Muhim vazifalar “Yo‘l xaritasi”da aks etadi

12:24 05 Iyun 2018 Siyosat
730 0

Avval xabar qilinganidek, may oyining oxirgi o‘n kunligida Oliy Majlis Qonunchilik -palatasi deputatlari hamda Senati a’zolaridan iborat guruh joylarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish barobarida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi holatini tahlil qilish, bu boradagi mavjud kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini o‘rgangan edi. Ayni chog‘da ushbu masalalar tegishli tuman Kengashi sessiyalarida mufassal ko‘rib chiqildi.

Chunonchi, xalq deputatlari Toshkent shahar Yunusobod tumani Kengashi sessiyasida parlament a’zolari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari qizg‘in muhokama qilindi.

Eng avvalo, tuman hokimi, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i rahbarligidagi sektorlarda ishni tashkil etish hamda aholi xonadonlarini o‘rganish natijasi bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni shakllantirishda qator qamchiliklar mavjudligi aytib o‘tildi. Masalan, tuman hokimi sektori shtabida 2018 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmagan, tuman IIB boshlig‘i rahbarligidagi sektorda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish jarayonida aniqlangan muammolarning natijalari oxirigacha nazoratga olinmagan, tuman DSI boshlig‘i rahbarligidagi sektordagi “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan masalalarning ijrosi monitoring qilib borilmagan.

Sessiyada tuman maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha olib borilgan o‘rganish yakunlariga jiddiy e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, mavjud jami 55 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining umumiy quvvati 14 ming 340 nafar bolani tashkil qilib, amalda 16 ming 856 nafar bola tarbiyalanmoqda. So‘nggi besh yil davomida tumandagi MTMdan 28 tasida joriy, mukammal ta’mirlash yoki rekonstruksiya ishlari uchun mablag‘lar ajratilmagan. Mazkur masala “Yo‘l xaritasi”ga ham kiritilmagan.

Majlisda aholini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bugungi kunda tuman bandlik markaziga 347 ta korxona tomonidan

1777 ta bo‘sh ish o‘rni haqida ma’lumot berilgan. 78 nafar fuqaro ijtimoiy himoyaga olinib, ishsiz, deb e’tirof etilgan. Joriy yilning 4 oyi davomida ikki marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilib, unda 32 nafar fuqaro,

20 nafar yosh hamda 18 nafar xotin-qizga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berilgan, xolos.

Tahlillar natijalariga ko‘ra, tumanda kommunal to‘lovlar bo‘yicha ijro intizomi ham og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Aholi xonadonlarining 61 mingdan ziyodi ko‘p qavatli uylarda bo‘lib, ularning 41 ming 233 tasiga gaz hisoblagich o‘rnatilmagan. Foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan, 1 may holatiga ko‘ra, tabiiy gazdan qarzdorlik 33,6 milliard so‘mni, issiqlik ta’minoti bo‘yicha

9,3 milliard so‘mni, elektr energiyadan 4,4 milliard so‘mni, ichimlik suvidan 3,9 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Sessiyada tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish, dasturlar ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish masalalari har tomonlama muhokama qilindi. Har bir sektorning amalga oshirilgan ishlari, aniqlangan muammo va kamchiliklarning obyektiv hamda subyektiv omillari tahlil etilib, zarur tavsiyalar berildi. Shulardan kelib chiqib, tuman “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Ziyoda ASHUROVA,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?