Moviy koʻzli atom mega-loyihasi

17:52 22 Oktyabr 2019 Dunyo
263 0

U qanday qilib butun mamlakat hayotini oʻzgartirmoqda?

Biz, oʻzbekistonliklar belaruscha mehmondoʻstlik va umuman ushbu mamlakat haqida nimalarni bilamiz? Brest qahramonlari, Belovej oʻrmoni, Yakub Kolas, “Syabri” (“Doʻstlar” ansambli), oʻsha yerda ishlab chiqarilgan yuk mashinalari va traktorlar haqida eshitganmiz, xolos. Menimcha, asosiy bilganlarimiz roʻyxati shu boʻlsa kerak.

Demak, bu boradagi bilimlarimiz u qadar koʻp emas, haminqadar. Masalan, hamma ham Sineokaya (Belarusdagi koʻp sonli koʻllarni shunday deb atashadi) haqida bilmasa kerak. Vaholonki, bu joy yaqin orada yangi diqqatga sazovor joyga aylanadi. Hatto mazkur maskan hozirning oʻzidayoq turli davlatlardan yuzlab jurnalistlar eʼtiborini oʻziga tortyapti. Gap mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi haqida ketyapti.

Oʻzbekistonning oʻz AESi esa taxminan oʻn yildan keyin paydo boʻladi. Muxbirimiz bu boradagi ulkan loyiha qanday qilib butun mamlakat hayotini oʻzgartirib yuborganini bilish uchun Belarusga borib keldi. Bu esa unga yurtimizning bu boradagi yaqin kelajagi haqida tasavvur hosil qilishiga ham imkon berdi.

1 kilovatt uchun 1300 soʻm

Yetib borishim bilan bir savol tugʻildi: belaruslarga atom stansiyasi oʻzi nima uchun kerak? Chunki shu paytgacha mamlakat biror marta elektr energiyasi tanqisligini boshdan kechirayotganini eshitmagan edik.

Keyin ayon boʻlishicha, muammo hajmda emas, sifatda ekan. Binobarin, ushbu davlatda nominal elektr manbalari diversifikatsiya qilingan. Masalan, garchi respublika issiq iqlimga ega boʻlmasa-da, quyosh elektr stansiyalari mavjud. Lekin energetika “oila”siga baribir gaz “xoʻjayinchilik” qilyapti. Quvvatlarning qariyb 95 foizi aynan ushbu turdagi yoqilgʻi hisobidan ishlab chiqarilmoqda. Ammo oʻzlarida gaz deyarli yoʻq va asosan, import qilinadigan qimmat “zangori olov” yoqilayotir. Boz ustiga, u oʻzidan yogʻli uglerodli izni ham qoldirmoqda. Aholi esa 1 kilovatt/soat uchun 6,1 sentdan 7,2 sentgacha (bizning pulda 570-680 soʻm), yuridik shaxslar esa 14,1 sentgacha(1330 soʻmgacha) toʻlaydi.

Shuning uchun ham energetika tizimida atom stansiyasi paydo boʻlishi mantiqiy qadam sifatida qabul qilindi. Albatta, bunda energetika xavfsizligi masalasi eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Belarus energetika vaziri oʻrinbosari Vadim Zakrevskiyning fikricha, bu ustuvor vazifalardan biridir.

Isteʼmolchilar esa zamonaviy texnologik qurilmalarda ishlab chiqarilgan arzon, raqobatdosh va ishonchli elektr energiyasiga ega boʻlishlari kerak. Sineokayadagi ushbu talablarga javob beradigan manba bugun foydalanishga deyarli tayyor. AES mamlakat ehtiyojining 30 foizini taʼminlaydi. Natijada gazli, qolaversa, faqat bitta manbaga bogʻlanib qolgan manbalar ulushi 60 foizgacha qisqaradi.

Yuqoridagilarga uygʻun ravishda shu kabi loyihalar yaqin kelajak manzaralarida ham oʻz ifodasini topyapti. Ekspertlar urbanizatsiya, raqamli texnologiyalar va sanoatlashuvni dunyoni oʻzgartirayotgan uchta trend deb eʼtirof etishmoqda. Energiyaga boʻlgan talab oʻsyapti. Hisob-kitoblarga koʻra, yaqin oʻn yilda u ikki barobar oshadi, shahar aholisi esa ikki-uch milliardga yetadi. Bu infratuzilmalar uchun juda katta miqdorda yuklanish deganidir. Biz raqamli texnologiyalar, ohanraboli yostiqchalar ustidagi tezyurar poyezdlar haqida gapirishni yaxshi koʻramiz, elektromobillar yaratganlarni zamonamiz qahramonlari deb bilamiz. Ammo yaqin yillar uchun oddiy holga aylangan bunday narsalar aslida “juda ochkoʻz” boʻlib, yuqori kuch va kuchlanishdagi energiya bilan oziqlanadi. Masalan, elektromobilni olib koʻraylik. Uni tom ustiga qoʻyilgan quyosh paneli orqali, aytaylik, bir yoki undan koʻp vaqtda quvvatlantirish mumkin. Energiyaning anʼanaviy manbasidan esa akkumulyator ancha tez “toʻyinadi”. Farqni sezyapsizmi? Agar prognozlarni hisobga oladigan boʻlsak, 2050-yilga borib elektromobillar va gibrid dvigatelli avtoulovlar butun dunyodagi yengil mashinalar parkining yarmini tashkil etadi. Bu yuqoridagi kabi savolni qayta berishga hojat qoldirmaydi.

Havas qilgulikatomchilar shahri

Mamlakat poytaxtidan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan Grodnensk oblasti Ostroves tumani tarixi taxminan olti asrga teng. Biroq oxirgi oʻn yilda mazkur zaminda voqealar tom maʼnoda qaynay boshladi. Sababi, oʻsha paytda tumandan 20 kilometr uzoqlikda Belarus atom elektr stansiyasi barpo etilishi maʼlum boʻlgandi.

Asr qurilishiga mutaxassislar olib kelindi. AES ekspluatatsiyasi bilan band ishchi-xodimlarning 30 foizi atrofdagi tumanlar aholisi ekanligi eʼtiborga loyiq. Bunyodkorlik ishlariga tumandagi tashkilotlar jalb etildi. Zero, kelgusida aynan ushbu korxonalar taʼmirlash va rekonstruksiya jarayonlarida ham qatnashadi. Ishchilarni joylashtirish uchun koʻp qavatli uylarni bunyod etish boshlandi. Buning ortidan maktablar, doʻkonlar, ovqatlanish nuqtalari paydo boʻldi. Keng yoʻllar solindi, binolar fasadlari yangi yorqin ranglarda jilvalandi. Tuman markazidagi qishloq (posyolka) shu qadar tez qad rostladiki, pirovardida u oʻz maqomini oʻzgartirishiga ham toʻgʻri keldi. Bir necha yil oldin Ostrovesni shahar deya qayta nomlashdi.

Belarus AES bosh direktori Mixail Filimonovning soʻzlariga koʻra, Ostroves yashash fondi boʻyicha sezilarli yutuqqa erishdi. Ushbu mega-loyiha boshlangan 2008-yildan buyon ikki barobar koʻp turarjoy qurildi. Yaqin kunlarda shaharda tibbiyot majmuasi ham ochiladi.

Bu yerda qurilgan qator yangi binolar kishi havasini keltiradi. Oʻzbekistonning birinchi AESi qad rostlaydigan Forish tumanida esa hozircha manzara umuman boshqacha. Lekin bir necha yil oʻtib oʻzaro tutashib ketgan infratuzilmalar yangi atomchilar shahri Jizzax viloyatiga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib tushadi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, “atom klubi” davlatlaridagi stansiyalarga yaqin hududlardagi ish haqlari oʻrtachadan 40 foiz koʻp ekan. Bu pullar forishliklarga ham ortiqchalik qilmaydi.

Shov-shuvlar ortidan quvib

“Gazeta toʻqimasi” tushunchasi bugungi kunga kelib “feyk” deya qayta nom oldi. Lekin u qanday atalishidan qatʼi nazar, tekshirilmagan yoki yolgʻon axborot rostdan ham uzoq umr koʻrishi mumkin ekan.

Tasavvurimizda yuz yil ortga qaytamiz. 1909-yil Belarusning birinchi “Nasha Niva” gazetasida tasvirli xabarcha beriladi.

Ostrovesdan uncha uzoq boʻlmagan qishloqda yashovchi odamlardan biri jurnalistga 1908-yil 17-dekabr tongida momaqaldiroq gumburlab, uning uyidagi deraza oynalari zir titragani haqida gapirib beradi. Shunda gazetachi shov-shuv “hidi”ni sezib, xulosa chiqaradi va yozadi: “Bu zilzila edi!”

Tub aholi xabarni ekzotika deb hisoblaydi. AES qurilishiga qarshilar esa ushbu maqolaga juda jiddiy qarashdi va qarashmoqda. Ular shu asosda atom elektr stansiyasi qurilayotgan hududni seysmik jihatdan xavfli hudud ekanligini tasdiqlashadi. Shu paytda besh, olti va hatto yetti ball haqida gap ketadi.

Belarus atom stansiyasi qoshida tashkil etilgan axborot markazida manbalar chuqur oʻrganildi, mahalliy aholi oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Ammo Ostrovesda yer qimirlagani boʻyicha hech qanday maʼlumot topilmadi. Hatto vayronalarning biror iziga duch kelinmadi. Bu yerdagilar hududning seysmikligi haqidagi afsona faqat yuqorida aytib oʻtilgan qingʻir maqolachaga asoslanishiga ishonchlari komil.

Gap AES xavfsizligi parametrlari haqida ketganda esa ushbu joydagi har bir inson ularni nafaqat zarrabin, balki mikroskop ostida koʻrishga tayyor. Rossiya sanoat ekologiyasi instituti radiatsiyaviy laboratoriya mudiri Aleksey Yekidinning fikricha, aholi koʻpincha xavfni ortiqcha baholab yuborsa, AES keltirishi mumkin boʻlgan xatarlarni yoʻq qilish boʻyicha ishlarga yetarlicha baho bermaydi. Boshqa tomondan qatʼiy talablar va jiddiy jamoatchilik nazorati loyihachilar, quruvchilar hamda olimlarni loyihani risoladagidek amalga oshirishlari sari ruhlantiradi. Shundan six ham, kabob ham kuymaydi.

Belarus AESga “3+” avlodidagi VVER-1200 reaktorlari oʻrnatilgan. Oʻzbekistonda ham xuddi shundaylari paydo boʻladi. Bu nafaqat taraqqiyparvar muhandislik gʻoyalari mevasi, balki Chernobil va Fukusimada yoʻl qoʻyilgan xatolar ustida ter toʻkib ishlangan, mehnat qilinib, erishilgan natijadir.

Mutaxassislarning tasdiqlashicha, loyihada eng zamonaviy vositalar va tizimlar qoʻllanilgan: bir-birini takrorlovchi toʻrtta xavfsizlik tizimi kanali, erishni bartaraf etuvchi qurilma, reaktor inshootining ikki qavatli himoya qobigʻi, vodorodni yoʻq qilish tizimi, issiqlikni passiv qaytarish tizimlari shular jumlasidandir. Qolaversa, tashqi taʼsirlardan muhofazalanish ham nazarda tutilgan. Agar reaktor zalida nimadir sodir boʻlsa, u holda barcha radiofaollik himoya qobigʻi ichida qoladi. Agar reaktordagi suv ulkan choynakdagi kabi bugʻga aylansayu ichkaridan qopqoqqa bosim oʻtkazsa, u holda ham qobiq ushbu ulkan bosimni ushlab qola oladi. Energiya bloki tashqarisi ustiga samolyot qulasa ham, buzilmay turaveradi.

Belarus AES bosh muhandisi Anatoliy Bondar aytib oʻtganidek, stansiya zarur stress-testlardan oʻtkazildi. Sinovlar energiya bloklarni ularning toʻliq oʻchib qolishi bilan bogʻliq xavf, shu jumladan, Fukusimadagi boʻlgani kabi suv toshqini, sunami, zilziladan himoyalanganini tasdiqladi. Shunday qilib xavfsizlik boʻyicha hech qanday kamchiliklar aniqlanmadi, demak, hech qanday jiddiy amaliyotga ham hojat yoʻq, ishning chalasi qolmagan.

Shubha-gumonlardan xoli klub

Zamona haqiqatlari zamon xatarlarini yuzaga keltirayotgani rost gap. Mana, misol uchun, shu yil sentyabr oyida neft bozorlari Saudiya Arabistonida roʻy bergan voqeadan soʻng xavotirga tushib qoldi. Oʻshanda dronlar va raketalar “qora oltin” quduqlari hamda uni qayta ishlash zavodlariga hujum qilgandi. Oqibatda strategik obyektlar havo hujumi oldida ojiz ekanligi maʼlum boʻldi.

Belarus AESni shu kabi tahdidlardan mamlakat mudofaa vazirligining zenit-raketa harbiy qismi himoya qiladi. Uning komandiri Andrey Dolbikning soʻzlariga koʻra, eng zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan jihozlangan hamda aʼlo darajadagi tayyorgarlikdan oʻtgan shaxsiy tarkibga ega jamoa atom elektr stansiyasini ishonchli himoya qilyapti.

AES qoshida yongʻinga qarshi kurashish va qutqarish qismi ham faoliyat yuritayotir. Uning komandiri Konstantin Lazovskiyning taʼkidlashicha, favqulodda holatni bartaraf etish uchun “trevoga” eʼlon qilingan vaqtda jamoa bir daqiqaga yetar-yetmay yigʻiladi. Tasarrufida eng yaxshi oʻt oʻchirish mashinalari, pnevmatik asbob-uskunalar va yana boshqa koʻp narsalar mavjud qutqaruvchilar esa qisqa muddatlarda yongʻinni oʻchirish, vayronalar orasidan odamlarni chiqarib olish, zararli moddalar sizib chiqayotgan nuqtalarni bartaraf etishga qodir.

Shunday qilib Belarus AESni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Bizniki esa hozircha qogʻozda. Ammo guvoh boʻlganlarim asnosida uni roʻyobga chiqarish favqulodda foydali ekanligiga ishonch hosil qildim. Va yana shuni angladimki, xavfsizlik tizimlari ishga solinishi va reaktorlar himoya qobigʻi mustahkamligi boshqa payt ham sinovdan oʻtkazilishi ehtimoli juda kam. Biroq ular hamisha jangovar shay holatda ekanligi koʻngilni tinchlantiradi. Buni qandaydir vahimachi-mualliflar (bundaylar kam emas) yozgan matnlarni oʻqib emas, balki oʻzim koʻrib ishonch hosil qilganim uchun aytyapman.

Doim fitna qoʻzgʻovchi soxta tahlilchilarning yana bir fikrini eslab oʻtish lozim. Ular Oʻzbekistondagi AESni Rossiya davlat korporatsiyasi qurayotganiga eʼtibor qaratishmoqda. Barcha ishlab chiqarish sikli (asbob-uskunalarga xizmat koʻrsatishdan tortib yoqilgʻini utilizatsiya qilishgacha) kadrlarimiz oʻzlashtirmayapti, balki bu bilan RFdan kelgan mutaxassislar shugʻullanyapti, deyishmoqda ular. Goʻyoki bu energetika tarmogʻi mustaqilligini boshqa mamlakatga bogʻlab qoʻyar ekan.

“Manʼo” tadqiqot markazi direktori Baxtiyor Ergashev bu borada “paranoyya” (shubha-gumon yoki ishonchsizlik)ga berilmaslikni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, “Rosatom” davlat korporatsiyasi endigina “atom klubi”ga qoʻshilayotgan koʻplab davlatlarda AES qurgan va bundan keyin ham quradi. Ularda xuddi Oʻzbekistondagi kabi hozircha oʻz mutaxassislari yoʻq. “Rosatom” esa shartnomalar doirasida mahalliy kadrlarni tayyorlab berish majburiyatini ham oʻz zimmasiga olgan. Natijada kelgusida ular AESdan foydalanish layoqatiga ega boʻladi. Binobarin, bu mamlakatlar biroz vaqt energetika quvvatlarining bir qismini boshqa mamlakat mutaxassislari boshqarishidan qoʻrqishmaydi. Zero, ilgari bunday obyekti boʻlmagan davlatlarga AES qurayotgan kompaniyalar doim shunday amaliyotni qoʻllab kelishgan.

“Aksincha, atom energetikasi nafaqat iqtisodiyot, sanoatni jadallashtiradi. Balki bu alohida klub, bilimlar industriyasidir”, deb hisoblaydi bolgariyalik radioekologiya boʻyicha ekspert, texnika fanlari doktori Yanko Yanev. Shunday ekan, bu yerda barcha bilimlar, sivilizatsiya yutuqlari yigʻiladi. Oʻzbekiston, shubhasiz, ushbu klubga qoʻshilishdan faqat yutadi.

Ruslan KENJAYEV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?