Muloqot — muammolarning samarali yechimi

12:30 18 May 2018 Jamiyat
353 0
Foto: pixabay.com

Norin tumanida “Yoshlar — kelajak bunyodkori” Davlat dasturini amalga oshirish, joylarda aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazish orqali mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal qilish masalasi bo‘yicha respublika ishchi guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Aytish kerakki, 155 ming aholining 60 foizdan ziyodi yoshlar bo‘lgan mazkur tumanda yigit-qizlar bandligini ta’minlash bugunning muhim masalalaridan biridir. Ayniqsa, olis qishloqlarda ishsiz yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, ishchi guruhi ushbu masalani chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda. Dastlabki uch kunning o‘zida 50 nafar yosh ishga joylashtirildi. 36 kishiga esa yangi mehnat jamoalariga yo‘llanmalar berildi.

Biznes yuritishni maqsad qilgan, biroq bu borada muayyan tajribaga ega bo‘lmagan, boshlang‘ich sarmoya masalasida yoki ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bino, yer uchastkasi olishda muammoga duch kelayotgan yoshlar Norinda ham topiladi. Shu bois belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratish hamda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan targ‘ibot loyihasi doirasida jami 120 dan ortiq ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda 153 fuqarodan ishbilarmonlik faoliyati uchun kredit olish masalasida murojaat kelib tushdi. 24 kishiga qisqa vaqt ichida 205,5 million so‘mlik kreditlar ajratildi. Masalan, Yaydoq qishlog‘ida yashovchi Ilhom Saidkamolov yog‘ochni qayta ishlash va o‘ymakorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Biroq boshlang‘ich sarmoyaning yo‘qligi uning o‘z loyihasini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilayotgandi. Kasb-hunar kollejini bitirayotgan yigit endi tijorat bankidan 17 million so‘m kredit mablag‘i oladi. 

Xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bir qator yoshlarning ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan bog‘liq muammolari ham ishchi guruhi ko‘magida o‘z yechimini topdi.

— Bir necha yildan buyon quyonchilik hamda parrandachilik bilan shug‘ullanib kelayapman, — deydi “Omadbek Bo‘ston” fermer xo‘jaligi rahbari Temurbek Mo‘minov. — Rossiya va Qozog‘istondan olib kelingan zotli quyonlar ham tez ko‘payadi, ham tez semiradi. Afrikaning “Sesarka” zotli yovvoyi parrandasidan to‘rtta bor. Endi tuyaqush ham boqmoqchiman. Ammo jonivorlarni parvarishlash, ozuqasini yetishtirish uchun yer kerak edi. Mazkur muammo ishchi guruh tomonidan hal etib berildi. Menga bir gektar yer ajratiladigan bo‘ldi.

“Norin qaldirg‘ochi” xususiy korxonasi bolalar aravachalari, kichkintoylar uchun mebellar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlik sub’ekti bundan bir necha yil avval o‘zi tayyorlagan milliy beshiklar bilan eksportga chiqqanini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Ammo ishlab chiqarish maydoni yo‘qligi bois ushbu jamoa qator muammolarga duch kelmoqda. Xususan, ijaraga olingan joy ancha tor. Sharoitni ko‘rgan ishchi guruhi mahalliy hokimiyat bilan kengashib, tuman markazidagi foydalanilmay turgan binoni korxonaga berish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Haqqulobod shahridagi yana bir bo‘sh turgan bino mebelsozlik bilan shug‘ullanib kelayotgan o‘nga yaqin hunarmandlarga “nol” xarid qiymatida beriladigan bo‘ldi.

Yuqori Cho‘ja mahallasidagi uchrashuvda xususiy tadbirkor Elyor Olimov tasarrufida o‘nlab tikuv mashinalari borligi, biroq buyurtmachi hamkor topishga qiynalayotganini aytib, mahsulotlari namunasini ko‘rsatdi.

— Mana, biz sizga hamkor bo‘lamiz, — dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev. — Boshlanishiga Namangan viloyatidagi tengdoshlaringiz uchun ming dona futbolka tikib bering. Keyin navbatdagi buyurtmalarni olasiz.

11 may kuni Haqqulobod yoshlar bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Norin tumani hokimligi hamkorligida “Yoshlar — kelajak bunyodkori” shiori ostida tashkil qilingan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ishtirokchilarning aksariyati doimiy mehnat joyiga ega bo‘lishdi. Ushbu tadbirda Uchqo‘rg‘on hamda Norin tumanlari va Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan 230 ga yaqin korxona hamda tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari 3000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etishdi. Pirovardida 1408 nafar yigit-qizga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, yarmarkada 8 ta tijorat banki tomonidan kredit olish istagida bo‘lgan 248 nafar fuqaro ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, chet elda ishlamoqchi bo‘lgan 61 kishiga Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Namangan viloyati filiali tomonidan tashkiliy ravishda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha maslahat berildi.

“Obod ko‘ngil” loyihasi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda ichki ishlar profilaktik hisobida turuvchi yoshlardan 85 nafari To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Ishoqxon to‘ra Ibrat” majmuasiga sayohatga olib borildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan taqdim qilingan yana bir loyiha tuman yoshlarining axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatga molik. Gap shundaki, bu yerda ish boshlagan “Yoshlar pochtasi” tarmog‘i faoliyatini Kengash moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi. 10 nafar xabarchiga bepul velosiped taqdim etildi. Endi ular “Xalq so‘zi” va “Yoshlar ovozi” gazetalari, “Dugonalar” hamda “Yosh kuch” jurnallarining tuman ahli uchun rasmiylashtirilgan bepul nusxalarini tezkorlik bilan joylarga yetkazishadi.

— Norinda esayotgan o‘zgarish shamollaridan hamma xursand, — deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Rahima Rasulova. — Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban aholining tashabbuskorligi, hudud taraqqiyotiga mas’uliyati ortayapti. Mahallasi obodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotganlar ibrati bunga misol. Jumladan, haqqulobodlik tadbirkor Davron Zaylobiddinov tuman markazidagi bog‘da akvapark qurish taklifi bilan chiqdi. Ikki nafar ishbilarmon esa o‘zi yashayotgan hududda kutubxona tashkil qilmoqchi.

Ishchi guruhining tuman qishloqlaridagi faoliyati davom etayapti. Bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi esa norinlik yoshlar hayotini yanada yaxshilash, ularning bugunidan rozi bo‘lishini ta’minlash hamda ertangi kunga ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?