Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiydagi 900 ta xonadon tomorqasiga suv chiqariladi

22:33 22 Aprel 2020 Jamiyat
430 0

Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 900 ta xonadonga suv chiqarib beriladi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.

Mudofaa vazirligi va harbiy okrug tasarrufidagi muhandislik boʻlinmalaridan tuzilgan yigʻma burgʻulash otryadi tomonidan suv taʼminoti ogʻir aholi punktlarida dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari uchun sugʻorish quduqlari qazib berilmoqda.

18-aprel kuni koʻchma otryad Karmana tumanidagi Kumushkon aholi puktiga borib joylashgan. U yerda harbiy xizmatchilar tomonidan dala chodirlari tiklanib, maxsus texnikalar uchun joy hozirlangan.

Hozirgi kungacha PBU-50, PBU-200 hamda UDV-15 koʻchma burgʻulash texnikalari yordamida 20 ta aholi tomorqasiga suv chiqarib berildi. Aholi yashash manzillarida 15 metrgacha chuqurlikdan suv tortib chiqarilmoqda. Baʼzida maxsus texnikalarning burgʻulash moslamasi 10-13 metrdan keyin qattiq jismga duch kelib qolishi natijasida, boshqa joyga koʻchirilmoqda.

Bundan tashqari Mudofaa vazirligi muhandislik texnikalari Xatirchi tumanidagi Oʻzbekiston qishlogʻida ham burgʻulash ishlarini davom ettirmoqda. Qir-adirlardagi lalmikor yerlarga 200 metrgacha chuqurlikdan suv qazib chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, yaqinda “Dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?