Muhammad al-Jindiy: Akademiya salohiyatidan hayratga tushdim!

15:21 27 Noyabr 2019 Madaniyat
150 0

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Qozogʻistondagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori Muhammadash-Shahhat al-Jindiy hamda taʼlim boʻlimi boshligʻi Jalgʻas Sandыbayev tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Qozogʻistondagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, muqaddas islom dini va madaniyatining asl mohiyatini dunyo jamoatchiligiga tushuntirish, taʼlim muassasalari oʻquv dasturi va darsliklari, professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchi hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida muzokaralar oʻtkazildi.

Suhbat davomida “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori Muhammadash-Shahhat al-Jindiy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, oʻzi rahbarligidagi taʼlim taʼlim muassasasi faoliyatiga toʻxtalib oʻtdi.

— Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini diniy va dunyoviy bilimlar uygʻun holda oʻqitib kelinayotgan dunyodagi nufuzli oliy taʼlim dargohlaridan biri sifatida bilaman, — deydi Muhammadash-Shahhat al-Jindiy. — Oʻzbekiston olimlari qadimdan dunyo ilm-fani tamadduniga katta hissa qoʻshgan. Muqaddas dinimizda din va dunyoviy bilimlar teng qoʻyiladi. Bu haqda muqaddas Qurʼon kitobi va aynan sizning yurtingizda kamolga yetgan buyuk muhaddis olimlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy toʻplangan koʻplab hadislarda keng bayon etilgan. Yoshlarning barkamol voyaga yetishi va dunyoda raqobatbardosh mutaxassis sifatida oʻz oʻrniga ega boʻlishida bu juda muhim omil. Men akademiya salohiyatidan hayratga tushdim!

2019-yil “Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili”, deb eʼlon qilingani munosabati bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuv har ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi. Bunda, albatta, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va hamkorlik aloqalari muhim ahamiyatga ega. Zero, xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik, yaqin qoʻshnichilik rishtalari ilm-fan, madaniyat va diniy-maʼrifiy sohalarda ham rivojlanib borayotgani yoshlar taʼlim-tarbiyasida ham oʻz ijobiy samarasini koʻrsatishi, shubhasiz.

Uchrashuv doirasida islom olamidagi taniqli olim Muhammadash-Shahhat al-Jindiy akademiya talabalari uchun muqaddas Islom dinining ilm-fan taraqqiyotidagi oʻrni va bugungi global jamiyatdagi ahamiyati mavzuida maʼruza oʻqidi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?