Muammolar echimini topayaptimi?

11:40 27 Aprel 2018 Siyosat
460 0

Ayni paytda parlament a’zolarining hududlarda o’tkazayotgan ochiq muloqotlari chog’ida odamlarni o’ylantirayotgan masalalar mas’ul mutasaddilar ishtirokida o’z echimini topmoqda.

Chunonchi, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani aholisi xalq vakillari bilan uchrashuvlari ochiq va samimiy o’tayotganidan mamnun bo’lishayapti.

— Deputatlarning uyma-uy yurib, holimizdan xabar olayotgani, tadbirkorlik faoliyatimizni qo’llab-quvvatlayotgani bizni katta ishlar sari ruhlantirmoqda, — deydi Oybek nomidagi mahallada yashovchi Malohat Yo’ldosheva. — Misol uchun, o’zim bog’dorchilikni rivojlantirish maqsadida kredit olishga qiynalib yurgan edim. Deputatlar bilan birga, tuman soliq idorasi boshlig’i ham bu ishga bosh qo’shdi. Ishim ijobiy hal etiladigan bo’ldi, hozirgi paytda kredit hujjatlarini rasmiylashtirayapman.

Xalq vakillari tuman tibbiyot birlashmasi faoliyatini ham atroflicha tahlil qilishdi. Aniqlanganidek, muassasaning bolalar bo’limida dori-darmon vositalari, shoshilinch tez tibbiy yordam bo’limida katta hamda kichik jarrohlik jamlamalari etishmaydi.

Shuningdek, o’rganishlarda tijorat banklari tomonidan parrandachilik, bog’dorchilik, asalarichilik va chorvachilik sohasiga kreditlar ajratishda sustkashlikka yo’l qo’yilayotgani, uzumzorlar, yong’oqzorlar, limonariylarni tashkil etish bo’yicha targ’ibot ishlari talab darajasida emasligi ayon bo’ldi. Bandlik, transport hamda yo’llar holati, bozorlar, savdo va maishiy xizmat sohalarida ham muammolar talaygina.

Oqbuloq mahallasidagi 15-maktabda boshlang’ich sinflar uchun xonalar etishmasligi sababli o’quvchilar uch smenada tahsil olishmoqda. Natijada bolalarning juda kech darsdan qaytayotgani ota-onalarning haqli e’tirozlariga sabab bo’layotir. Shu hamda boshqa muammolarni tezlik bilan bartaraf qilish bo’yicha mutasaddilarga tegishli ko’rsatmalar berildi.

Parlament a’zolari Farg’ona viloyatining Toshloq tumani aholisi bilan muloqotlari davomida bir qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratishdi. Bu xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida atroflicha muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, o’rganishlar davomida 483 ta xonadonga tashrif buyurib, 330 ta masala ro’yxatga olingan. Aholi tomonidan ko’tarilgan muammolar chuqur tahlil qilinib, ulardan 136 tasi joyida hal etildi, 14 ta masala viloyat darajasida, 6 tasi respublika miqyosida echilishi lozimligi sababli tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Xususan, 40 ga yaqin xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari etkazildi, 10-umumta’lim maktabi kompyuter jamlamasi bilan, 6-maktabgacha ta’lim muassasasi esa qo’shimcha 30 nafar bola uchun karavotlar, idish-tovoqlar va gilamlar bilan ta’minlandi, 20 ga yaqin fuqarolar tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. Ishlamay turgan drenaj kollektorlari qayta ko’rib chiqilib, ularni ishga tushirish masalasi hal qilindi. Tumandagi bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari, ya’ni maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, tibbiyot muassasalariga tutash yo’llardagi piyodalar yo’lakchalari hamda yo’l belgilari yangilandi. Tumanda yangi fermer xo’jaligi tashkil etilib, qo’shimcha ish o’rinlari yaratildi.

Umuman olganda, hududda tuman hokimligi hamkorligida bir qator muammolar o’z joyida echimini topdi. Biroq tahliliy o’rganishlar ijro hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari rahbariyatining fuqarolar bilan ishlash, ularning turmush darajasini yaxshilash borasidagi faoliyatida kamchiliklar mavjudligini ko’rsatdi.

Sessiyada tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tibbiyotga oid kamchiliklarning kelib chiqish sabablari hamda bu bo’yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va vakillarining ma’lumotlari eshitildi. Ayni chog’da tuman soliq inspektsiyasi boshlig’i rahbar bo’lgan tegishli sektorda sanitariya-epidemiologik holatning yomonligi, ushbu masalaga tegishli tashkilotlar jiddiy e’tibor qaratmayotgani tanqid ostiga olindi.
Parlament a’zolarining aholi bilan muloqotlari joylarda davom etmoqda.

Tolibjon ERGASHEV,
Elyorjon EHSONOV,
«Xalq so’zi» muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?