Mudofaa vazirligi boʻlinmasi Havo hujumiga qarshi raketani amalda muvaffaqiyatli qoʻlladi (Foto Video)

10:39 08 Noyabr 2019 Jamiyat
362 0

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli boʻlinma shaxsiy tarkibi jangovar tayyorgarlik oʻquv rejasiga koʻra, Navoiy viloyatida joylashgan “Qulquduq” havo-yer harbiy poligonida havo hujumiga qarshi raketani amalda muvaffaqiyatli qoʻlladi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugdan marsh davomida shaxsiy tarkib muayyan oraliq vaqtlar mobaynida jangovar texnikalarni texnik nazorat koʻrigidan oʻtkazish, ularga yonilgʻi quyish, shuningdek, xalqaro va magistral yoʻllar, shahar hamda aholi zich yashaydigan hududlarda harakatlanish chogʻida barcha xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda “Qulquduq” havo-yer poligoniga kelib oʻrnashdi.

Harbiy xizmatchilar “Qulquduq” poligonida jangovar texnikalarni belgilangan tartibda xavfsiz, funksional pozitsiyalarda joylashtirdi. Yuqori qoʻmondonlik oʻrtasida va ichki tartibda oʻzaro aloqa oʻrnatildi. “Osmon himoyachilari”ning mazkur jangovar oʻquv-mashgʻulotda qoʻyilgan vazifani aʼlo darajada bajarishi uchun barcha zarur moddiy-texnik vositalar taʼminoti tashkillashtirildi.

Jangovar shay holatga keltirilgan zenit-raketa majmualari ishga tushirildi: dastlab, harbiy aviatsiya orqali yaqin masofadagi nishon havoga qoʻyib yuborildi. Havodagi jism haqida toʻliq va aniq maʼlumotlarga tayangan holda, raketa jangovar holatda otildi. Nishon qisqa vaqt ichida bexato urib tushirildi; shundan soʻng, uzoq masofadagi nishonlarni urib tushirishga moʻljallangan zenit-raketa majmuasi oʻz “ish”ini boshladi! Havoga shartli dushman – uchuvchisiz uchish apparati uchirildi.

Shaxsiy tarkib boshqaruv va qoʻmondonlik punktida uzoq masofadagi nishonning oraliq masofasi, harakati va tezligini aniqlab, kuzatuvga oldi. Soʻngra yuqori qoʻmondonlikning “Nishon yoʻq qilinsin!” buyrugʻiga binoan havo-yer raketasi jangovar otish holatida nishon tomonga yoʻnalish oldi. Sanoqli soniyalarda shartli dushman uchish apparati butkul zararsizlantirildi.

Qoʻyilgan jangovar vazifa aʼlo darajada bajarildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy 
kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?