Motopatrul avtopatruldan qanday jihatlari bilan afzal? ​

15:20 30 Aprel 2018 Jamiyat
991 0

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi skuterlarda harakatlanadigan motopatrul xizmatini tashkil etish bo‘yicha qiziqarli tashabbusni hayotga tatbiq etdi. 

Dastlab sinov tariqasida shaharning markaziy qismida faoliyat olib boradigan post-patrul xizmati xodimlariga skuterlar berildi. Nega mototsikl emas, aynan mazkur transport vositasi, dersiz.

Bu savolga javob juda oddiy. Mototsikl — quvvati kattaroq mashina va 100 km/soat tezlikka uch soniyaga yetar-yetmas chiqa oladi. Tabiiyki, mazkur jihat yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun qulay.

Post-patrul xizmati xodimlari uchun esa skuterdagi xususiyatlarning o‘zi kifoya: dvigatel hajmi 49 kub santimetr va tezligi 50 km/soat. Demak, avtopatruldan farqli ravishda motopatrulda harakatchanlik, ixchamlik va manyovrchanlik ko‘proq. Qolaversa, skuterning narxi mototsiklnikidan ko‘ra ancha arzon. 
“Skuterning ustunligi shundaki, u avtomobillar o‘ta olmaydigan joylar: chekka tumanlar va boshqa yashash massivlaridagi tor ko‘chalar, to‘siqlar, garajlar o‘rtasidagi so‘qmoqlardan ham yengilgina o‘tib ketaveradi. Tungi vaqtlarda esa, motovositalardan farqli ravishda o‘z shovqini bilan mahalla va kvartal aholisini uyg‘otib yubormaydi.

Piyodadan ko‘ra motopatrul ancha tez ham. Shunga yarasha odamlarga yordam tezda yetib keladi, ro‘y bergan voqeani aniqlab, chora ko‘rish tezkorligi ortadi”, - deyiladi “Sputnik” xabarida. 

Agar mazkur sinov o‘zini oqlasa, kelgusida motopatrullar soni sezilarli oshiriladi, shuningdek, ular harakatlanadigan yo‘nalishlar tarmog‘i kengaytiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda Toshkentda, qolaversa, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ilk motopatrullar paydo bo‘lgandi. Poytaxtda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yangi otryadi hukumat va boshqa delegatsiyalarni kutib olish va ularni kerakli joyga yetkazib qo‘yish ishlariga jalb qilinmoqda. Mazkur otryad “Honda” markasidagi mototsikllar bilan ta’minlangan.  
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?