Mudofaa vazirligi “Forish” poligonida xalqaro oʻq otish musobaqasiga start berildi

16:39 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
64 0

10-sentyabr kuni Forish togʻ dala-oʻquv maydonida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning armiyalari oʻrtasida shtatdagi qurollardan otish chempionatiga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Kecha, 10-sentyabr kuni Forish togʻ dala-oʻquv maydonida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) aʼzo davlatlarning armiyalari oʻrtasida shtatdagi qurollardan otish chempionatiga start berildi.

Mazkur chempionatda 6 davlat – Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Belaruss va Tojikiston respublikasidan kelgan harbiy jamoalar ishtirok etmoqda. Soʻnggi yillarda respublikamizda xalqaro hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, harbiy sohada olib borilayotgan xalqaro hamkorlik masalalari rivojlanishning yangi bosqichga koʻtarilgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Harbiy xizmatchilar nafaqat jangovar tayyorgarligi, balki jismoniy tayyorgarligida ham xalqaro maydonda nimalarga qodir ekanini amalda isbotlamoqda.

Chempionatning ochilish marosimida soʻz olganlar ham bu boradagi yutuqlar va erishilgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Musobaqa nafaqat gʻoliblarni aniqlaydi, balki harbiy xizmatchilar oʻrtasida hamjihatlik, doʻstona munosabat, oʻzaro tajriba almashish imkoniyatini yaratishi bilan ham ahamiyatlidir. Bunga urgʻu bergan maʼruzachilar barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar.

Tadbir davomida Vatan himoyachilarining jangovar tayyorgarlikni oʻzida aks ettirgan koʻrgazmali chiqishlari, yoshlarimizning turli sport yoʻnaishlaridagi sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestri jamoalarining konsert dasturi musobaqa ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.

– Sport tinchlik elchisi. MDHga aʼzo davlatlar harbiy xizmatchilari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan sport musobaqalari yildan-yilga kengayib, yangi natija va yuqori koʻrsatkichlarni kashf qilmoqda. Ushbu musobaqalar navbatma-navbat har bir mamlakatda oʻtkazib kelinmoqda. Bu esa harbiy xizmatchilar uchun sohaning yangi bilimlarini oʻzlashtirish, bu boradagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlish, shuningdek doʻstona mamlakatning milliy qadriyatlari, urf-odatlari bilan ham tanishish imkonini bermoqda, – deydi belarusslik ishtirokchi podpolkovnik Oleg Malko. – Yurtingizda birinchi marotaba boʻlishim. Musobaqaning tashkiliy ishlariga jiddiy tayyorgarlik koʻrilgani bizni quvontirdi.

Shu kuni musobaqaga qurʼa tashlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?