng doiradagi muzokaralarda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi deyarli barcha jabhalarni qamrab olgan. Savdo sohasida eng koʻp qulaylik tartibi oʻrnatilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya oʻzaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim oʻrin tutmoqda. Joriy yil 4 martda Toshkentda uning toʻqqizinchi majlisi boʻlib oʻtdi. 2018 yilda iqtisodiy masalalar boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosarlari majlisi formati ham yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard 130 million dollardan oshib, keyingi yillardagi eng yuqori koʻrsatkich qayd etildi.

Mamlakatimizda koreyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 660 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 354 tasi yuz foiz xorijiy sarmoya hisobidan tashkil qilingan.

Janubiy Koreya tomoni Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi. Bu mamlakatimizga investitsiyalar va yuqori texnologiyalar kelishini koʻpaytirib, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, doimiy ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston energetika, neft-gaz, kimyo, konchilik, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, mashinasozlik, elektr texnikasi, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Janubiy Koreya kompaniyalari mamlakatimizda oʻzlarini erkin va qulay his qilishlari uchun har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi.

Muzokarada mazkur sohalardagi yangi imkoniyatlar, ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida korxonalar tashkil etish, “elektron hukumat”ni rivojlantirish, innovatsion va ijtimoiy sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Gumanitar soha Oʻzbekiston va Janubiy Koreya aloqalarining yana bir muhim, kompleks yoʻnalishidir. Bugungi kunda axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, taʼlim, madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Mamlakatimizning maktabgacha taʼlim tizimiga Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Janubiy Koreya Prezidenti ilgʻor tajribalardan foydalanish va kadrlar malakasini oshirishga hissa qoʻshishga tayyor ekanini bildirdi. 

Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoyevni oʻzi uchun qulay vaqtda Janubiy Koreyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?