Muallim

02:35 01 Oktyabr 2019 Madaniyat
35 0

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Otadek zahmatkash, otadek buyuk,

Onadek mehribon, onadek suyuk.

Kim bor undan ortiq hurmatga loyiq,

Dunyoda tengi yoʻq tabarruk inson -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Qalbin qoʻri bilan koʻzimiz ochgan,

Yoʻlimizga umid urugʻin sochgan,

Qaynoq quchogʻida minglarni quchgan,

Nomi dildan koʻchmas, tillarda doston,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Subhidam tongidek yuragi toza,

Zam-zam bulogʻidek tilagi toza,

Tomirda qoni sof, suyagi toza,

Koʻklam bulutidan olgan andoza,

Qush kabi bezavol, lek koʻksi osmon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Qancha buyuklarga muqaddas beshik,

Saodat uyiga eltuvchi eshik.

Sen oʻsha, dillarga jo boʻlgan qoʻshiq,

Zakovat ziyosi yoritgan boʻston,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Hazrat Navoiyni qoʻlidan tutgan,

Ulugʻbek nigohin yulduzga otgan,

Ne-ne allomalar poyida yotgan,

Maʼrifat tomiga qoʻyilgan narvon -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Goʻdakni ardoqlab, Naqshband etgan,

Qancha Buxoriyni elga tanitgan,

Bizlarga ajdodlar salomin bitgan,

Eng katta boyligi - pokiza iymon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Shogirdlari erur topgan davlati,

Yutugʻidan ortar belda quvvati,

Hammaga barobar, baland himmati,

Saxovat mulkiga kamtarin sulton,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Oʻttizga boʻladi bitta jonini,

Besamar oʻtkazmas biror onini,

Haloldan topadi burda nonini,

Millat ardoqlagan oʻsha sharaf-shon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Ertadan umidvor, bugundan rozi,

Qoʻlidan tushmaydi nafosat sozi,

Olamni titratar oʻtkir ovozi,

Istiqlolga yuzin ochgan guliston -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Qoʻlidan tushmaydi daftar, qalami,

Tilidan tushmaydi hikmat kalomi,

Kattayu kichikka birdek salomi,

Hayot karvoniga benazir sarbon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Har soʻzi javohir - muqaddas kitob,

Urfon osmonida chaqnagan oftob,

Turush turmushining oʻzi bir savob,

Xurofot yoʻliga qoʻyilgan qalqon-

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

Komil Sindarov,

huquqshunos, yuridik fanlari doktori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?