Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida bolalar uchun maxsus bayram tomoshalari tashkil etildi

18:27 04 Iyun 2018 Jamiyat
531 0

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Halqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport o‘yinlari hamda bayramona teatr tomoshalari o‘tkazildi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi sport majmuasida harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun sanaga bag‘ishlab, bayram va sport musobaqasi tashkil etildi.

Mazkur bayram tadbirida mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi, quvnoq startlar, merganlik, velosiped poygasi, arqon tortish kabi sport turlari va rasm chizish bo‘yicha 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida musobaqa o‘tkazildi. Shuningdek, bolalar uchun avtomodel va yengil turdagi texnikalar ko‘rgazmasi hamda bayram konserti tashkil etildi.

Shuningdek, Jizzax shahridagi harbiy qismda bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda 300 nafardan ziyod bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. So‘z ustasi Avaz Oxun hamda Yunus Rajabiy nomidagi qo‘g‘irchoq teatri tomonidan ijro etilgan sahna chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. Shu bilan birga Jizzax viloyati Kasaba uyushmalari birlashmasi hamda harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan jajji qalb egalariga muzqaymoq, shirinliklar hamda o‘yinchoqlar ulashdi.

Markaziy harbiy okrugi, Samarqand viloyati Yoshlar ittifoqi hamda “Kamalak” bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konsert va hayriya tadbirlari Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan bolalar internati, 10-sonli mehribonlik uyida hamda 16-harbiy shaharchada tashkil etildi. Bayram tomoshalarida harbiy xizmatchilarning farzandlari, maktab o‘quvchilari hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. Tadbir so‘nggida kelajagimiz bunyodkorlariga sovg‘alar va kitoblar topshirildi.

Sharqiy harbiy okrugida esa mazkur bayram yanada esda qolarli va o‘zgacha tashkil etildi. Ya’ni harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan bolajonlar uchun Farg‘ona, Andijon va Namangan shahridagi ko‘ngilochar maskanlarga sayyohat uyushtirildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida ham bayram tantanalari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?