“Mozori-Sharif - Toshkent“ yoʻnalishida muntazam avia qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi 

14:11 21 Noyabr 2019 Jamiyat
242 0

Yaqinda Mozori-Sharif shahrida (Afgʻoniston) Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi aviatsiya maʼmuriyati oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi delegatsiyasini Afgʻoniston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining huquq va xalqaro shartnomalar departamenti direktori janob Halilulloh Abaviy qabul qildi.

Muzokaralar davomida aviatsiya qatnovlari sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati hamda kelgusida oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari haqida soʻz bordi.

Kun tartibidagi masalalar boʻyicha konstruktiv fikr almashildi, shuningdek, Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida parvozlarni koʻpaytirish hamda tayinlangan aviakompaniyalarning parvozlari geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha Mozori-Sharif shahridan Toshkentga parvozlarni boshlash uchun huquqiy asos hisoblangan tegishli kelishuvlarga erishildi.

Afgʻon tomoni “Kam Eyr” aviakompaniyasi tegishli tashkiliy-texnik tartibotlar yakuniga yetgandan soʻng Mozori-Sharif shahridan Toshkentga muntazam reyslarni amalga oshirish uchun tayyorligini bildirdi (taxminan joriy yilning dekabr oyida).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?