Mudofaa vazirligi harbiylari bir kunda 18 ta maktabda ijodiy uchrashuvlar tashkillashtirdi

21:25 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
138 0

Toshkentning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi qator maktablarda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini tarbiyalash borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazildi.

Xususan, tumandagi 222- va 256-sonli umumtaʼlim maktablariga Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalarining tashrifi amalga oshirildi. Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari hamrohligidagi bu uchrashuvlar maktab jamoasi va oʻquvchilar uchun haqiqiy sanʼat kuniga aylandi. Boisi, institutning xalq baxshichiligi, anʼanaviy xonandalik, kino va teatr yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar oʻz chiqishlari bilan sanʼatning naqadar ulugʻligini, unga oshno tutingan kishi qalbi faqat ezgulikka toʻla boʻlishini yana bir bor isbotlashdi.

– Biz shaharda tugʻilib, shu yerda voyaga yetyapmiz, – deydi 222-maktabning 10-sinf oʻquvchisi Kamolaxon Azimova. – Shu paytgacha xalq amaliy cholgʻu asboblari haqida koʻp narsa bilmasdik. Baxshichilik asosan vohada rivojlangan. Televizorda ularni koʻrganman; togʻu adirlar qoʻynida doston aytishadi. Shaharda, koʻp qavatli binolar atrofida doston aytilayotganini esa koʻrmaganman. Bugun oʻsha tasavvurimdagi anʼana “buzildi”. Ilk bor doston aytayotgan baxshi, chanqovuz ovozini eshitdim. Biram xursandman! Tagʻin jonli! Bilasizmi, Toʻmaris momolarimiz koʻz oʻngimda gavdalandi.

Uchrashuvda xalq dostonlaridan termalar aytildi, chanqovuz sadosi butun maktabni tutdi. Estrada yoʻnalishidagi zamonaviy ashulalarning baxshichilar tilidan, ular ohangida jarang sochgani esa oʻquvchilar uchun yangilik boʻlib, iliq kutib olindi.

Shu kuni bu kabi tadbirlar tumanning 18 ta umumtaʼlim maktabida oʻtkazilib, Mudofaa vazirligi sport klubi sportchilari va harbiy xizmatchilar tomonidan sport boʻyicha ham oʻquvchilar oʻrtasida musobaqalar tashkillashtirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?