Muftiy Albir hazrat Krganov: O’zbekiston islom ma’rifatini dunyoga yoymoqda

11:28 11 Aprel 2018 Jamiyat
585 0

O’zbekistondagi qadimiy shaharlar bugun butkul o’zgacha shukuhga ega bo’lib, zamonaviy qiyofa kasb etib borayotir. Dunyoning qaysi qit’asidan bo’lmasin, din-e’tiqodi, millat-irqidan qat’i nazar, Allohning nazari tushgan bu yurtga bashariyat ahlining havasi kelayotgani ham chin haqiqatdir.

Ilm-fanga ishtiyoq o’zbek xalqining qonida bor. Ayniqsa, islom ta’limoti shakllantirilib, uning madaniy poydevorini qo’ygan buyuk ajdodlar ruhiga chuqur hurmat-ehtirom ko’rsatilishi o’zbek xalqining global dunyoda o’ziga xosligini saqlab qolishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatning qaysi shahriga yo’lingiz tushmasin, u erda ulug’ avliyolar, buyuk zotlarning maqbaralarini ko’rasiz. O’zbekistonda o’nlab madrasayu diniy markazlar faoliyat yuritib turibdi. Ayniqsa, Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent islom instituti muqaddas Qur’on oyatlari, hadis ilmi, islom tarixi hamda qo’shimcha diniy fanlarni chuqur o’rganish, anglashga bo’lgan kuchli intilish va sa’y-harakatlar bilan ajralib turadi. Bu dargohlarda Osiyo va Evropaning turli mamlakatlari vakillari bo’lgan ko’plab taniqli diniy ulamolar, siyosiy arboblar ta’lim olgan. 

Ul zotlar MDH va xorij davlatlarida islom madaniyatining zamonaviy dunyoga xos rivojlanishiga katta ulush qo’shgan va qo’shib kelishmoqda. Ta’lim maskanida noyob manbalar xazinasi mavjud bo’lib, undan jami 20 ming nusxa asl qo’lyozmalar hamda xattotlik san’ati namunalari o’rin olgan. Institutda ISESCO tashkilotining islom tsivilizatsiyasini o’rganish kafedrasi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda Mir Arab madrasasi va Toshkent islom instituti nafaqat musulmonlar uchun oliy ta’lim muassasasi, balki islomning ma’naviy va ma’rifiy markazidir. Bu erga xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega bo’lgan mehmonlar tashrif buyurishadi. O’tgan yili BMT Inson huquqlari bo’yicha kengashining din va e’tiqod masalasi bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid Toshkent islom institutida bo’ldi, Kuvayt tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Ali Sulaymon al Said boshchiligidagi delegatsiya esa mazkur dargohda ikki mamlakat ilmiy-amaliy hamkorligi masalalarini muhokama qildi. Bu muqaddas o’quv dargohiga Rossiya musulmonlari diniy jamoasi hamda ushbu mamlakat diniy va jamoatchilik arboblari delegatsiyalari rahbari sifatida, gohida shaxsan o’zim bir necha marotaba borish sharafiga muyassar bo’lganman. Menga u erdagi faxriy mehmonlar kitobini ko’rsatishdi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning shu institutda bo’lganida yozib qoldirgan so’zlari orasidagi “ayrim zamonaviy ta’lim yo’nalishlari, masalan, ijtimoiy-diniy psixologiya fani Rossiyaning diniy oliy o’quv yurtlarida ham o’qitilishi mumkin”, degan e’tirofi har qanday kishida chuqur taassurot qoldiradi, deb o’ylayman. 

Diniy e’tiqod asoslari va arkonlarini egallamay turib, Alloh sari yuzlanish mushkul. Islomni qabul qilgan xalqlar uchun bu din paydo bo’lgan paytdan boshlaboq, ham qalban poklanish, ham madaniy-ma’naviy yuksalish, ham ta’lim-tarbiya va davlatchilikni taraqqiy ettirish vositasi bo’lib keldi. Toshkentdagi islom instituti hozirgi O’zbekiston hududida yashab o’tgan buyuk muhaddis va mufassir olim Imom al-Buxoriy nomi bilan yuritiladi. Uning “Sahihi Buxoriy” to’plami butun islom olamida Qur’ondan keyingi ikkinchi kitob, deya tan olingan.

Sho’ro mafkurasi hukm surgan davrda islom dini kamsitilib, diniy bilimlar anchayin yoddan chiqarildi. Faqat ulkan sa’y-harakatlar tufayligina sobiq ittifoqning turli joylarida buyuk allomalar merosini saqlab qolish va o’rganishni davom ettirishga muvaffaq bo’lindi.     

Rossiyadagi islom ta’limi haqida Prezident Vladimir Putin shunday deydi: “Bu ta’lim hamisha teran ildizlarga, katta tarixga ega bo’lgan. To’g’ri, sovet hokimiyati yillarida ko’p narsa boy berildi. Boy merosning hammasi bo’lmasayam, ancha qismi buzib talqin qilindi. Endi o’z maktabimizni qayta tiklashimiz kerak”. 

Islom ta’limoti o’zining davomchilari tomonidan bilimlarni boyitish, Allohga xush keluvchi faoliyat orqali tiklanadi va yanada taraqqiy topadi. O’tgan asrning 70-yillarida sobiq ittifoqdagi masjidlarning imom-xatiblari malakasini oshirish kursi maqomida ish boshlagan Toshkent islom instituti bugungi kunda islom dini asoslari, dinshunoslik, islom tarixi va falsafasi, tillar hamda boshqa fanlar bo’yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlayapti. Ushbu oliy ta’lim muassasasida keng miqyosda ilmiy faoliyat olib borilib, xalqaro hamkorlik, shu jumladan, Rossiya bilan ham o’zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda.  

Rossiya va O’zbekistonning diniy ta’lim sohasidagi hamkorligi Rossiya islom maktabi faoliyati va xalqaro munosabatlarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. O’tgan yili oktyabr oyida O’zbekistonda “Islom hamjihatligi: O’zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro konferentsiya o’tkazildi.  Millatlararo totuvlik, diniy bag’rikenglik, ta’limni rivojlantirish, yoshlarning axloqiy tarbiyasi singari masalalar mazkur konferentsiyaning diqqat markazida turgani biz uchun juda katta ahamiyatga ega. 

Aynan O’zbekiston, aniqrog’i, Buxoro bizning mamlakatlarimiz uchun chinakam vatanparvar insonlarni, mustahkam diniy e’tiqod va go’zal axloq-odob sohiblari bo’lgan, bunyodkorlik g’oyalarini targ’ib etuvchi olimlarni tarbiyalab berdi. Chet davlatlardan yollanib kelgan johillar, vayronkor oqim vakillari muqaddas dinimiz niqobi ostida jamiyatni parchalashga uringanida, aynan shu ulug’ asos tufayli biz jiddiy sinovlardan muvaffaqiyat bilan o’tdik. Barchamiz yaxshi bilamizki, ularning “ishtahasi” hanuz pasaygani yo’q. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligini zaiflashtirmoqni, ayniqsa, yoshlarimiz ongini zaharlamoqni istovchi kuchlar haliyam mavjud. Shu bois ham bugun, tariximizda, hamisha bo’lgani kabi, birdamlik shiori ostida jam bo’lishimiz juda zarur. 

Xo’sh, “birdamlik” so’zi nimani bildiradi, deya o’zimizga savol berib ko’raylik-chi. Bu, eng avvalo, jamoaviy mas’uliyatdir. Alloh taolo muqaddas Qur’onda “Bir-biringizni qo’llab-quvvatlangiz, ezgu ishlarda va ibodatda birdam bo’lingiz, gunoh va dushmanlikda esa bir-biringizni qo’llab-quvvatlamangiz”, deya marhamat qiladi.

Yangi tashkil etilgan O’zbekiston Islom akademiyasi islomiy fanlarni to’g’ri yo’nalishda takomillashtirishga xizmat qilib, umumjahon madaniyatiga, dunyoda tinchlik-totuvlikni ta’minlashga katta xizmat qiladi, deb umid bildirishimiz uchun asoslar mavjud. Negaki, O’zbekiston musulmonlari din sohasida, madaniyat, ta’lim-tarbiya va boshqa yo’nalishlarda izchillik, davomiylikni saqlab qolganlar. Ular islom ma’rifati va tarbiyasi asoslarini asrlar osha avaylab asramoqda. Bu bebaho qadriyatdir, ayniqsa, ko’pgina ezgu an’analar yo’qolib ketayotgan, ular o’rniga esa qandaydir surrogatlar taklif etilayotgan bir sharoitda pokiza buloqni topish juda muhim. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilganlaridek: “Bilim, bu — islomning yuragi va dinning ustuni”. 

Ko’pchilik mendan O’zbekistonning diniy ta’lim muassasalarida o’qishning imkoni bormi, deb so’raydi. Umid qilamanki, bunday imkoniyat yaqinda taqdim etiladi va bizning imomlarimiz, talabalarimiz O’zbekiston madrasalarida ta’lim olishi, malaka oshirish kurslariga qatnashi mumkin bo’ladi. O’ta ahamiyatli qadam sifatida shuni e’tirof etmoqchimanki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev muftiy Usmonxon Alimov etakchiligidagi diniy ulamolarni qo’llab-quvvatladi hamda O’zbekiston Islom akademiyasidan tashqari alohida yo’nalishlar — hadis, fiqh, tariqat va aqida bo’yicha yana to’rtta o’quv yurti ochish haqida ko’rsatma berdi. Bu juda noyob zamonaviy loyiha. Fikrimcha, undan butun islom olamiga katta foyda yog’iladi. Masalan, Bolgariya Islom akademiyasi ham shu sohadagi hamkorlikka qiziqish bildirganidan xabarim bor. 

Rossiya musulmonlari diniy jamoasi (RMDJ) Rossiya va O’zbekiston o’rtasidagi muloqotni kengaytirish maqsadida diniy turizmni rivojlantirib, O’zbekistonga bormoqchi bo’lgan rossiyaliklar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Ma’lumki, o’zbek zamini tarixiy va ma’naviy javohirlarimizni asrab-avaylab keladi. Loyiha — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qo’llab-quvvatlandi. RMDJ va O’zbekiston musulmonlari diniy idorasi o’rtasidagi hamkorlik to’g’risidagi bitim o’tgan yiliyoq imzolangan.

Shuningdek, RMDJ bilan O’zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi o’rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda. Ilmiy-diniy delegatsiyalarning o’zaro tashriflari, Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazish rejalashtirilmoqda.

Imzolangan bitim doirasida 2018 yilgi Ramazon oyida O’zbekiston musulmonlari diniy idorasi Rossiyaga o’z olimlarini yuboradi. Mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o’rtasida ma’naviy, diniy, ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish ko’zda tutilmoqda.

Maqsad muqaddas dinimizning azaliy va abadiy qadriyatlari yo’lida xizmat qilib, o’zaro do’stlik hamda hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashdir.

Muftiy Albir hazrat KRGANOV, 
Rossiya musulmonlari diniy jamoasining rahbari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?