MSK raisi Gulistondagi ijod maktabida mahorat darsi oʻtdi

10:22 30 Sentyabr 2019 Jamiyat
96 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza - Ulugʻbek Elchiyevich Abdusalomov Guliston shahridagi Oʻzbekiston Xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida “Aziz el va buyuk yurt xizmatida” deya nomlangan mahorat darslarini oʻtkazdi.

Taʼkidlandiki, Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab taʼlimini rivojlantirish masalasi buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanmoqda.

Mirza –Ulugʻbek Abdusalomov mamlakatimizda taʼlimga, ayniqsa maktabga boʻlgan yuksak eʼtibor namunalarini aniq misollar bilan ifoda etib berdi. Shuningdek u hayot tajribasi asosida ilmning inson kamolotidagi oʻrni qanchalik muhimligiga toʻxtaldi hamda hozirgi yoshlarning chuqur bilim olishlari uchun yurtimizda barcha zarur imkoniyatlar yaratilganini faxr bilan eʼtirof etdi.

Ayni chogʻda Markaziy Saylov komissiyasi raisi oʻquvchilarga saylovlar boʻyicha ham tushunchalar berdi., Bu muhim siyosiy jarayonning Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida juda katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Soʻngra oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Aytish lozimki, Oʻzbekiston Xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga bu yil dastlabki 120 nafar eng iqtidorli oʻgʻil-qiz 700 dan ziyod oʻquvchi orasidan belgilangan sinovlar asosida tanlab olindi.

-Yurtimizning taniqli kishilari, olimlari, adabiyot namoyandalari bilan uchrashuvlar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratayapmiz, -deydi Oʻzbekiston Xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoil.-Maqsadimiz, ushbu “Mahorat darslari” orqali oʻquvchilar isteʼdodini oshirish, ularni ilm va badiiy ijod olami bilan yanada chuqur va yaqindan tanishtirishdan iborat .


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?