Muftiy Shayx Ravil G‘AYNUTDIN: O‘zbekiston uchun eng maqbuli — o‘z merosiga tayanish va butun bashariyatga asl islom qadriyatlari namunalarini yorqin namoyon etishdir

12:18 15 Mart 2018 Jamiyat
1465 0
Foto: Rossiya muftiylar kengashi

Ancha yillar muqaddam sobiq ittifoqning turli hududlaridan kelgan o‘nlab yoshlar safida mashhur Mir Arab madrasasida islom dini asoslaridan saboq olgan chog‘imda qadim Buxoro ikkinchi aziz makonimga aylangan edi. O‘shanda biz asl haqiqatni anglash, islom yo‘lida xizmat qilish ishtiyoqida edik. Ammo o‘tgan asrning saksoninchi yillarida haqqoniy teran bilimlar yillar o‘tib millionlab yurtdoshlarimiz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lishi, jamiyatimizning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyoji yo‘lida ulkan mohiyat kasb etishi mumkinligi mutlaqo xayolimizga kelmagandi. Buxoroga, benazir islomiy tarbiya va yetuk ta’lim berganlari uchun ustozlarimga minnatdorligimni qalbimda hanuzgacha saqlab kelaman. Murabbiylarim, talabalik davrimdagi qadrdonlarim bilan ma’naviy qardoshlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga mudom intilaman.

Bugun O‘zbekiston islom ma’rifati markazlaridan biri sifatida taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqayotganini, zamonaviy tolibi ilmlarga XXI asrda ishonchli istiqbol baxsh etayotganini katta hayrat hamda hayajon bilan kuzatib borayapman. Bu Toshkent shahrida magistratura va doktorantura darajalarida ta’lim yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Islom akademiyasi ta’sis etilgani, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilingani misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qolaversa, hademay, Samarqandda hadisshunoslik bo‘yicha Imom Buxoriy ilmiy markazi, kalom ilmini o‘rgatish bo‘yicha Imom Moturidiy markazi ochiladi. Ayni chog‘da Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf ilmi, Farg‘onadagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmidan saboq berishga kirishiladi.

Ishonchim komilki, ta’lim, fan, madaniyat sohalaridagi bunyodkorlik ishlari hamda moddiy resurslarga investitsiya kiritish nafaqat ta’lim-tarbiya jabhasiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, balki yoshlarning gumanitar, ishbilarmonlik, ilmiy-texnik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash asosida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida qudratli mexanizmga aylanadi.
Zotan, yorqin kelajakni ta’minlash uchun navqiron avlodning ta’lim olishi va ravnaq topishi, jamiyatda bunyodkorlik salohiyatini yuzaga chiqaradigan, yoshlarni ilhomlantiradigan, ularga umid beradigan muhitni yaratishga har qancha mablag‘ sarflansa, arziydi.

Shubhasiz, diniy ma’rifat hamda e’tiqod singari nozik va murakkab yo‘nalishda qat’iy qarorlar qabul qilish davlat rahbaridan mardlik hamda mas’uliyat, davlat mahkamasidan jamoatchilik bilan doimiy muloqot asosida pishiq-puxta faoliyat olib borishni talab etadi. O‘z navbatida, millat va elatlarning o‘ziga xosligi, diniy e’tiqodi, jamiyatning turli qismlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar masalalari mamlakat yalpi ichki mahsuloti yoki Davlat byudjetida aks etmaydi. Shunga qaramay, mazkur sohadagi muhit buzg‘unchilik jarayonlarida hamda jamiyatning shiddat bilan rivojlanishida harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Voqealar rivoji aynan ikkinchi yo‘nalish asosida kechishi uchun nafaqat hokimiyat va jamiyat, balki jamiyatning barcha bo‘g‘ini o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘ya bilmoq kerak.

Agar O‘zbekistonning kelajagi haqida oxirgi 50 — 100 yillar emas, balki Movarounnahrdagi sivilizatsiyaning ko‘hna tarixiga nazar tashlab fikrlaydigan bo‘lsak, ming yillardan ziyod vaqt davomida bu zaminning asosiy ma’naviy manbasi islom dini ta’limoti bo‘lib kelganiga shubha qolmaydi. Shunday ekan, o‘zining diniy merosi, ma’naviy hamda ma’rifiy qadriyatlariga tayanish kelajak sari harakatlanishning eng mantiqiy va uzviy yo‘lidir. Islom — ma’naviy hamda intellektual jihatdan tinimsiz izlanishga, qurshab turgan voqelikning barcha ko‘rinishida haqiqatni anglab yetishga chaqiruvchi dindir.

Xususan, payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallam so‘zlari va ezgu amallarini sofligicha hamda mufassalligicha avlodlarga yetkazish maqsadida ularni bir tizimga solish va tasniflash yo‘lidagi intilish buyuk muhaddis Imom Buxoriyga cheksiz ilhom bergan bo‘lsa, islom dinining haqiqatni anglab yetish hamda ilmiy bilimlar ufqlarini tinimsiz kengaytirishga qaratilgan ustuvor tamoyillari ulug‘ allomalar al-Xorazmiy va Beruniy tadqiqotlarining asosini tashkil etdi.

2018 yili butun dunyoda Bahouddin Naqshband (1318 — 1389 y.lar)ning 700 yilligini nishonlash jarayonida uning diniy bilimlarda teranligi, yuksak axloq-odobi hamda ma’naviyati, kasbiy malakasi, halol mehnat bilan jamiyatga foyda keltirishdek fazilatlarni mujassam etgan shaxsi yoshlar uchun o‘ziga xos timsol, ibratga molik siymo tarzida ifoda etilishi zarur.

Shunday ekan, O‘zbekistonning ulug‘ farzandlari qoldirgan bebaho merosda bugungi kun rivoji uchun ulkan salohiyat mavjud. Aytishim kerakki, O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbarida yangragan quyidagi so‘zlarini eshitib, cheksiz g‘urur va iftixor tuydim: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz”, deya ta’kidlashi Rossiya musulmon ulamolari, rossiyalik millionlab musulmonlar yuragida jo‘shqin aks sado berdi.

E’tiborlisi, davlat hamda din o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, diniy sohani rivojlantirish masalalarida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi pozitsiyasi bir-biriga juda yaqin. Rossiya rahbari Vladimir Vladimirovich Putin 2013 yildayoq muftiylar bilan uchrashuvda ekstremizm, radikalizm, terrorizm muammosi, shubhasiz, barchamizni — islom ulamolarini ham, hokimiyatni ham xavotirga solayotgani, unga faqat kuch ishlatish yo‘li bilan yechim topib bo‘lmasligiga to‘xtalib o‘tgandi. Jumladan, u shunday degandi: “Bugungi kun tahdidlariga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun, birinchi navbatda, mahalliy musulmon ulamolari va Rossiya islom dini maktablarining yuksak nufuzini ta’minlash lozim. (...) Din ahli ta’lim-tarbiyali hamda ma’rifatli, zamonaviy xavf-xatarlar va tahdidlarga aniq hamda diniy jihatdan bekamu ko‘st baho bera olish layoqatiga ega bo‘lishi lozim”. Bu Shavkat Mirziyoyevning odamlarni ishontirish va fikrini o‘zgartirish, ta’lim, birinchi navbatda, yoshlar tarbiyasi, boshqa dunyoqarash hamda e’tiqoddagilar bilan tinch-totuv, o‘zaro hurmat asosida qo‘shnichilikda yashash, o‘z diniy e’tiqodi va salohiyatini atrofdagilar, butun jamiyat foydasi yo‘lida ro‘yobga chiqarishga qaratilgan fikrlariga mushtarakdir.

Ko‘pchilikka ma’lumki, Rossiyada ham, xuddi O‘zbekistondagi kabi yaqinda Islom akademiyasi ochildi. Uning ta’sis etilishi haqida esa ilk bor Prezident V. Putin 2015 yilda Moskva Sobor masjidi ochilish marosimida gapirib o‘tgandi. Bugun u yerda Bolgariya islom akademiyasi birinchi qabul qilingan talabalarni o‘qitmoqda. Vatanimizdagi musulmon tafakkuri hamda g‘oyalarining mumtoz merosini qayta tiklash maqsadida Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasi va Moskva islom instituti yillik ilmiy-amaliy konferensiyalar turkumiga asos soldi. Faizxonov, Mardjaniyev, Barudiyev, Bigiyev, Faxretdinov, Muxlisa Bubi nomidagi va’zlar, Xalqaro musulmonlar forumi, “Ma’naviy Ipak yo‘li” anjumani shular jumlasidandir. Qolaversa, ilmiy-diniy adabiyotlar faol nashr etilayapti, yoshlar intellektual ishlarga jalb qilinmoqda. Qur’on mutolaasi bo‘yicha Moskva xalqaro tanlovi mamlakatning eng muhtasham konsert zalida bo‘lib o‘tayapti hamda nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shunga uyg‘un tarzda, islom taraqqiyoti yo‘llariga xos qarashlarimiz yaqinligidan kelib chiqib, Rossiya va O‘zbekiston musulmonlarining o‘zaro hamkorligini jadallashtirishda, kelajagimizga sifatli hamda ijobiy o‘zgarishlar olib kirishga qodir ma’rifatparvar yoshlarning yangi avlodini voyaga yetkazish borasida o‘zaro tajriba almashishda o‘ziga xos belgi va asosni ko‘rayapman.
Ayni paytda arab dunyosidagi vaziyat barqarorlashuvidan yiroqdaligi, inqiloblar ketma-ketligining salbiy asoratlari hamda uning ortidan ro‘y berayotgan fuqarolar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar hozircha bartaraf etilmayotgan ekan, O‘zbekiston uchun eng maqbuli — o‘z merosiga tayanish va butun bashariyatga asl islom qadriyatlari namunalarini yorqin namoyon etishdir. Bunday ulug‘ yo‘lda men O‘zbekistonga muvaffaqiyatlar tilab, Alloh madadkor bo‘lishini so‘rab qolaman.
Muftiy Shayx Ravil G‘AYNUTDIN,
Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasi,
Rossiya Muftiylar kengashi raisi:


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?