Mudofaa vazirligi sport klubi vakillari Xalqaro boks turnirida jami 5 ta medalga sazovor boʻlishdi

14:13 26 Avgust 2019 Sport
167 0

Rossiyaning Grozniy shahrida boks boʻyicha Checheniston Respublikasi Birinchi Prezidenti Ahmat-Hoji Qodirov xotirasiga bagʻishlangan XI xalqaro turnir oʻtkazildi. Unda yurtimizning 10 nafar charm qoʻlqop ustasi qatnashib, yakunda 8 nafari shohsupaga koʻtarildi. Sovrindorlarning 5 nafari Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) bokschilaridir. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Chechenistonga Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari murabbiylar Toʻlqin Qilichev, Ilyos Rahimjonov hamda Asqar Sultonov qoʻl ostida bordi va 8 vazn toifasida 10 nafar bokschi bilan xalqaro turnirda ishtirok etdi. Yurtdoshlarimiz bitta vazn toifasi (-69 kg) boʻyicha janglardan boshqa barchasida muvaffaqiyatli qatnashib, sovrindor boʻlishdi. Terma jamoamiz tarkibidagi bokschilarning 5 nafari MVSK aʼzolari edi va ularning barchasi shohsupaga koʻtarildi.

XI xalqaro turnirda MVSK aʼzolaridan Shunqor Abdurasulov (-60 kg) boshqa klubdoshlariga nisbatan yaxshiroq qatnashdi. U finalda rossiyalik Magomed Shamsayevni 4:1 hisobida magʻlub etib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi va oltin medal bilan taqdirlandi.

Ikkinchi oltin medal jahon chempionatiga boruvchi terma jamoamiz tarkibidan oʻrin olgan eng ogʻir (+91 kg) vaznli bokschimiz Bahodir Jalolovga tegishli boʻldi. U soʻnggi hal qiluvchi final jangida qozogʻistonlik Dauren uli Ayboldini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi.

Ha, Grozniydagi turnir baʼzi mamlakat terma jamoalari uchun 7-21-sentyabr kunlari Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtadigan jahon chempionati oldidan oʻziga xos tayyorgarlik, murabbiylar uchun ayrim bokschilarni koʻrik va sinovdan oʻtkazib olish vazifasini ham oʻtadi.

XI xalqaro turnirda 8 nafar bokschimiz yarim finalgacha muvaffaqiyatli yetib bordi. Ularning faqat ikki nafari finalga chiqdi va soʻnggi jangda ham gʻalaba qozonib, oltin medallik boʻldi, qolgan 6 nafar bokschimiz uchun esa yarim final janglari omadsiz kechdi va barchasi bronza medal bilan kifoyalandi.

Grozniy xalqaro turnirida sovrindor boʻlganlar:

Oltin medal:

Shunqor Abdurasulov (-60 kg, MVSK); Bahodir Jalolov (+91 kg).

Bronza medal:

Foziljon Abdumurodov (-52 kg); Elnur Abduraimov (-63 kg); Bahromjon Fozilov (-75 kg, MVSK); Kozimbek Mardonov (-81 kg, MVSK); Madiyar Saidrahimov (-91 kg, MVSK); Obidjon Tohirov (+91 kg, MVSK).

Shunday qilib musobaqa Oʻzbekiston terma jamoasi uchun 2 ta oltin va 6 ta bronza, jami 8 ta medal bilan yakunlandi. Bu muvaffaqiyatda asosiy ulush Mudofaa vazirligi sport klubi bokschilariki boʻldi, ular bitta oltin va 4 ta bronza, jami 5 ta medalni qoʻlga kiritishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?