Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida Davlat tiliga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy kecha oʻtkazildi

11:15 12 Oktyabr 2019 Madaniyat
187 0

Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida “Til bor ekan, millat barhayot” nomli maʼnaviy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.

Tadbir davlatimiz madhiyasini joʻr boʻlib kuylash bilan boshlangani ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Unda vazirlik masʼul ofitserlari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari, faxriylar hamda elimiz ardogʻidagi ziyolilar, shoir va yozuvchilar ishtirok etib, bayramona tadbir qatnashchilarini yaqinlashib kelayotgan millat bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Joriy yilning 4-oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ona tilimizga boʻlgan bu qadar yuksak eʼtirof va eʼtibor har bir vatandoshimiz qalbiga cheksiz gʻurur va iftixor baxsh etadi.

Qarorda qayd etilganidek, mazkur tarixiy hujjatga binoan oʻtgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi. Hozirgi kunda oʻzbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qoʻllanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

– Men harbiy xizmatchilarning haqiqiy vatanparvar shaxs ekanliklariga yana bir bor amin boʻlyapman, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Nodir Jonuzoq. – Boisi, kamdan-kam tadbirlar davlatimiz madhiyasini kuylash bilan boshlanadi. Avval ham kuzatgandim, tasdiq sifatida yonimda oʻtirganlardan soʻrab oldim. Mudofaa vazirligi tizimidagi har bir tantana, albatta, Vatan madhini kuylash bilan boshlanar ekan. Davlatimizning har bir fuqarosi uchun taalluqli boʻlgan ushbu bayram barchamiz uchun qadrlidir.

Tadbirda shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov ham soʻzga chiqib, millat koʻzgusi boʻlmish ona tilimiz haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?