Muhtasham jamlanma

17:08 27 Avgust 2019 Madaniyat
152 0

Xalq ogʻzaki ijodi nafaqat bir millatning, balki jahon adabiyotining ajralmas qismini tashkil etadi. Unda insonlar taqdiri, elning oʻziga xos ichki dunyosi oʻz aksini topadi. Bu haqida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida boʻlib oʻtgan “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildlik majmuaning dastlabki 15 jildi taqdimotida ham batafsil soʻz yuritildi. Ushbu jamlanma Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilib, OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan xalqimiz badiiy tafakkurining tarixiy-tadrijiy rivoji va taraqqiyot qonuniyatlarini oʻzida aks ettirgan, muhtasham maʼnaviy qadriyatlar silsilasi chuqur oʻrganilib, u haqdagi maʼlumotlar tahlil qilindi va xalqimiz orasida yanada keng tarqatish hamda targʻib qilish maqsad qilib belgilandi.

Maʼlumotlarga koʻra, ushbu nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qoʻshiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, ogʻzaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlarni ham oʻz ichiga oladi.

Tadbirda oʻzbek folklorshunosligi tarixida yana oʻnlab dostonlar ilk bor nashrga tayyorlanayotgani alohida eʼtirof etildi. Ayni kunlarda mazkur kitoblarning navbatdagi jildlarini tayyorlash ustida ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Yil soʻngiga qadar yana 5 jild jamlanma tayyorlanib, jami 20 jilddan iborat “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” toʻplami kitobxonlar eʼtiboriga havola etish rejalashtirilgan.

— Xalqimiz azal-azaldan soʻz va kuy bilan birga hamnafas yashab kelgan. — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, baxshi Otajon Matyoqubov. — Toʻylarda termalar aytish ilgari urf boʻlgani ham buning bir kichik isbotidir. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, asrlar osha ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan boy madaniy merosimizni asrab-avaylab yozma holatdagi jamlanmasini kelajak avlodga yetkazish va boy tarixiy qadriyatlari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishini taʼminlash.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?