Muhtojlarga bir ikki martalik koʻmak berish bilan asosiy muammoni bartaraf etib boʻlmaydi

11:50 14 Avgust 2020 Siyosat
254 0

Jamiyatdagi koʻplab masalalar bevosita mushohada qilishga chorlaydi. Ulardan biri kambagʻallikdir. Kambagʻal, deganda koʻz oldimizga boshpanasi, libosi, ovqatlanishi nochor odam gavdalanadi. Beixtiyor bir necha savollarga javob izlay boshlaysiz.

Qanday qilib kambagʻallik domiga tushib qolgan? Oʻziga toʻq odam ham kambagʻal boʻlib qolishi mumkinmi? Kambagʻallikdan qutulsa boʻladimi? Kambagʻal boʻlib qolmaslik uchun nima qilish kerak?.. Ushbu savollarni oʻqib turib, birdan javoblaringizni oʻzingizga yoki boshqalarga bildira boshlaysiz. Bu borada koʻplab bahs-munozara qilish, hatto yon atrofimizdan yoki hayotimiz davomida guvohi boʻlgan bir qancha misollarni ham keltira boshlashimiz mumkin.

Mamlakatimizda ham 4-5 mln. atrofidagi fuqarolarimiz kambagʻal boʻlib yashayotganini Prezidentimiz alohida taʼkidlaganini koʻpchiligimiz bilamiz.

Endi ushbu qatlamni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha koʻplab amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri kuni kecha qabul qilingan “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori hisoblanadi.

Qaror 17 banddan iborat boʻlib, bir qancha dolzarb masalalarni oʻz ichiga olgan. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlarini tashkil etish. Bunga xususiy sektor vakillarini ham jalb etish koʻzda tutilmoqda.

Xoʻsh bu markazlarning odamlarga qanday foydasi bor?

Bilamizki, kundan kunga mehnat bozorida ham raqobat kuchaymoqda. Bu esa sifatni yuqori darajaga olib chiqmoqda. Mehnatingiz sifatli boʻlishi uchun oʻz sohangizni malakali xodimi boʻlishingiz talab etiladi.

Mazkur raqobatda yutqazmaslik va kambagʻal hamda ishsizlarni himoya qilish maqsadida ularni tashkil etiladigan markazlarda turli kasblarga oʻqitish orqali kichik mutaxassislar tayyorlash nazarda tutilmoqda. Yoki eng sermahsul soha boʻlgan tadbirkorlik sirlari oʻrgatiladi.

Ushbu tashabbusga birinchilardan boʻlib har bir tuman va shahar kesimida kambagʻal va ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni jalb etish nazarda tutiladi.

Eʼtiborli jihati, kasb-hunarga oʻqitish markazlari bevosita ishlab chiqarish bilan birga oʻqitiladi, bitiruvchilarining kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek, baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi.

Bu hujjatni qoʻlga kiritgan shaxs nafaqat oʻzimizda balki, chet el davlatidagi salohiyatli korxonalarida ham bemalol ishlashi mumkin boʻladi.

Yana bir jihat, ushbu kasbiy malaka sertifikatini (Skills pasporti) olgan bitiruvchilarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kasb-hunarga oʻqish va malaka imtihonini topshirish xarajatlarini qoplash, tadbirkorlikka jalb etish va oʻzini oʻzi band qilganlik uchun ragʻbatlantirish subsidiyalarini ajratish hamda oʻz biznesini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratishga yoʻllanma berish kabi imtiyozlar beriladi.

Qarorda belgilanganidek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam taʼminlangan va mehnat migrantlari oilalarining aʼzolari, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun oʻqitish kurslari bepul boʻlishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga, nafaqat oʻzimizda balki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari koʻpchilikni tashkil etadigan Rossiya Federatsiyasining hududlarida davlat hamda nodavlat taʼlim muassasalari va markazlari bilan muzokaralar olib borib, mazkur hududlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizni kasb-hunarga va rus tiliga, ayniqsa, kechki payt (ish vaqtidan keyin) oʻqitishni tashkil etish, shu jumladan, oʻqitish uchun joy, oʻquv qoʻllanmasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash choralari masʼullarga vazifa qilib belgilanmoqda.

Fikrimizcha, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga bir ikki martalik koʻmak berish bilan muammoni bartaraf etib boʻlmaydi. Tarixdagi yorqin misollar fikrimizni isbotlaydi. Biroz achchiq boʻlsa ham, yana oʻsha gapni eslashga toʻgʻri kelyapti: “odamlarga baliq emas, qoʻliga qarmoq berib, baliq tutishni oʻrgatish kerak”.

Hujjatda barchasi aniq bayon etilgan, moliyaviy masalalar manbasi, masʼullar aniq koʻrsatilgan. Bu yogʻi ijroga bogʻliq. Biz, parlament aʼzolari ijro qanday boʻladi, deb kutib oʻtirmaymiz, albatta. Masʼul tashkilotlar bilan birga faol ishtirok etamiz.

Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?