MSK Xalqaro matbuot markazida tezkor axborot almashish uchun barcha sharoitlar yaratilgan

17:06 20 Sentyabr 2019 Siyosat
238 0

Ziyoda Ashurova – “Xalq soʻzi”-onlayn/ Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi majlisi boʻlib oʻtayotgani haqida xabar bergandik.

Ushbu majlis yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi, siyosiy partiyalarning rahbarlari Xalqaro matbuot markazining maxsus bezatilgan zaliga taklif etildi.

Tasma kesilib, Xalqaro matbuot markazi oʻz faoliyatini boshlagani rasman eʼlon qilindi.

Marosimda hozir boʻlgan Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va xodimlari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy va xorijiy jurnalistlarning qarsaklari yangradi.

Saylov kodeksiga binoan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga boʻlajak saylovlarda 135 emas, balki toʻliq 150 saylov okrugidan nomzod koʻrsatish huquqiga ega boʻldi. Oʻzbekiston Ekologik harakatiga berilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Viloyatlarda hududiy boʻlinmalari ham ish boshlagan Xalqaro matbuot markazida Saylovchilarga tezkor axborot berish markazi (Call-center) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi respublika hududi boʻylab abonentlardan markazga chiquvchi bepul qoʻngʻiroqlar amalga oshiriladigan koʻp tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratadi hamda uning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?