Muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi

10:44 20 Aprel 2018 Jamiyat
556 0
Foto: sputniknews-uz.com

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati Namangan viloyati tumanlarida ommaviy qabul o‘tkazdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning birinchi choragida Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonalariga jami 2540 ta murojaat kelib tushgan. Asosan, yer uchastkasi ajratish, huquq-tartibot idoralari faoliyati, kommunal soha, fuqarolar huquqlari himoyasi bilan bog‘liq ushbu murojaatlarning 1149 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, respublika miqyosidagi idoralar hamda tashkilotlarga tegishli va yechimi katta mablag‘ hamda vaqt talab qiladigan 439 ta muammo bo‘yicha jarayon davom etmoqda. 907 nafar murojaatchiga esa tushuntirish va huquqiy maslahatlar berildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar bir qarashda me’yoriga solingandek ko‘rinsa-da, namanganliklar tomonidan poytaxtga, xususan, davlatimiz rahbari Virtual qabulxonasiga qilinayotgan murojaatlar kamaygani yo‘q.

Shu yilning 18-19 aprel kunlari o‘tkazilgan ommaviy qabullar chog‘ida viloyat fuqarolaridan Virtual qabulxonaga yo‘llangan qator murojaatlar tegishli vazirlik hamda idoralar mutasaddilari ishtirokida batafsil ko‘rib chiqildi. Jumladan, Chust shahrida tashkil etilgan ommaviy qabulda Chust, Pop va Mingbuloq tumanlari fuqarolari tomonidan qo‘yilgan masalalar yechimiga javob izlandi.

— Huquqingni bila turib buzishsa, odamga alam qilar ekan, — deydi Mingbuloq tumanining Birlashgan mahallasida yashovchi Shodiya Qodirova. — Ikki yarim yildan buyon tuman madaniyat bo‘limida ishlab kelaman. Sobiq boshlig‘im oxirgi paytlarda ba’zi hamkasblarimning noto‘g‘ri gaplariga asoslanib, meni nohaq ishdan bo‘shatdi. Mahalliy -idoralardan najot topmagach, Virtual qabulxonaga yozishimga to‘g‘ri keldi. Mana, bugungi -ommaviy qabulda meni qiynab kelayotgan masalaga nuqta qo‘yildi. Ishimga qaytadigan bo‘ldim.

Poplik Gulmira Usmonova ham aslida yechimi uncha murakkab bo‘lmagan masalada turli idoralarga bosh suqib kelayotganlardan. Gap shundaki, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan bu ayol yolg‘iz farzandining ta’minoti uchun ajratilgan alimentni ololmasdan, sarson bo‘layotgan ekan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati vakillari aralashuvi bilan Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimlari G. Usmonova foydasiga 10 million 491 ming so‘m aliment pulini tezkorlik bilan undirib berdi. Umuman olganda, Chustda o‘tkazilgan ommaviy qabulda -ishtirok etgan 123 nafar fuqaro tomonidan ko‘tarilgan muammolarning 68 tasi joyida qanoatlantirildi, 36 kishiga huquqiy tushuncha berildi, 19 nafar murojaatchining arizasi esa o‘rganish uchun qabul qilindi.

Toshbuloq shaharchasida tashkil etilgan ommaviy qabulga Namangan shahri, Namangan hamda To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan 157 kishi tashrif buyurdi. Ular tomonidan kiritilgan mehnat va bandlik, huquq idoralari faoliyati, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal hamda uy-joy sohasi bilan bog‘liq masalalarga mutasaddilar tomonidan yechim izlandi. Tahlillar odamlar ko‘proq turarjoy, xususan, yer uchastkasi, ko‘p qavatli uylardan xonadon olish masalasida qiyinchilikka duch kelayotganini ko‘rsatdi. Bu masala, ayniqsa, Namangan shahrida o‘tkirligicha qolmoqda. Misol uchun, shaharning Obihayot ko‘chasida yashab kelgan to‘rt ayol — Ra’no Abdullayeva, Sojida Sattorova, Zamira Saydullayeva hamda Muhabbat Umarova yangi qurilishlar hisobiga buzilgan uy-joylari uchun adolatli haq to‘lanmayotganidan shikoyat qilishdi. Ustiga-ustak, yangi uy qurish uchun ajratilgan joyning uzoqdaligi, yerining zaxligi ularni tashvishga solmoqda. Shahar hokimi Sh. Abdurazzoqov masalani puxta o‘rganib chiqib, adolat joyida qaror topishini ta’minlashni o‘z zimmasiga oldi. To‘raqo‘rg‘onda esa Qanoat Tursunova yangi qurilgan turarjoy binosidan olgan xonadoniga ko‘chib kira olmay sarson. Quruvchilar bu yerda ishni chala tashlab ketishgan ekan. Muammoni tuman prokurori o‘z nazoratiga oldi va fuqaro tez kunlar ichida yangi uyiga ko‘chib kiradigan bo‘ldi.

Murojaatlar orasida mahalliy mutasaddilar bir oz jon kuydirsa, joyida yechimini topishi mumkin bo‘lgan masalalar ham anchagina. Masalan, mingbuloqlik Shahnoza Mansurova muqaddam sudlangan va jazoni o‘tab qaytgan turmush o‘rtog‘i O. Qovinovning hujjatlari hudud profilaktika inspektori tomonidan besabab olib ketilganligi, bundan tashvishga tushganligini aytadi. Uni qabul qilgan Ichki ishlar vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 

X. Maxsumov masalaga darhol oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, O. Qovinov ma’muriy nazoratdan chiqarilgan ekan. Agar qonunni buzmasa, uni hech kim bezovta qilmasligi tushuntirildi. Namangan shahrilik Mamasoli Asqarovning onasi Farida Alimbayevani deportatsiya qilmaslik borasidagi murojaati ham qisqa fursatda hal etib berildi. Chunki yashash joyi Qirg‘izistonda bo‘lgan ayol Namanganda vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilgan ekan.

Ommaviy qabul odamlarimizning siyosiy va ijtimoiy qarashlari o‘zgarib borayotgani, chunonchi, ko‘pchilik shaxsiy muammolar bilan o‘ralashib qolmay, jamiyat manfaatini ko‘zlagan masalalarni o‘rtaga tashlayotgani, taraqqiyotga xizmat qiluvchi taklif-mulohazalarni ko‘tarib chiqayotganini ko‘rsatmoqda. To‘raqo‘rg‘onlik Hojinazar Hodinazarov o‘zi yaratgan “Bog‘bon” traylerli zanjirli minitraktori uchun patent olishni maqsad qilgan. Uning izlanishi to‘liq qo‘llab-quvvatlandi hamda ixtirosini nufuzli ko‘rgazmalarda namoyish etish imkoniyati yaratib berildi. Mualliflik guvohnomasiga ham ega bo‘ldi. Namangan tumanining Mirishkor mahallasida istiqomat qilayotgan Mohidil Darvisheva esa nogiron bo‘lgan onasi va ukasining davolanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilganidan mamnun. Kamxarj oilaning uy-joyi ham ta’mirlab beriladigan bo‘ldi.

Aytish joizki, yaqinda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun yurtdoshlarimizning ijtimoiy faollashishiga xizmat qiladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Vatan ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligiga daxldorlik hissi ortib, atrofdagi voqea-hodisalarga hushyor munosabat tuyg‘usi ommaviy qabul jarayonidagi suhbatlarda ham yaqqol sezilib turdi. Shunday bo‘lishi tabiiy. Zero, endi befarqlik o‘rnini jonkuyarlik, fidoyilik egallamas ekan, yuksak marralarni ko‘zlagan maqsadimiz ijobati orqaga surilaveradi.

Yangiqo‘rg‘ondagi qabulga kelgan Kosonsoy, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Uchqo‘rg‘onga tashrif buyurgan Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on tumanlari fuqarolari ham tadbir nihoyatda samarali o‘tganidan qoniqish hosil qildilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?