Muhim qonun kuchga kirdi

13:11 22 Iyun 2020 Jamiyat
257 0

Arxiv foto

2019-yilning 16-dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni joriy yil 17-iyun kunidan boshlab kuchga kirdi. Mazkur Qonunning ahamiyati, shubhasiz, mamlakatimiz kelajagiga daxldordir.

2017-yilda oʻtkazilgan tahlillar maktabgacha taʼlim sohasida olib borilayotgan ishlarning samarasi va natijasi talab darajada emasligini koʻrsatdi. Xususan, soʻnggi 20 yil davomida mamlakatimizdagi davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalari soni 45 foizdan ziyodroq kamaygan, respublika boʻyicha bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishi atigi 30 foizni tashkil etar edi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi va pedagog kadrlar sifati zamon talabiga javob bermasdi.

Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentyabrdagi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etilishi sohada tub islohotlarning amalga oshirilishiga zamin yaratib berdi.

Natijada birgina Navoiy viloyatida 2018-2020-yillar davomida 67 ta yangi davlat MTTlari tashkil etilib, ularning soni 199 taga (2017-yilda 132 ta) va bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrovi esa qariyb 30 foizga oshib, 63.2 foizga (2017-yilda 34.1 foiz) yetkazildi. Bundan tashqari, shu davrda 13600 quvvatga ega 364 ta nodavlat MTTlari tashkil etildi.

Bugun ota-ona farzandini davlat bogʻchasiga berish uchun kimningdir eshigi oldida soatlab kutib turishi shart emas. Hammasi shaffof, korrupsiyadan holi, yaʼni davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi va elektron navbatga turadi. Bu qisqa fursatda butun bir tizim qayta isloh etilganidan dalolat. Sohaga oid qabul qilingan Qonun, Farmon va qarorlar esa tizimni rivojlantirishning huquqiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda.

Kuchga kirgan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonun bilan har bir bolaning maktabgacha taʼlim va tarbiya olishga boʻlgan huquqi amalga oshirilishini taʼminlash, bolalarning maktabgacha taʼlim va tarbiyaga toʻliq qamrab olinishida hamda alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalarning sifatli taʼlim va tarbiya olishida shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirish kabi muhim vazifalar ushbu sohada davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari qilib belgilandi.

Bundan tashqari, qonunning 6-moddasida har bir bola maktabgacha taʼlim va tarbiya olish huquqiga egaligi, davlat har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida umumiy oʻrta taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqi kafolatlab qoʻyildi. Bu orqali bolaning maktabga borishidan bir yil oldin maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tayyorgarlikdan oʻtishi majburiy taʼlimning muhim qismiga aylandi.

Shuningdek, ushbu Qonun bilan tegishli vazirlik va boshqaruv organlarining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari aniq belgilab berildi. Masalan, 9-moddada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayoni sifati ustidan nazoratni va monitoringni amalga oshirishi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishi, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida litsenziyalar berishi kabi vakolatlarga egaligi koʻrsatib oʻtilgan. 11-moddaga muvofiq esa Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul malakali tibbiy yordam koʻrsatishi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda bolaning yoshiga va fiziologik ehtiyojlariga mos keladigan, ratsional hamda mutanosib ovqatlanishi uchun maktabgacha taʼlim tashkilotidagi tabiiy mahsulotlar toʻplamini belgilashi, alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan davolash-sogʻlomlashtirish, reabilitatsiya, sanitariya-gigiyena va profilaktika tadbirlarini oʻtkazishi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishini tashkil etishi lozim boʻladi. Shu tartibda tegishli moddalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ham maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari koʻrsatib oʻtilgan.

Shu oʻrinda Qonuning eng muhim boʻlgan yana bir moddasi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtish lozim. Yaqin yillargacha yangi aholi punktlarida bogʻcha qurilishiga deyarli eʼtibor berilmas edi. Endilikda esa shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari tashkil etilganda, turar joy majmualari qurilganda, tegishli hududda maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan soni oshganda majburiy tartibda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etiladi. Qonuning 23-moddasiga koʻra, yangi turar joy majmualarini loyihalashtirish va qurishda har bir ikki yuzta xonadon yoki yakka tartibdagi uylar uchun kamida ellikta oʻrindan kelib chiqqan holda maktabgacha taʼlim tashkilotining mavjud boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan.

Qonunning 37-moddasida maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul tibbiy yordam olishi, sogʻliq uchun xavfsiz boʻlgan sharoitlarda taʼlim olish va tarbiyalanishi, bolalarni mehnat qilishga majburlashning har qanday shakllaridan, jismoniy va ruhiy zoʻravonlikdan, oʻz shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishidan himoyalanishi, umumiy oʻrta taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishi kabi huquqlari, 38-moddasida bolaning qonuniy vakillarining, 39-moddasida esa maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquq va majburiyatlari belgilab qoʻyilgan boʻlsa, 42-moddasida Pedagogning kasbiy standarti tushunchasi kiritildi va standartlari ishlab chiqildi. Qonuning 44-moddasida maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlari ishlab chiqildi. Bunda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, pedagog faoliyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari va jismoniy nuqsonlari boʻlgan shaxslar, ilgari oʻzlarining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, sudlangan yoki amnistiya akti qoʻllanilgan shaxslar maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emasligi aniq koʻrsatib berildi bu esa tizimda korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni taʼminlaydi. Qonunning 51-moddasi bilan maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarlariga direktor maqomi berildi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bizning eng katta boyligimiz farzandlarimizdir. Ularni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalash, sifatli taʼlim-tarbiya berish bugun davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ana shu yoʻldagi muhim huquqiy kafolatdir.

Oʻtkir TILLAYEV,
Navoiy viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?