Moziy va bugunni uygʻunlashtirgan ikki hujjatli film

15:01 01 Fevral 2019 Madaniyat
480 0

Foto: Umid Malikov.

“Islom daraxti Arabistonda ekilgan boʻlsa-da, mevasi Movarounnahrda yetilgan”, deydilar. Chindan ham, Oʻzbekiston koʻplab diniy va dunyoviy bilimlarga ulkan hissa qoʻshgan zotlar, qomusiy olimlar, allomalar Vatani. Yurtimizning dunyoda islom sivilizatsiyasi markazi sifatida koʻrilishi ham bejiz emas, albatta.

Kecha Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan tasvirga olingan ikki hujjatli film — rejissyor Hojimurod Valiyevning “Oʻzbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi” hamda Aleksandr Gamirovning “Xoja Bahouddin Naqshband” hujjatli filmlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Aytish joizki, ularda Oʻrta Osiyolik olimlarning islom tarixida tutgan oʻrni va ularning tafsir, hadis, kalom, fiqh, tasavvuf kabi diniy bilimlar rivojiga qoʻshgan hissalari haqida soʻz yuritiladi.

Foto: Umid Malikov.

 

— Ushbu filmlar orqali tomoshabinlar nafaqat madaniy hordiq oladi, balki yurtimizning nega Islom sivilizatsiyasi markazi sanalishi, sohada olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, shuningdek, yetti pir hamda ularning maʼnaviy va madaniy meroslari toʻgʻrisida ham koʻplab maʼlumotlarga ega boʻladi, — deydi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev. — Bahouddin Naqshband insonni ulugʻlashga, uning moʻtabarligini anglash kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratgan. Inson din uchun emas, din inson uchun yaratilganligini eʼtirof etgan. Milliy gʻururni, oriyat masalalarini koʻtarishga intilgan. Naqshband gʻoyalaridan yoshlarga tarbiya berishda foydalansak, ularni tarixiy xotiraga hurmat, insonlarga mehr-muruvvat, mehnatsevarlik, insonparvarlik ruhida tarbiyalashda qiynalmaymiz.

Tabiiyki, hujjatli film badiiy filmdan tubdan farq qiladi. Shunga qaramay, kino mahsuloti tomoshabinni zeriktirmasligi, unga maʼnaviy ozuqa berishi zarur.

Foto: Umid Malikov.

— Filmni yaratishda gʻoya bilan tasvirning bir-biriga uygʻunlashuvi eng asosiy vazifa hisoblanadi, — deydi “Xoja Bahouddin Naqshband” filmi operatori Umid Malikov. — Biz ish jarayonida “Τalking head” (“Gapiruvchi bosh”)dan, yaʼni televideniyeda keng qoʻllaniladigan usuldan farqli ravishda kameraga “nafas berish”ga, tomoshabinni nafaqat soʻz bilan, balki kuchli dramatik tasviriy yechimlar bilan ham tutib turishga harakat qildik.

Eng murakkab kadrlardan biri ΧΙV asrni bugungi kunga bogʻlash bilan bogʻliq boʻldi, desam, adashmayman. Boisi, bugunning tomoshabini xorij filmlaridagi singari dinamik tasvirlarga oʻrgangan. Tasvirga olish mobaynida hech bir jihatni, hatto eng mayda detallargacha ham, koʻzdan qochirmaslikka harakat qildik.

Taqdimotdan soʻng bir guruh yoshlarning fikri bilan qiziqdik.

Foto: Umid Malikov.

— Bir guruh tengdoshlarim bilan “Oʻzbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi” hamda “Xoja Bahouddin Naqshband” hujjatli filmlarini katta qiziqish bilan tomosha qildik, — deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti magistranti Alisher Boymurodov. — Tariqat ilmining peshvolaridan biri boʻlgan Bahouddin Naqshband bobomizning dunyoga kelishi va kamol topishi haqida biz bilmagan koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik. Biroq film asosan uning ustozi boʻlmish Samosiy hazratlariga bagʻishlangandek tuyuldi. Ehtimol, Naqshband hazratlarining amalga oshirgan ishlari, asarlariga, umuman, ularning siymosiga koʻproq urgʻu berilganida, film nomiga yarasha uygʻunlik kasb etarmidi?

“Oʻzbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi” filmida esa hozirgi davr siyosatiga hamohang ravishda rivojlanib borayotgan diniy masalalarga keng eʼtibor qaratilibdi. Biz, yoshlar dunyoviy ilmlarni egallash bilan bir qatorda, diniy bilimimizni ham oshirib borishimiz zarur. Bu borada mana shunday hujjatli filmlarning ahamiyati katta ekanini his qildik.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?