“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tashkil etiladi — Prezident qarori

20:40 09 Sentyabr 2020 Hujjatlar
172 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.

Unda qayd etilishicha, ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini koʻrsatgan koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent shahrida “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni oʻz ichiga olgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi barpo etildi.

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining faoliyatini samarali tashkil etish, uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini doimiy ravishda boyitib borish, ushbu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va kelajak avlod uchun arxiv hujjatlari va ashyolarni saqlab qolish, yoshlarni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining:

Mudofaa vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi (keyingi oʻrinlarda – Majmua) faoliyatini Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sagʻbon koʻchasi manzilida tashkil etish;

Majmua hududida Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Harbiy orkestrlar xizmati, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblini bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish;

Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini koʻrsatgan koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini ilmiy asosda oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish;

Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, front ortidagi mehnat qahramonliklari, yurtimizga evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millat vakillari, xususan, bolalarning bagʻrikenglik bilan kutib olinishi va ularga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatilishi singari tarixiy voqealarni aks ettirish orqali yosh avlodning maʼnaviy olamini yuksaltirish va keksa avlod bilan vorisiylik tuygʻusini kuchaytirish, yuksak gumanizm, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;

xalqimizning tarixiy xotira bilan yashab, oʻtganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bogʻliq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;

Ikkinchi jahon urushi davriga oid xorijiy muzey ekspozitsiyalari va arxivlari fondlarini oʻrganish, Oʻzbekiston xalqining gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini ilmiy asoslash uchun maqsadli, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;

“Shon-sharaf” davlat muzeyi fondlari va ekspozitsiyalarini Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;

Ikkinchi jahon urushiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, yangilarini aniqlash, toʻplash, ular haqidagi maʼlumotlarni nashrga tayyorlash, chop etish va ilmiy isteʼmolga kiritish;

urush davrida yurtdoshlarimizning jangovar va front ortidagi fidokorona xizmatlarini aks ettiradigan tarixiy xotirani mustahkamlash maqsadida taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Majmuada ochiq darslar, maʼruza va seminar mashgʻulotlari oʻtkazishni, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashini tashkil etish;

Majmuada turistlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda noanʼanaviy koʻrgazmalar yaratish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ushbu yoʻnalishdagi chet el muzeylari bilan koʻrgazmalar tashkil etish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;

aholiga madaniy-dam olish xizmatlarini koʻrsatish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligining Harbiy orkestrlar xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali boshqarish maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining madaniy ishlar boʻyicha maslahatchisi – “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi boshligʻi lavozimi joriy etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

a) Majmuani saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga har yili ajratiladigan byudjet mablagʻlari, byudjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;

b) “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamgʻarmasi quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:

Majmuaga va uning obyektlariga kirish uchun chiptalar sotish, uning mulkini ijaraga berish, shartnomaga muvofiq koʻrgazmalar tashkil etishdan va boshqa xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

v) Majmuaga tashrif buyurish uchun bir martalik chipta narxi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

6. Zarur hollarda Majmuaga, uning faoliyatini tashkil etish uchun tegishli bazaviy lavozim maoshi boʻyicha soatbay mehnatga haq toʻlash asosida boshqa mutaxassislarni jalb etishga ruxsat berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ikki oy muddatda Majmua hududida Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosini qurish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

uch oy muddatda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

Majmua faoliyatini tashkil etish uchun zarur shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida ajratiladi;

Majmua Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisobvaraqlariga hamda xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi;

Majmua boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri bilan kelishilgan holda mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan muassasa hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti oʻz maqomiga, xodimlar (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq toʻlash (pul taʼminoti) shartlariga koʻra Mudofaa vazirligi markaziy apparatining bosh boshqarmasiga tenglashtiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Majmuaning 2021-yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari loyihalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilishini va ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq tanlovlar asosida Majmua ilmiy loyihalariga belgilangan tartibda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzarxiv” agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda xalqimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasini chuqur oʻrganish va targʻib etish borasidagi yangi maʼlumotlarni, Majmuada olib borilayotgan ilmiy-maʼrifiy, ommaviy-madaniy tadbirlarni oʻzida atroflicha aks ettiradigan kitob-albom tayyorlab, har yili 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida nashr etishni yoʻlga qoʻysin.

11. Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk Gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi haqidagi kitob-albomni tayyorlash va nashr etish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qoʻmitasi:

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti faxriylarining qahramonligiga oid materiallarni toʻplash hamda Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondida saqlanayotgan eksponatlar va maʼlumotlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish va Majmua fondini doimiy ravishda boyitish ishlarini amalga oshirsin;

Respublika oliy va oliy harbiy taʼlim muassasalari talabalari (kursantlari), magistrantlari va doktorantlari tomonidan urush yillariga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlarini tashkil etsin, ushbu maqsadda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi obyektlarida alohida oʻquv xonalari ajratsin;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda mavzuga oid badiiy, ilmiy-ommabop kitoblarni nashr etsin;

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabada oʻzbek xalqining munosib hissasini kelgusi avlodlar xotirasida saqlab qolish uchun rejalashtirilgan tadbirlarni doimiy ravishda oʻtkazilishini taʼminlasin;

Majmua tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning burchaklarini yaratish boʻyicha ishlarni tashkil etsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Majmua ichki hududi va obyektlarining qoʻriqlanishi va yongʻin xavfsizligini, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya Majmuaga tutash boʻlgan tashqi hududlarning kecha-kunduz qoʻriqlanishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Majmuaning murojaatiga asosan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirishda amaliy yordam koʻrsatsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Majmuaning murojaatiga asosan uning belgilangan tartibda telekommunikatsiya va yuqori Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda:

a) Madaniyat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:

Majmuaga kirish chiptalarining onlayn savdosini tashkil etish;

xorijiy tillarda onlayn gid va onlayn ekskursiya oʻtkazish tizimini joriy etish;

“Shon-sharaf” davlat muzeyining zamonaviy saytini yaratish hamda unda “3D” va “360o” formatidagi fotoalbomni shakllantirish va joylashtirish choralarini koʻrsin.

b) Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyi hududida milliy esdalik sovgʻalari mahsulotlari hamda muzeyda saqlanayotgan ashyolar nusxalarining savdosini tashkil qilsin.

17. Belgilansinki, Majmua hududida esdalik sovgʻalari mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi hunarmandlar faqat oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotadi va “Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogi”ga kiritiladi.

18. Toshkent shahar hokimligi 2020-yil 1-oktyabrga qadar Majmuani belgilangan tartibda qabul qilib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirsin va uni barcha mol-mulki bilan operativ boshqarish huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tekin foydalanish huquqi asosida topshirsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:

bir oy muddatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Majmuani yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlasin;

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Majmuaga ichki va tashqi sayyohlarni keng jalb etish choralarini koʻrsin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda Majmuada oʻtkaziladigan madaniy va maʼrifiy tadbirlarga taniqli yozuvchilar, shoirlar, ijod maktablari oʻquvchilari, shonli tariximiz va madaniyatimiz boʻyicha mutaxassislarni, harbiy ansambl va orkestrlar hamda boshqa musiqa va sanʼat vakillarini keng jalb qilib borsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Majmuaga tegishli taʼlim muassasalari taʼlim oluvchilarini keng jalb qilgan holda Ikkinchi jahon urushi yillari tarixi va vatanparvarlik mavzularida doimiy ravishda mashgʻulotlar oʻtkazilishini tashkil etsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3726-son qarori 2-bandining “b” kichik bandidagi “joylar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari” soʻzlari “oʻrinlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish imtihonlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi − Spichrayteri X.M.Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 9-sentyabr

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?